O’zbekistonda musiqiy cholg’u asboblarining paydo bo’lishi tarixidan
Nurboyeva M. A. GulDU talabasi
Musiqa san’ati har bir insonning ma’naviy rivojiga katta ta’sir ko’rsatadi. Musiqa san’ati insoniyat paydo bo’lishining ilk davridanoq o’zida komil insonni tarbiyalab kelmoqda. Har bir musiqiy cholg’u asbobi inson ma’naviyatini ohanglarda tarannum etuvchi vosita bo’lib, azal-azaldan xalq orasida rivojlanib, mukammalashib kelgan mo’jizaviy va ifodaviy quroldir. Har bir musiqiy cholg’u asbobi o’zida xalqning urf-odatlarini, g’ururi va iftixorini aks ettiradi. Insoniyat tarixi davomida doimo musiqa san’atiga bo’lgan e’tibor katta bo’lishi bilan bir qatorda tarbiyaviy tomondan ham katta ahamiyat kasb etgan. Agar biz O’zbekistonni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug’ kelajagini ulug’lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo’lsak, avvalambor buyuk ijodkorlarimizni tarbiyalab, voyaga yetkazmog’imiz kerak.
Hozirgi kunda har bir cholg’u asbobi texnik jihatdan eshitish ohangi, tarannum darajasiga ko’ra ham o’z ahamiyatiga ega. Cholg’u asboblaridan taralayotgan ohanglar tiniqligi, jozibadorligi, sadosi ularning xilma-xilligidan dalolat beradi. O’sib kelayotgan yosh avlodni musiqa ijrochiligi san’ati bo’yicha tarbiyalashda har bir cholg’u asbobi o’z o’rniga ega. Bunda yoshlar musiqiy cholg’u asboblarining turlari, shakllanishi, tuzilishi, paydo bo’lishi tarixi, yasalishi, sozlanishi, ularni ijro etish tartibi, cholg’ularni saqlanishi, cholg’u asboblari ijrochilari faoliyati, applikatura, barmoqlarning to’g’ri joylashuvi, shtrixlar, sozandalik maktabi va cholg’u asboblari tuzilishi haqidagi bilimlarni o’zlashtiradi. Har bir yosh sozanda cholg’u ijrochiligiga qadam qo’yar ekan, u har bir cholg’u asboblarining rang-barangligini his qila olishi va ushbu cholg’uning tarixi haqida ma’lumotlarga ega bo’lishi lozim.
O’tmishdan ma’lumki o’zbek xalqining har bir musiqiy cholg’u asbobi rang-barang va o’ziga xos tarzda shakllanib kelgan. Aynan ijrochi musiqiy asarga cholg’u asbobi vositasida hayot baxsh etadi. Cholg’u asbobi, o’z navbatida, ijrochi qo’lida qurol bo’lib xizmat qilib, kuyni yaratuvchi bilan tinglovchi o’rtasidagi vositadir. Buyuk allomalarimiz Zaynulobiddin Husayniy (XVasr) “Risola dar bayoni qonuni va amaliy musiqiy” risolasida, Abdurahmon Jomiy(XVasr) “Musiqiy risola”sida, Al-Farobiy (IXasr) o’zining “Katta musiqa kitobi”da o’z davri musiqiy cholg’u asboblari haqida tasnifotini bayon etganlar. XX asrga kelib Abdurauf Fitrat va boshqa olimlar musiqiy cholg’u asboblarini o’rganish ustida katta izlanishlar olib bordilar.
XIX asr oxiri-XX asr boshlarida yashab, ijod qilgan o’zbek xalq cholg’u asboblari ustalari: qo’qonlik Mo’minbek va Haydarbek, toshkentlik Umarali, Toshboy Sultonov, Hoji Oxun, Usmon Zufarov, xorazmlik mashhur sozanda Matyusuf Xarratov va boshqalarning asarlari ma’lum. Ular yasagan cholg’u asboblaridan ijrochilar hozir ham eng yaxshi namuna sifatida foydalanishmoqda.
Musiqiy asarga aynan ijrochi-cholg’uchi hayot baxsh etadi va ayni paytda cholg’u asbobini yasovchi ustani sarafroz etadi. Qadimiy musiqiy manbaalarda cholg’u asboblarning shakli, tuzilishi, ularni tayyorlanishida ishlatiladigan daraxt ashyolari haqida ko’pgina ma’lumotlar berib o’tilgan. Cholg’u asboblarining inson hayotida tutgan o’rni, ularning falsafiy xususiyatlari, inson ma’naviyatiga ta’siri haqidagi bilimlarni Al-Farobiy, Abdurahmon Jomiy, Viktor Belyayevlar o’z asarlarida ma’lum darajada tasnifot berib yoritgan. Musiqiy cholg’u asboblaridan avvalo ularning tuzilishi va yasalishi jihatdan eng sodda cholg’u asboblar yaratilgan bo’lib, bunday cholg’u asboblari har bir xalq musiqasida mavjud va ular hozirgacha mohir sozandalar tomonidan katta sahnalarda ijro etib kelinadi. Bunday cholg’u asboblar qatoriga barbod, qo’buz, ud, navha, qonun, ruhafza, org’anun, chag’ona, safoil kabi cholg’u asboblarini kiritishimiz mumkin. Bu cholg’u asboblari yasalishi va tuzlishi, ijro etilishi jihatdan ham sodda hisoblanadi.
Keyinchalik cholg’u asboblari davrlar o’tib, jamiyat taraqqiyoti mezoniga mos ravishda takomillashib bordi. XIX asr oxiri XX asr boshlariga kelib, o’zbekona chang, qashqar ruboblari shakllanib, iste’molga kirdi. Zamonaviy kompozitorlik ijodiyoti bilan bog’liq bir qator chang, rubob, dutor, g’ijjak, nay kabi cholg’u asboblarining oilaviy namunalari yaratildi. Ud va qonun sozlari qayta tiklanib, musiqaning ijrochilik amaliyotini yanada boyitdi. Cholg’u asboblarining ilk ta’svirlari dastlabki odamlar yashagan qadimiy g’orlarda, toshlarda va devorlarga o’yib chizilgan sur’atlarda, imoratlarning peshtoqlarida va turli xil haykallarda o’z aksini topgan.
O’rta Osiyo va O’zbekiston hududlarida Afrosiyob, Varaxsha (Buxoro), Dalvarzintepa (Surxondaryo), Panjiket kabi qadimiy manzillar qazilmalaridan topilgan sur’at, haykal va chizmlar shular jumlasidandir. Cholg’ushunoslik fanda “organologiya” deb yuritiladi va cholg’u sozlarining shakllanishi, amaliyotda qo’llanilishi hamda rivojlanish mezonlarini ilmiy asoslab beradi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, musiqiy cholg’u asboblarini takomillashtirish jarayoni o’zbek xalqining ma’naviy madaniyati ehtiyojlari bilan yuzaga kelgan hodisa sifatida, zamonaviy musiqa madaniyatini ravnaqida muhim ro’l o’ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |