Mavzuning nazariy - amaliy ahamiyati. Bitiruv malakaviy ishida fermer xo'jaliklarida ishlab chiqarish xarajatlari hisobi hamda ular mahsuloti tananarxini aniqlash bo'yicha keltirilgan xulosa hamda takliflardan Respublikamiz fermer xo'jaliklarida hisob va iqtisodiy tahlil ishlarini tashkil etish va amalga oshirishda foydalanish hamda bitiruv malakaviy ishidagi ko'pgina nazariy qoidalarni o'quv yurtlarida iqtisodiy fanlarni o'qitish jarayoniga tadbiq etish maqsadga muvofiqdir.
Bitiruv malakaviy ishni amaliy ahamiyati uning asosiy natijalarini Respublikamiz fermer xo'jaliklarida ishlab chiqarish xarajatlari hisobi hamda ular mahsuloti tananarxini aniqlash bo'yicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda qo'llash mumkinligi bilan belgilanadi. Bundan tashqari, tadqiqot natijalari fermer xo'jaliklarida ishlab chiqarish xarajatlari hisobi hamda ular mahsuloti tananarxini kalkulyatsiya qilish jarayonini takomillashtirishda axborotlarning to'liq va aniq aks ettirilishini ta'minlaydi.
BMI tarkibining qisqacha tavsifi. Bitiruv malakaviy ishi kirish qismi, mazmunan bog'langan uchta bob, 6 savol, xulosa qismi, foydalanilgan adabiyotlar ruyxati va ilovalardan iborat.
I BOB. BOZOR MUNOSABATLARI SHAROITIDA KO'P TARMOQLI FERMER XO'JALIKLARIDA ISHLAB CHIQARISH XARAJATLARI HISOBINI TASHKIL ETISHNING NAZARIY
ASOSLARI
1.1. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarining mamlakat iqtisodiyotda tutgan o'rni hamda ular faoliyatining o'ziga xos xususiyatlari
Ma'lumki, bugun dunyo aholisi shiddat bilan ko'payib, oziq-ovqat
mahsulotlariga bo'lgan ehtiyoj tobora ortib borayotgan bir sharoitda agrar sohani har tomonlama qo'llab-quvvatlash barcha davlatlar uchun birdek dolzarb masalaga aylandi. Bu borada, Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo'jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, fermerlik harakatining keng yo'lga qo'yilishi qishloq aholisining hayotida tub burilish yasadi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq fermer xo'jaligi ijaraga berilgan er uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo'jaligi tovar ishlab chiqarishi bilan shug'ullanuvchi, mustaqil xo'jalik yurituvchi sub'ektdir. Fermer xo'jaligi aksariyat hollarda ortiqcha mehnat resurslari bo'lmagan erlarda va hududlarda tashkil etiladi.
Chorvachilik mahsuloti etishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo'jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo'lgan taqdirda tashkil etiladi. Fermer xo'jaligiga ijaraga beriladigan er uchastkalarining eng kam o'lchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg'ona va Xorazm viloyatlaridagi sug'oriladigan erlarda kamida 0,3 gektarni, boshqa viloyatlar va Qoraqalpog'iston Respublikasidagi sug'oriladigan erlarda kamida 0,45 gektarni, sug'orilmaydigan (lalmikor) erlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti etishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo'jaliklariga ijaraga beriladigan er uchastkalarining eng kam o'lchami paxtachilik va g'allachilik uchun kamida 10 gektarni, bog'dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni etishtirish uchun kamida 1 gektarni tashkil etadi.
Er uchastkalari berilganda fermer xo'jaligi o'z zimmasiga qishloq xo'jalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun o'rtacha yillik hosil hisobida) erning kadastr bahosidan kam bo'lmasligini ta'minlash majburiyatini oladi. Bu majburiyat er uchastkasini ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qo'yiladi.
