“ABU MU'YIN NASAFIY ISLOM ISLOHIYOTCHISI”
REJA:
Abu Mu'yin Nasafiy hayoti
Abu Mu'yin Nasafiyning ilmiy faoliyati
Abu Mu'yin Nasafiyning asarlarining ilmiy ahamiyati
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar
Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad (1069-1142) — tarixchi, faqih, tilshunos, muhaddis, mufassir olim.
Uning musulmon qonunshunosligiga doir „al-Manzumat an-nasafiya fil-xilofiyot“ („Kelishmovchiliklar borasida Nasafiyning nazmiy asari“), „Aqoid an-nasafiy“ („Nasafiy aqoidi“), shariat qonunlari va Qurʼoni karim sharhiga doir „al-Yavoqit fil-mavoqit“ („Qulay vaqtlar xususida yoqutlar“), 3 kitobdan iborat (100 bosma taboq hajmida) „Taysir fit-tafsir“ („Tafsir etishdagi qulayliklar“), shuningdek, tasavvufga doir „Risolayi Najmiya“ kitobi bizgacha yetib kelgan boʻlib, ular yetarli tadqiq etilmagan. Musulmon olamida Nasafiy asarlariga qiziqish qadimdan katta boʻlgan. Uning „al-Manzumat un-nasafiya“ asariga zamondoshi Alouddin Abulmujohid Muhammad Samarqandiy (?) (vaf. 1157 y.) „Hasrul-masoil va kasrud-daloyil“ („Masalalarning cheklangani va dalillar kasri“) deb nomlangan sharh bitgan.
Sohibqiron Amir Temur davri olimlaridan Saʼduddin Masʼud ibn Umar Taftazoniy (vaf. 1390 y.) Nasafiyning „Aqoid an-Nasafiy“ asariga „Sharh ul-aqoid un-nasafiya“ nomli sharh yozgan. Nasafiyning „al-Qand fiy zikri ulamoi Samarqand“ ["Samarqand ulamolari xotirasiga doir qand(dek shirin) kitob"] nomli asari, asosan, samarqandlik mashhur kishilar hayoti va faoliyati hamda ular rivoyat qilgan hadislarga bagʻishlangan. Unda Movarounnahr tarixi, toponimikasi hamda Islom tarixiga doir muhim maʼlumotlar mavjud. Asarga kiritilgan mashhur shaxslar tarjimai holi arab alifbosi tartibida joylashtirilgan boʻlib, uning bizgacha yetib kelgan qoʻlyozma nusxasining „xo“dan „kof“ harflarigacha boʻlgan qismigina saqlanib qolgan. Shunday boʻlsada, bu asar mustaqil yurtimiz oʻtmishiga doir boʻlak manbalarda uchramaydigan maʼlumotlarga ega ekanligi boisidan nihoyatda muhimdir. „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“ davlat ilmiy nashriyoti Nasafiyning ushbu asarining qisqartirilgan holdagi oʻzbekcha tarjimasini „Samarqandiya“ nomi ostida chop etgan (2001)
Tarjimai holi
Oʻrta asrlarda turli ilm sohalarida faoliyat olib borgan ushbu mutafakkir va qomusiy olimning ismi manbalarda kengaytirilgan holda Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon an-Nasafiy as-Samarqandiy shaklida beriladi. „Najmuddin“ („Dinning yulduzi“) laqabining berilishiga sabab uning islom ilmi sohalari boʻyicha koʻrsatgan xizmatlarining katta boʻlganligini koʻrsatadi. Nasafiy Qur’on, hadis, aqida va fiqh kabi ilmlarni mukammal bilgan, sheʼriyat sohasida qalam tebratgan va tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyatga doir koʻplab asarlarni meros qoldirgan. Movarounnahrdagi Samarqand, Buxoro, Nasaf kabi, shuningdek, Bagʻdod, Marv kabi ilm markazlarida koʻplab olimlardan dars olgan va qator shogirdlarga dars bergan.
Olim oʻz davrida hadis ilmini bilimdoni sifatida „al-Hofiz“, fiqh olimi sifatida „al-Faqih“, yirik tasavvuf namoyandasi sifatida „az-Zohid“ unvonlariga musharraf boʻlgan. Movarounnahrda hanafiy mazhabining rivojiga qoʻshgan hissasi ulkan boʻlgani bois olim ismiga „al-Hanafiy“ nisbasi ham qoʻshib aytiladi. Asli Nasafdan boʻlgan bu olim umrining asosiy qismini Samarqandda oʻtkazgani uchun manbalarda „an-Nasafiy summa as-Samarqandiy“ („nasaflik“, soʻngra „samarqandlik“) deya tavsiflanadi. Nasafning qadimiy nomi „Naxshab“ boʻlgani bois, muallifning nasabi baʼzi manbalarda „an-Naxshabiy“ shaklida ham uchraydi.
