Manbalarda qayd etilishicha, Qashqadaryo vohasi va Nasaf shahrida 300 ga yaqin mashhur allomalar, muhaddis, mufassir, faqih va tarixchi olimlar yashab ijod qilgan
Bog'liq 15-32-MAVZU. “ABU MU\'YIN NASAFIY ISLOM ISLOHIYOTCHISI”
Manbalarda qayd etilishicha, Qashqadaryo vohasi va Nasaf shahrida 300 ga yaqin mashhur allomalar, muhaddis, mufassir, faqih va tarixchi olimlar yashab ijod qilgan. IX asrda Nasafda hadisshunoslik va fiqhshunoslik maktablari vujudga kelgan. X asrda yashagan Ahmad ibn Muhammad at-Tadyoniy, Hammad ibn Shokir an-Nasafiy, Abul Mu’yin an-Nasafiy kabi o‘nlab ijodkorlar nomlari ma’lum. Shu bois X-XII asrlarda Movarounnahrdagina emas, balki butun Sharqda “Nasafiy” nisbasi ancha mashhur bo‘lgan. Bu davrda fiqh, hadis, tafsir va islom dinining asosi bo‘lgan aqoid ilmi rivojlangan. XV asrda Nasafiy allomalar turk tilida islom dini ahkomlari va boshqa ijtimoiy sohalarga oid asarlar yoza boshlagan. Amir Temur va temuriylar davrida Nasafda ilm-fan, madaniyat va san’at yanada rivojlangan. Abu Sa’d Abul Karim as-Samoniyning “Kitob al-Ansob” asarida VIII-XII asrlarda yashab o‘tgan 180 ga yaqin nasaflik olim va shoirning nomlari qayd etilgan. Umuman, bu qadim shaharda o‘z sohasining juda ko‘p zukko bilimdonlari kamol topgan. Buyuk alloma va mutafakkir Abul Mu’yin an-Nasafiy ana shunday ajdodlarimizdan biri. Bu zot Buxoro va Samarqandda tahsil olib, kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya ta’limotining dunyo bo‘ylab keng tarqalishida muhim rol o‘ynagan. Islomiy e’tiqod pokligi masalasida o‘ndan ortiq kitoblar yozgan va ulardan “Tabsira”, “Tamhid” va “Bahr ul-kalom” asarlari bizgacha yetib kelgan. Bu asarlarda din masalasida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilgan. Aqida masalalari chuqur ilmiy tahlil etilib, moturidiya ta’limoti mohiyati ochib berilgan. Shu nuqtai nazardan, bugun yoshlarni turli diniy oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalaridan asrash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishda Abul Mu’yin an-Nasafiy ilmiy-ma’naviy merosi muhim ahamiyat kasb etadi. Qarshi shahrida Abul Moʻiyn an-Nasafiy ilmiy merosiga bagʻishlangan “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashgan buyuk alloma” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Islom dunyosida “Haqiqat qilichi” rutbasi bilan tanilgan Abul Moʻiyn an-Nasafiy Abu Mansur Moturidiy asos solgan Moturidiya taʼlimotining dunyoga yoyilishiga katta hissa qoʻshgan allomalardandir. Ilmu urfonda yetuk oilada ulgʻaygan Nasafiyning ajdodlaridan aksariyati fiqh ilmi sohasidagi ulkan salohiyati bilan xalq orasida obroʻ qozongan. Xususan, Abul Moʻiyn an-Nasafiyning asarlari islomni notoʻgʻri talqin qiladigan turli firqalarga asosli raddiyalar bergani bilan musulmon olamida katta hurmat eʼtiborga ega.
Aqoid ilmi, yaʼni, aqida masalalari insonni adashishdan saqlaydi. Qatʼiy dalillar asosida diniy eʼtiqodni mustahkamlaydi, shubhalarni rad etadi. Haq yoʻldan adashganlarga dalillar bilan toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi. Dinning sofligini, eʼtiqodni buzuq fikrlar va botil shubhalardan saqlaydi.
