Ko‘z birla qoshing yaxshi, qabog’ing yaxshi,
Yuz birla so‘zing yaxshi, dudog‘ing yaxshi,
Eng birla menging yaxshi, saqoqing yaxshi,
Bir-bir ne deyin boshtin-ayog‘ing yaxshi.
Alisher Navoiy ushbu ruboiysida mahbubaning ko‘z, qosh, qaboq (ko‘z bilan qosh oralig’i) yuz, so‘z, dudog‘ (lab), eng (chehra), meng (xol), saqoq (iyak, baqbaqa)larining yaxshiligi, ya’ni mutanosibligi — yorning „boshtin-ayog‘i yaxshi“ligini isbot qilmoqda; uning go‘zal qiyofasini jonlantirmoqda. Bu tanosibning dilbar namunasidir.
Tajnis (arabcha — jinsdosh) aytilishi va yozilishi bir xil, ammo ma’nolari har xil bo’lgan — jinsdosh so‘zlar orqali obraz, lavha, kechinma, tuyg‘uni ta’sirchan ifodalash san’atidir. Uni jinos (hamjins) deb ham ataydilar.
Qaddimni firoq mehnati yo qildi,
Ko‘nglim g‘am-u anduh o‘tig‘a yoqildi,
Holimni sabog‘a aytib erdim, ey gul,
Bilmam, sanga sharh qilmadi yo qildi.
(Zahiriddin Bobur)
„Yoqildi“ so‘zi uch marta boshqa-boshqa ma’nolarda ishlatilgan. Ayni paytda, so‘z o‘yinini vujudga keltirib, ohangdoshlikni yaratgan. Bundan tashqari harflar soni ham, harakat-u sukuni ham, hijolar miqdori va sifati ham bir-biriga muvofiqdir.
Tashbeh (arabcha — o‘xshatish) san’atini yuzaga keltirish uchun shoir biror narsani ikkinchi biror narsaga o‘xshatadi. „Tashbehdan maqsad: o‘sha o‘xshatilgan narsani aniqroq tasavvur etish; butun ta’sirchanligi bilan ko‘z oldiga keltirish; o‘xshatib suydirish va o‘xshatib bezdirish; o‘xshatib maqtash va o‘xshatib rasvoyi jahon qilish“. ( V Rahmonov) Tashbehning xillari ko‘p, uning ba’zilari quyidagicha nomlanadi: tashbehi mutlaq, tashbehi kinoyat, tashbehi mashrut, tashbehi izmor, tashbehi musalsal va h. k.
Osh yesalar o‘rtada sarson ilik,
Xo‘ja —chiroq yog‘i, Hakimjon — pilik.
Tamsil (arabcha — misol keltirish) professor Anvar Hojiahmedovning yozishicha, she’r baytining birinchi misrasida ifodalangan fikrga dalil sifatida ikkinchi misrada hayotiy bir hodisani misol qilib keltirishga asoslangan san’atdir...
Lutfiyning:
Ey ko‘ngil, jonni xayoli olida qil peshkash,
Har nima bo‘lsa aziz, eltur kishi mehmon sori
baytida ikkinchi misrada keltirilgan hayotiy hodisa — mezbonning o‘zi uchun eng aziz bo’lgan narsani mehmon oldiga qo‘yishi birinchi misradagi fikr qiyosi emas, balki dalili, tasdiqiga xizmat qiladi. Baytdagi „Har nima aziz bo’lsa, kishi mehmoniga tutadi, shuning uchun, ey ko‘ngul, sen ham joningni, ya’ni eng aziz narsangni yor xayoliga peshkash qil“ mazmuni ham tamsil mohiyatini ko‘rsatib turibdi (A. Hojiahmedov. „She’r san’atini bilasizmi?“ 7- bet).
Qalb (arabcha — chappa, teskari ma’nosi ham bor) san’ati bayt yoki baytdagi biror so‘zni o‘ng va teskari holatlarda (non, amma kabi) bir xil o‘qilishi bilan bog’liqdir.
„Alisher Navoiy shahzoda Abobakr mirzoga adabiy saboqlar berar ekan, unga qalb san’atini ham o‘rgatgan. Kunlarning birida Abobakr mirzo ustozi huzuriga kirib: „Men bir qalb so‘z topdim“,—debdi. Navoiy „Qaysi?“, — degan ekan, shahzoda „Qovoq“, — deb javob beribdi. Navoiy shahzoda topqirligidan mamnun bo’lib, „Shobosh!“— debdi.
Adabiy dahomiz aytgan ana shu birgina so‘zga ahamiyat beraylik: birinchidan, vaziyatni hisobga olaylik; o‘quvchi bir san’atga misol topib aytgani uchun ustoz uni „Shobosh!“ („Yasha! Qandingni ur, balli!“) deb maqtadi.
