Bog'liq 15-32-MAVZU. “ABU MU\'YIN NASAFIY ISLOM ISLOHIYOTCHISI”
Ustozlari Olim ilmi boʻyicha oʻzining eng birinchi ustozi sifatida Abul Abbos Mustagʻfiriyning nevarasi hofiz Abu Rajo Qutayba ibn Muhammad al-Usmoniy an-Nasafiyni (vaf. 1081 y.) zikr etadi. Abu Rajo Nasafdagi „Bob maqsura“ nomli joydagi juma masjidida imlo darslarini oʻtganida, yosh ilm tolibi Nasafiy umrida birinchi marotaba hadislarni xatga tushira boshladi.
Nasafiy ilk ustozlaridan yana biri — adib, faqih Abul Hasan Ali ibn Muhammad Nasafiy al-Kasbaviy (vaf. 1092 y.) edi. U Nasafiyga ona yurtida adab ilmidan tahsil berdi. Shuningdek, olim al-Qodiy al-Imom al-Xatib Abu Muhammad Ismoil ibn Muhammad an-Nuhiy Nasafiydan (vaf. 1089 y.) Mustagʻfiriy rivoyatlarini eshitgan. Nasafiy Nuhiylar sulolasi vakillaridan ayrimlarini oʻz asarida hurmat bilan tilgan olgan.
„Kitob al-qand“ asarida Nasafiyning jami 26 ta nasaflik ustozlariga tegishli tarjimai holni koʻrishimiz mumkin. Ulardan 18 tasi Samarqandda olimga hadis aytgan. Bundan Nasafiyning Movarounnahrdagi yirik ilm markazi hisoblangan Samarqand shahri ulamolari bilan yaqin ilmiy aloqada boʻlgani maʼlum boʻladi.
Haj safari davomida olimga Bagʻdodda hadis rivoyat qilgan Abul Qosim ibn Bayon va Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy, Saraxsda hadis rivoyat qilgan Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soigʻiylarni ham kabi ulamolarni ham uning ustozlari qatorida sanab oʻtish mumkin.
Nasafiy Buxoroga borib u yerda ash-Shayx al-Imom ar-Rais Said ibn Muhammad al-Xorazmiy kabi mudarris shayxlardan fiqh ilmidan tahsil olgan.
Olim hadis ilmi borasida Movarounnahrning yetakchi muhaddislari bilan muloqotda boʻlib, dars oldi. Oʻzining eʼtirof etib aytishicha, 550 shayxdan hadis rivoyat qilgan. Yana u barcha ustozlari nomlarini „Ti’dod ash-shuyux li-Umar mustatrif alo-l-huruf mustatir“ („Alifbo tartibida berilgan Umarning ustozlari sanogʻi“) asarida birma-bir sanab oʻtganini taʼkidlaydi. Oʻsha davrda mashhur boʻlgan mazkur asar, afsuski, bizgacha yetib kelmagan.
Nasafiyga koʻplab hadislarni oʻrgatgan ustozlari orasidan Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik ibn Ali ibn Muso ibn Isrofil Nasafiy (XI-XII asrlar), Umar ibn Ahmad ibn Muhammad ibn ash-Shabib ash-Shabibiy ad-Dizakiy (v. 1117-18), Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad an-Nofila (v. 1109-10) nomlarini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
Jumladan, birinchi ustozi Hasan ibn Abdulmalik Nasafiyning nomi olimning „Kitob al-qand“ asarida 135 oʻrinda zikr etiladi. Nasafiy bu ustozidan Abul Abbos Mustagʻfiriyning maʼlumotlarini rivoyat qilgan. Mustagʻfiriy „ulum al-hadis“ sohasidagi yirik olimlardan boʻlib, bevosita „al-jarh va-t-taʼdil“, yaʼni hadislarni ishonchli yoki zaifga ajratish ilmining bilimdoni boʻlgan. Uning bu sohada olib borgan tadqiqotlari natijalari avvalambor „Tarixi Nasaf“da jamlangan. Bu asarni Abu Saʼd as-Sam’oniy ikki jildli katta kitob, deb tavsiflaydi. Demak, Nasafiy olim Mustagʻfiriy maʼlumotlarini bir kishi vositasida naql etadi.
Ikkinchi ustozi — Umar ibn Ahmad ash-Shabibiy ad-Dizakiy. U oʻz ustozi Umar ibn Ahmad al-Forisiydan (v. 1062-63) olgan bilimlarini Nasafiyga yetkazgan. Movarounnahr ilm-fani tarixiga oid yozilgan „Kitob al-kamol fi maʼrifat ar-rijol bi-Samarqand“ („Samarqand ulamolaridan hadis roviylarini bilish boʻyicha mukammal kitob“) asaridagi maʼlumotlarni Nasafiy aynan shu ustozidan olgan. Mazkur asar Abu Saʼd Abd ar-Rahmon ibn Muhammad al-Idrisiy (v. 1015) tomonidan yozilib, „Kitob al-kamol“ boshqa mualliflar qatori Nasafiyga asosiy yozma manba boʻlib xizmat qilgan.
Uchinchi ustozi — Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad an-Nofila as-Samarqandiy (v. 1109-10). Nasafiy „Kitob al-qand“da 45 oʻrinda uning maʼlumotlaridan foydalangan. Ammo Nasafiyning asarida mashhur muhaddis hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh an-Najjorning nevarasi boʻlmish ushbu ustozi haqida uning vafot etgan yilidan boshqa toʻliqroq maʼlumot bizga yetib kelmagan.
Nasafiy yuzlab ustozlardan hadis rivoyat qilishidan maʼlum boʻladiki, olim yoshligidan boshlab bu ilm bilan shugʻullanishga jiddiy eʼtibor bergan. Uning ustozlari orasida Nasaf, Samarqand kabi Movarounnahrdan chiqqan va islom olamida mashhur boʻlgan olimlarni uchratish mumkin.