Abul Moʻiyn an-Nasafiyning aqida masalalarida yozgan asarlari shu jihatdan hozirgi davrimizgacha oʻz qimmati va ahamiyatini yoʻqotmagan. Uning “Tabsirat-ul adilla”, “At-tamhiyd li qavoid at-tavhiyd”, “Qasiydul qavoid fi ilmil aqoid”, “Al-Ifsod li hadʼ al-ilhod”, “Manohij al-aimmati fil furuʼ”, “Bahrul kalom” singari chuqur ilmiy tahlilga asoslangan oʻnlab asarlari bilan musulmon dunyosida shuhrat qozongan.
Anjuman ishtirokchilari Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan Qarshi tumanidagi Abul Muin Nasafiy majmuasida boʻlishdi. Bu yerda Nasafiyning boy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ziyoratgohda amalga oshirilgan bunyodkorlik, oʻtmishda yashab oʻtgan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish va tadqiq qilish borasidagi amaliy ishlar bilan tanishdi.
Bugungi kunda kalom ilmining faqih va usuliyotchi olimi sifatida shuhrat qozongan buyuk alloma Abul Muin an-Nasafiy ilmiy merosini oʻrganishga butun dunyo qiziqmoqda. Binobarin, uning “Bahrul kalom” asarining qimmatli qoʻlyozmalari Dubaydagi Jumʼa al-Mojid madaniyat va meros markazida, Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasi, Bagʻdoddagi “Maktabat al-avqof-da”, Qohiradagi mashhur “Doru-l-kutub” qoʻlyozmalar boʻlimida saqlanadi.
Ushbu anjuman buyuk alloma ilmiy merosini tadqiq qilish natijasida erishilgan ilmiy yangiliklar, turli maʼrifiy markazlar, shu jumladan, xalqaro ilmiy muassasalardagi izlanishlar natijasini bir davrada jamlash, muvofiqlashtirish, jahon miqyosida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, fikr va tajriba almashish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi. Binobarin, dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, radikalizm, ekstremizm kabi chegara bilmas tahdidlarning xavfi ortib borayotgan bugungi kunda ham maʼrifat jaholatga qarshi kurashishning eng samarali vositasi sifatida tan olinmoqda.
XULOSA Xulosa qilib aytish mumkinki, Nasafiy oʻz davrining taniqli olimi boʻlib, turli ilm sohalarida faoliyat yuritdi. U qoldirgan boy maʼnaviy meros asrlar osha Oʻrta Osiyo xalqlari maʼnaviyatini koʻtarishga xizmat qildi. Ayni kunda ham bu xazina oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmadi, balki xalqlar, xususan, yoshlar orasida ilm-maʼrifat nurlarini sochib, tarix zarvaraqlarini yoritmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bugun Qashqadaryoda ulug‘ alloma Abul Mu’yin an-Nasafiy nomi bilan bog‘liq maskanni obod qilish, u zotning ilmiy merosini chuqur tadqiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari joriy yilning 15-iyun kuni o‘tkazilgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, dinimiz sofligini ta’minlashga beqiyos hissa qo‘shgan, xalqimizni ma’rifatga boshlagan ulug‘ allomalarimiz merosini o‘rganish bugun ham dolzarb ekanini ta’kidladi. Poytaxtimizda O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi tashkil etilayotgani, shuningdek, yurtimizning barcha hududlarida buyuk ajdodlarimiz muqaddas qadamjolarining obod etilishi ham bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar samarasidir. Prezidentimiz fikrlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining buyuk vatandoshimiz, ulug‘ alloma va mutafakkir Abul Mu’yin an-Nasafiyning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida qabul qilingan farmoyishi talablaridan kelib chiqib, Imom Buxoriy xalqaro markazi ilmiy xodimlari yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar hayotini, ularning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.