Ikkinchidan, shogirdi qalb so‘z topgan edi, ustozning mamnuniyati qalb so‘zda ifodalandi. Darhaqiqat, shahzoda aytgan „qovoq“ va Navoiy javobidagi „shobosh“ so‘zlarining har ikkisi ham o‘ng va teskarisidan o‘qilsa, o‘sha so‘zlarning o‘zi takrorlanadi.
Uchinchidan, bu so‘zning yasalishi va kimga aytilganini hisobga olsak, „shobosh“ning yangi ma’nosi yuzaga chiqadi: mumtoz shoir bu so‘zni shahzodaga „shobosh“, ya’ni podshoh bo’lgin, degan niyatda ham aytgan... (V. Rahmonov. „She’r san’atlari“, 69-bet).
Bu san’at Polindromon (grekcha — qaytuvchi) deb ham yuritiladi. Unda ham she’r misralari o‘ngdan chapga va chapdan o‘ngga o‘qilganda bir xil bo’lgan, badiiyligi esa muayyan tilning tuzilishiga bog’liq sanalgan. Xitoy tilida ko‘plab g‘oyaviy-badiiy baquvvat polindromonlar uchrasa, rus tilida yaratilgan polindromonlar (masalan, V. Xlebnikovning „Razin“ poemasi shu shaklda yaratilgan) yasamaroq va sun’iyroq ekanligini yaqqol ko‘rish mumkin: „Раб, нежъ жен бар” kabi. Shoir A. Fet ijodida ham polindromonlar uchraydi: „A роза упала на лапу Азора“...
* * *
„Milliy tilni yo‘qotmoq millatning ruhini yo‘qotmoqdir“ (Abdulla Avloniy). Millat ruhini yo‘qotmaslik uchun uning badiiy nutqi ham doimo zavqli, nozli va haqli bo’lishi, undan oziqlanuvchi keng kitobxonlar huzurlanishi zaruratdir. Bitta isbotga e’tibor beraylik. Ma’lumki, xalqimiz tabiatan nihoyatda sharm-hayoli, iffatli, odobli xalq. Har qanday sharmandali yoki og’ir jinoiy ish yuz bergan taqdirda ham „Uyatli ish bo’libdi“, „Uyalmadingmi?“, „Ha, senday odamga uyat“ , deya qahr-g‘azabini izhor qiladi. Yomon so‘zlar bilan so‘kmaydi yo xafa qilmaydi. Lekin „Uyat — o’limdan qattiq“ ekanligini eslatib gapiradi.
Akademik Salohiddin Mamajonov xalqimizning ana shu tabiatiga, milliy ruhiga, yashash tarzi va urf-odatiga xos „Uyat“ so‘zini Abdulla Qodiriy o‘rinli ishlatganini mohirona tekshiradi:
„Qutidor titroq va hayajonli bir tovush bilan:
— Uyatsizga mening uyimda o‘rin yo‘q, uyatsiz bilan so‘zlashishga ham toqatim yo‘q“, — deydi. Otabek keyin bu yerga necha bor bormoqchi bo’ladi, „lekin boyagi „uyatsiz“ jumlasi bilan uning kirish fikri tamoman so‘ngan edi“, deb uqtirdi yozuvchi.
Qarang, Kumush va uning ota-onasi orzusidagi barkamol yigit endi ular nazdida o‘z ma’no-mazmunini yo‘qotdi, hatto uning ismini aytishga ham tillari bormaydi. Oftoboyim Kumushga qarab, „Sen yaxshi bilki, bundan so‘ng otang uyatsizga o‘z uyidan joy bermaganidek, uyatsizning o‘zi ham uzil-kesil seni tashlagandir“, deydi. Kumush ham „Men bu uyatsiz yirtqich bilan yarashmoq uchun umid tutmayman“, deb ahd qiladi („Xalq so‘zi“ , 22-noyabr 2002-yil).
Demak, badiiy nutqning alifbosini bilmoq hamma hazrati insonlar uchun keraklidir. Chunki odamning baxti va baxtsizligi taqdirga qanchalik bog’liq bo’lsa, uning nutqi (tili)ga ham shunchalik bog’liqdir. So‘z insoniylikning o’lchovidir, iymonning ko‘rsatgich belgisidir, xarakter va axloq-u odobining ko‘zgusidir, ruhiyatning izhori va jarchisidir, aqlning tarozisidir. Tan jon bilan tirik bo’lgani kabi, inson so‘zi bilan tirik, aziz, umriboqiydir. Shu asoslar sabab, so‘zga juda ehtiyotkorlik bilan, muhabbat bilan, halollik bilan, ilm bilan qadr-qimmatiga yetib foydalanish shart. Ayniqsa, „Roman yozganda ham, bir sahifa hikoya yozganda ham iymon bilan yozish kerak. Adabiyot degani, bu — iymon“, deganda yozuvchi Ne’mat Aminov haqdir...
Do'stlaringiz bilan baham: |