Bugun fermerlar faqat paxta va g'alla etishtirish bilan cheklanib qolmasdan, ishlab chiqarish, qayta ishlash, xizmat ko'rsatish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat turlari bilan ham shug'ullanmoqda, ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklari tashkil etilayotir. Endilikda ular agrar sohaning serdaromad tarmoqlari - chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik faoliyatini yo'lga qo'yib, yangi maqsadlar sari izlanmoqda. Bu bilan fermerlarimiz mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishida munosib hissalarini qo'shib boradilar.Ma'lumotlarga qaraganda, agar respublikamizga 1990 yilda aholi iste'moli uchun zarur bo'lgan g'allaning 82 foizi, go'sht va go'sht mahsulotlarining 50 foizdan ko'prog'i, sut va sut mahsulotlarining 60 foizi, kartoshkaning esa 50 foizi chetdan keltirilgan bo'lsa, hozirgi kunda O'zbekiston ana shu mahsulotlarni eksport qiluvchi davlatga aylandi. Ayni paytda mamlakatimizda 70 mingdan ortiq fermer xo'jaligi faoliyat yuritayotgan bo'lib, yurtimizda etishtirilayotgan jami qishloq xo'jalik mahsulotlarining 98 foizi ular hissasiga to'g'ri keladi. O'zbekistonda istiqlol yillari mazkur sohaga alohida e'tibor qaratildi, uni izchil qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy baza yaratildi. Prezidentimizning 2012 yil 22 oktyabrda qabul qilgan «O'zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora- tadbirlari to'g'risida»gi PF-4478-son Farmoni sohadagi islohotlarni yangi bosqichiga olib chiqdi, desak mubolag'a bo'lmas, ana shu Farmon asosida O'zbekiston Fermer xo'jaliklari uyushmasi tugatilib, uning o'rniga O'zbekiston Fermerlari Kengashi tashkil etildi. Yangi tuzilmaning avvalgisidan farqi shundaki, Fermer xo'jaliklari uyushmasi yuqoridan quyiga qarab (respublika-viloyat) shakllangan bo'lib, hududiy tashkilotlar respublika uyushmasining filiallari hisoblangan va fermerlarning tuman bo'limlari mavjud bo'lmagan. Fermerlar kengashi esa quyidan yuqoriga qarab (tuman-viloyat-respublika) shakllanadi va uning hududiy hamda tuman kengashlari alohida yuridik shaxs maqomiga ega nodavlat-notijorat tashkiloti hisoblanadi. Bunda tumanlar fermer kengashlarining raislari hududiy kengash a'zolari hisoblanadi, hududiy kengash raislari esa O'zbekiston Fermerlari kengashi tarkibiga kiradi.
Mamlakatimizda ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarini yaratishdan ko'zlangan asosiy maqsad - mavjud er-suv, mehnat resurslari, mineral o'g'itlar, texnika vositalari, bino va inshootlar kabi vositalardan unumli foydalangan holda fermer xo'jaligining oladigan foyda miqdorini oshirishdan iboratdir. Ko'p tarmoqli ishlab chiqarishni tashkil qilishdagi eng muhim jihatlardan biri - har qanday fermer xo'jaligi o'z daromadini oshirish maqsadida o'z xohishiga ko'ra ixtiyoriy ravishda qo'shimcha tarmoqlarni tashkil etgan holda ko'p tarmoqli fermer xo'jaligiga aylanishi mumkin.
Prezidentimiz faqat dehqonchilik va chorvachilik bilan farovonlikka erishib bo'lmasligi, balki fermerlarning vakolatlarini kengaytirib, ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarini rivojlantirish lozimligini bot-bot takrorlaydilar. Bugun bu masala ham hayotda ro'yobga chiqmoqda. Qo'shimcha tarmoqlar faoliyatini yo'lga qo'yish asosida fermer xo'jaliklari qishloq xo'jaligi mahsulotlarini joylarning o'zida, ortiqcha nobudgarchilikka yo'l qo'ymagan holda qayta ishlash, raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, ularni ichki va tashqi bozorga chiqarish hamda qishloqlarda yangi ish joylari yaratish va bu orqali qishloq aholisining ijtimoiy-iqtisodiy turmushini yaxshilashga hissa qo'shishmoqda. Ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarini tashkil etishdagi ijobiy tajribalarga nazar soladigan bo'lsak, bugun yurtimizda zamonaviy xo'jalik faoliyatini yo'lga qo'yib, o'z iqtisodiy ahvolini yildan-yilga mustahkamlab kelayotgan yuzlab fermer xo'jaliklari borligining guvohi bo'lamiz.
Yurtimizda tobora rivojlanib borayotgan fermerlik harakati mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish va etishtirilayotgan mahsulotni qishloqda qayta ishlash, yangi ish o'rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bo'larning barchasi mamlakatimizda fermerlik harakatini har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va yurt obodligi, aholi farovonligini ta'minlash yuzasidan qilinayotgan keng ko'lamli ishlarning amaliy samarasidir.
Fermer xo'jaliklarining qishloq xo'jalik mahsulotlarini etishtirish bo'yicha faoliyati ikki turga - dehqonchilik va chorvachilikka bo'linadi(1-chizma). Ushbu faoliyat turlari maxsus litsenziya talab qilmaydigan faoliyat hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |