1. Muallifning hayotga munosabati nuqtayi nazaridan. San’atkor „hamma tasvirlanayotgan shaxslarni harakat etuvchi va faol shaxslar sifatida“ (Aristotel) tasvirlaydi. Bunda xatti-harakat — voqea bizga birdaniga va tamom tayyor bo’lib qolgan holda ko‘rinmaydi, bizdan yashiringan samarador kuchlardan chiqqan, o‘z ichida erkin bir doira chizgan va keyin o‘z ichida taskin topgan voqea sifatida ko‘rinmaydi — yo‘q, bu yerda biz xatti-harakatning individual ifodalar va xarakterlardan boshlanish, kelib chiqish protsessining o‘zini ko‘ramiz (V. Belinskiy). Bu dunyoning obyektiv va subyektiv tomonini birlashtirib, shaxs harakati orqali tasvirlashdir.
2. „Vaqt hissi“ nuqtayi nazaridan. „Temir xotin“ (Sh. Boshbekov)ni tomosha qilar ekansiz, unda Qo‘chqor, Olimtoy, Alomat kabi obrazlar bilan bog’liq hayotiy voqealar ko‘z oldimizda hozir bo’lib turgandek, bo’lib o‘tayotgan voqealardek namoyon bo’ladi.
3. Hajmi va tashqi ko‘rinishi jihatidan. Dramaning hajmi taxminan 2,5 — 3 soat mobaynida ko‘rsatishga mo’ljallangani uchun, unchalik katta bo’lmaydi. U dialog va monologlardan, sahna va pardalardan tashkil topadi, ijrochilar — artistlar orqaligina asarning mazmuni ro‘yobga chiqadi.
4. Xarakter. Hayot go‘yo bir azim daryo bo’lsa, drama ana shu azim daryoning tezoqar, eng nishab joylarini tasvir predmeti qilib oladi (I. Sulton). Lev Tolstoyning fikricha, drama bizga odamning butun hayotini hikoya qilib berish o‘rniga, shu odamni shunday vaziyatga qo‘yishi va shunday bir tugun bog’lamog’i kerakki, bu tugunni yechish mahalida odam butunligicha ro‘yobga chiqsin. Tolstoy aytgan „vaziyat“ va „tugun“ esa doimo inson hayoti oqimining eng shiddatli paytlariga to‘g‘ri keladi: xuddi shunday „vaziyat“ va „tugunlar“ mavjudligida inson eng faol ruhiy hayot bilan yashaydi, voqealar girdobida javlon uradi, ehtiroslar olovida yonadi, chiniqadi78.
Shuning uchun ham dramadagi xarakterlar va ular xarakteridagi biror qirra g‘oyatda bo‘rttirilgan bo’ladi. Jumladan, Otelloda rashk, Muqannada ozodlik uchun fidoyilik o‘ta mubolag‘alidir.
5. Sujet. Dramada sujet xuddi eposdagidek sokin, mukammal bo‘lmaydi va u voqeaga bog’lanmaydi, balki u tez va shiddatli dramatizmga judayam boy bo’ladi. Sujet dramadagi xatti-harakat bilan mustahkam bog’lanadi. Unda tig’izlik va shiddatni, „ayovsiz“ olishuvni sekinlatadigan hayotiy tafsilotlar emas, balki yanada rivojiga turtki beradigan voqealar tanlanadi va ular zanjirsimon — bir-biridan kelib chiqadigan tarzda voqe bo’ladi. Shu xislati tufayli undagi xarakterlar kutilmaganda o‘zligini yaqqol ko‘rsatadi va „tanish bo’lgan notanish“lar taqdiri bizning ko‘z o‘ngimizda namoyon bo’ladi.
6. Badiiy til. Dramada muallif nutqi (remarkalarni hisobga olmaganda) ishlatilmaydi. Personajlar o‘zlarini o‘zlari va bir-birlarini so‘z orqali ochadilar. Dramada ishlatiladigan gaplar — sodda, qisqa va ravon bo’ladi. Ularda tomoshabin tushunmaydigan bironta ham so‘z yoki ibora ishlatilmaydi.
Ushbu farqli xususiyatlar va qonun-qoidalarni istagancha davom ettiraverish mumkin. Lekin shu aytilgan gaplardan ayonki, har bir tur hayotning u yoki bu tomonini shunday yorqin va batafsil ifoda etadiki, bunga boshqa tur qodir bo’lmaydi. Izzat Sulton asosli ta’kidlaganidek, „Epik yoki lirik asar bajargan o‘ziga xos g‘oyaviy-estetik vazifani drama to’la ravishda bajarolmaydi: dramatik turda epik turga mansub bir qancha sifatlar (hayotni juda keng qamrab olish, uning turli ko‘rinish va jilolarini bir asarda aks ettira bilish va hokazo) yo‘q. Dramatik tur hayotni shaxsning ehtirosli hislari orqali, yuraklarni larzaga soluvchi oniy holatlarda ko‘rsatish qobiliyatiga lirika darajasida qodir emas.
Xullas, adabiy turlar bir-birlarini to’ldirib yashaydi va bir-birlarining ojizliklarini „qoplab ketadi“. Ularning har biri ham inson ruhining turlicha holatini aks ettiruvchi vositalar bo’lib, teng huquqli va juda zarurdir“ („Adabiyot nazariyasi 236- bet).
Do'stlaringiz bilan baham: |