Shofi’iylar mazhabi. Shofi’iylar tilla va kumushdagi illat pullik deyishadi. Ya’ni biror narsani sotib olishda pullik vazifasini bajarishi kerak, tanga holatida bo‘ladimi yoki bo‘lmaydimi ahamiyati yo‘q. Tilla va kumushga berilgan ishlovlar ham e’tiborli emas. Agar bir kishi besh dinorga ishlov berilgani uchun narxi o‘n dinorli oltin sotib olmoqchi bo‘lsa qiymatiga qaralmaydi, balki miqdorda tengligiga qaraladi. Tilla va kumushdagi riboning illatidan maqsad u narsalar pullar jinsidan bo‘lishidir. Bu illat tilla va kumushdan boshqa narsalar - nikel, bironza va misdan yasalgan tangalar va boshqa tijorat pullarida yo‘q.
Doktor Vahba az-Zuhayliy aytadilar: “Tanga va hozirgi qog‘oz pullar narsalarning puli bo‘la olgani uchun ham ularda ribo bor, deb o‘ylayman. Bu hanafiylar mazhabiga muvofiq”15.
Qolgan to‘rt narsadagi illat taomlik. Uch turdagi narsalarni taom deyish mumkin:
Taom va ozuqa maqsadida bo‘lishi. Masalan bug‘doy va arpa, odatda bulardan maqsad yeyish bo‘ladi. Ya’ni ulardan deyarli ozuqa maqsadida foydalaniladi. Ularning qatoriga mosh, loviya, makkajo‘xori va guruch kabi zakot berish vojib bo‘lgan donli ekinlarni ham qo‘shish mumkin.
U bilan lazzatlanish maqsad qilingan bo‘ladi. Masalan xurmoda sifat borligiga hadisda hujjat kelgan. Anjir va mayizda ham shu ma’no topilgani uchun xurmoga qo‘shiladi.
U bilan taom va badanni isloh qilish qasd qilinadi. Hadisda tuzga hujjat kelgan. Sanoyi (surgi dori) va zanjabil kabi qadimgi dorilar va urug‘li dori tayyorlanadigan o‘t-o‘lanlarda ham shu ma’no borliga uchun tuzga qo‘shiladi.
Shunga binoan taom yoki tanani yaxshilash uchun ishlatiladigan narsalar o‘rtasida farq yo‘q. Chunki ozuqa sog‘likni saqlash uchun bo‘lsa, dorilar ketgan sog‘liqni tiklash uchun. Demak, ozuqa, lazzatlanish va davo uchun bo‘lgan narsalarda taom sifati topiladi. Taom bo‘lmagan narsa – gips, temir va gazlama va shu kabi kayliy va vazniy narsalarni o‘z jinsiga ziyoda qilib sotish joiz. Shuningdek tijorat mollarida ham ziyoda qilib sotish mumkin. Chunki mazkur narsalar pul ham emas, taom ham emas
Ularning dalili: Hukm agar ishtiqoq qilingan ismga ta’lluqli bo‘lsa, ism undan ishtiqoq qilingan ma’no hukmning illati hisoblanadi. Masalan Alloh taoloning:
“O‘g‘ri erkak va o‘g‘ri ayolning – qilmishlariga yarasha jazo va Allohdan (berilgan) azob sifatida – qo‘llarini kesingiz! Alloh qudrat va hikmat egasidir”16, oyatidan o‘g‘irlik qo‘l kesilishining illati,
“Zinokor ayol va zinokor erkakning har biriga yuz darra uringiz! ...”17, oyatidan zino darra urishning illati ekani tushiniladi18. Shu qoidaga asosan Muammar ibn Abdulloh rivoyat qilib aytadilar: Rasululloh s.a.v. dan “الطعام بالطعام مثلا بمثل” - “Taomga taom, tengga-teng”, deganlarini eshitganman”. Demak taomlik hukmning illatidir. Chunki taom (الطعام) so‘zi taomlik (طعم) so‘zidan ishtiqoq qilingan. U barcha taomlarni ifoda qiladi. Bu munosib sifat. Chunki u insonlarning hayoti taom bilan bo‘lgani uchun hadisda kelgan to‘rt narsa ahamiyatli ekanini bildiradi. Pullikni illat qilish maqsadga muovfiq. Chunki tilla, kumush va ularning o‘rniga o‘tadigan qog‘oz pullarga ham katta ehtiyoj bor.
Hanafiylar illat deb sanagan o‘lchov esa u narsalarning ahamiyatli ekanini anglatmaydi.
“Al-Muomalot al-moliyya al-muosira” kitobida taomni taomga yoki pulni pulga jins bir bo‘lganda, masalan bug‘doyni bug‘doyga, kumushni kumushga sotsa savdoni joiz bo‘lishi uchun uch shart qo‘yilishi aytiladi:
1. Savdo kelishuvida mutloq vaqt aytmaslik. Ya’ni savdo kelishuvi o‘sha vaqtning o‘zida yakunlanishi, nasiya qilib kechiktirmasligi lozim.
2. Shar’iy mi’yorlar asosida tenglik. Bu tenglik miqdordagi tenglik. Ikki savdo molining o‘lchovi barobor bo‘lishi kerak.
3. Majlis tugamasdan oldin qabul qilib olish. Ikki savdo molini ham savdo kelishuv yakunlanishi bilan majlis tarqab ketmasdan qabul qilib olinadi.19
Hanafiylar: “Jins boshqa bo‘lganda ham bir bo‘lganda ham barobarlikni shart qilishlariga Rasululloh s.a.v. ning “يدا بيد” – “ qo‘lma qo‘l” degan so‘zlari dalolat qiladi”, deydilar.
Agar jinsi ikki xil bo‘lsa, masalan, bug‘doyga arpani sotsa ziyodasi joiz va mutloq vaqt aytmaslik va majlis tarqamasidan oldin qabul qilish shart qilinadi. Rasululloh s.a.v. Imom Muslim rivoyatida aytadilar20:
الذهَبُ بِالذهَبِ وَالْفِضَّةُ بِالْفِضَّةِ وَالْبُرُّ بِالْبُرِّ وَالشَّعِيرُ بِالشَّعِيرِ وَالتَّمْرُ بِالتَّمْرِ وَالْمِلْحُ بِالْمِلْحِ مِثْلاً بِمِثْلٍ سَوَاءً بِسَوَاءٍ يَدًا بِيَدٍ فَإِذَا اخْتَلَفَتْ هَذِهِ اْلأَصْنَافُ فَبِيعُوا كَيْفَ شِئْتُمْ إِذَا كَانَ يَدًا بِيَدٍ
“Tilloga tillo, kumushga kumush, bug‘doyga bug‘doy, arpaga arpa, xurmoga xurmo, tuzga tuz o‘xshashiga-o‘xshash, tengma-teng, qo‘lma-qo‘l. Qachon ushbu asnoflar ixtilofli bo‘lsa, agar qo‘lma-qo‘l bo‘lsa, qandoq xohlasangiz sotaveringlar”.
Bu hadisda vaqtni mutloq belgilamaslik sharti olinadi. Agar taomni taom bo‘lmagan narsaga, masalan pul, gazlama yoki taom bo‘lmagan narsalar savdosi, masalan hayvonni hayvonga sotishda mazkur uch shart topilishi shart emas, ya’ni hayvonlarni turishini yeyishning imkoni bo‘lmagani uchun ularda ribo yo‘q. Ibn Umar r.a. ham Rasululloh s.a.v. ning buyuruqlari bilan bir tuyani ikki tuya evaziga sotib olganlar.21
Do'stlaringiz bilan baham: |