Nasafiy yoshlik davrini Nasafda oʻtkazgan, 30 yoshidan soʻng Samarqandga borgan. Umrining asosiy, ilmiy-ijodiy qismini shu shaharda oʻtkazgan va oʻz tahsilini davom ettirgan. Shahardagi „Dor al-juzjoniya“ nomli markaz uning yetuk olim boʻlib yetishishida katta ahamiyat kasb etgan. Keyinchalik olim ushbu ilm markazida mudarrislik qilgan.
Nasafiy 1113 yili 45 yoshida Makkai Mukarramaga hajga yoʻl oladi. U oʻz safari davomida Bagʻdod shahrida boʻlib, u yerdagi taniqli olimlar suhbatidan bahramand boʻladi. Bagʻdoddagi Amir Xumor-tegin ibn Abdulloh madrasasida hadis ilmidan dars beradi. Hadis roviysi Abul Qosim ibn Bayondan hadislar yozib oladi. Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy va Saraxsda Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soigʻiy kabi ulamolardan hadislar eshitadi. Bagʻdodlik muhaddis olim Ibn an-Najjor Nasafiy jamlab taʼlif etgan „Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor“ („Xabarlar talabidagi uzoq safarlar“) nomli asaridan dars olib, uni oʻz shogirdlariga rivoyat qilgan. Mazkur asarda Nasafiy oʻzining barcha ustozlari haqida xabar bergan. Ammo olimning Bagʻdod, Makka va Madinaga qilgan safari uzoqqa choʻzilmadi. U tez orada oʻz ona yurtiga qaytdi.
Olimning ijodi oʻz yurtiga boʻlgan kuchli muhabbat, milliy qadriyatlarga chuqur hurmat, ilm ahliga mehr va samimiyat tuygʻulari bilan yoʻgʻrilgan. Allomaning „shoh asari“ — „Kitob al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand“ Movarounnahr oʻlkasidan yetishib chiqqan mingdan ziyod yurtdoshlarimizning hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi qimmatli biografik maʼlumotlarni bergan.
Nasafiyning tugʻilib ulgʻaygan ona yurti Nasaf oʻsha davrda Movarounnahrning yirik ilmiy markazlaridan biri boʻlgan. Yirik muhaddis olim Imom Buxoriy oʻz ilmiy safarlaridan birida Nasafga tashrif buyurgan edi. Nasafiy ilk tahsilini shu shaharda olib, yoshligidan ilmga muhabbati, ustozlarga hurmati, namunali odobi bilan tanilgan. Nasafiy ilm olish niyatida boshqa yurtlarga borgan va koʻplab ustozlardan taʼlim olgan.
Nasafiy yashagan davrda Movarounnahrda turli ilm sohalari rivojlangan edi. Xususan, olim oʻz umrning asosiy ijodiy qismini oʻtkazgan Samarqand shahrida muhaddislar uylari, mahallalar, guzarlar, masjid va madrasalar kabi hadis toliblari yigʻiladigan joylar hadis ilmi markazlari boʻlgan. Shulardan biri „Dorul Juzjoniya“ nomli ilm dargohi boʻlib, u yerda XI-XII asrlarda muhaddislar qizgʻin faoliyat koʻrsatganlar.
Nasafiy haqida unga zamondosh va undan keyin yashagan mualliflar tomonidan yozib qoldirilgan maʼlumotlar koʻplab manbalarda uchraydi. Nasafiyning hayoti haqida aniqroq maʼlumotlarni uning zamondoshi Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam’oniy al-Marvaziy (v. 1167) beradi. Masalan, u oʻzining „Kitob al-ansob“ („Nasablar kitobi“) asarida Nasafiyning nomini 27 oʻrinda tilga oladi. Sam’oniydan keyingi mualliflar esa uning maʼlumotlarini oʻz asarlarida takrorlaydilar va faqat ayrim hollardagina yangi baʼzi qoʻshimcha maʼlumotlarni keltiradilar. Abu Saʼd Sam’oniy Nasafiy bilan maktublar orqali ilmiy muloqotda boʻlib turganini faxr bilan zikr etadi.
Nasafiy 74 yil umr kechirib, juda sermahsul ijod qilgan. U koʻproq Samarqand shahrining „Sikkat al-labbodin“ („Kigizchilar koʻchasi“) mavzeidagi koʻchalarning birida hayot ke¬chirgan. Bu mahalla keyinchalik uning sharafiga „Zuqoq Abi Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy“ („Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy koʻchasi“) deb atala boshlagan.
Nasafiy 461/1068 yili Nasafda tavallud topgan va 537 yil 12 jumodu-l-avval/1142 yil 3 oktyabr kuni Samarqandda vafot etgan. Alloma Chokardiza qabristoniga, „Imom al-hudo“ („Hidoyat yoʻlboshchisi“) Abu Mansur Moturidiy yoniga dafn etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |