Choklarni pardozlash devor konstruksiyasiga bog‘liq. G‘ishtin devorlarni keyinchalik suvaladigan sirtidagi choklar qisman to‘ldirilmaydi.
1 –1,5 sm chuqurlikdagi qismi ochiq qoldiriladi.(6-rasm.a). Bu suvoq qatlamining devor sirtida mahkam ushlanishini ta’minlaydi.
Suvalmaydigan devor choklariga qorishma devor sirti bilan baravar qilib to‘ldiriladi. (6-rasm.b). Bino fasadining avval vertikal choklariga, so‘ngra gorizontal choklariga pardoz beriladi.(6-rasm.d,e).
Chok pardozining turi loyihada ko‘rsatilgan bo‘ladi. Bino devorlari yoz faslida qurilganda, odatda, choklarga bo‘rtma shakl, qish mavsumida qurilganda esa botiq shakl beriladi.
Yodda tuting! G‘ishtin devor choklarining qalinligi bo‘yicha me’yoriy o‘lchov. mavjud bo‘lib, gorizontal choklar 12 mm, vertikal choklar esa
10 mm ni tashkil etadi.
Nazorat savollari.
1.G‘ishtin devorning mustahkamligi nimalarga bog‘liq?
2.G‘ishtin devorning mustahkamligida qorishmaning ahamiyati qanday?
3.Bog‘lash sistemasi nima va uning qanday turlari mavjud?
4.G‘isht terish jarayoni qanday operatsiyalardan iborat?
5.G‘isht terish usullari haqida ma’lumot bering.
6.G‘ishtin devor choklari qanday usullarda pardozlanadi?
Topshiriqlar
1.G‘isht terish to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bering. I.I. Ishenkoning “Tosh va g‘isht terish texnologiyasi” kitobini tahlil qiling.
2.G‘isht terishda choklarni bir qatorli sistemada bog‘lash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotda ishtirok eting.
3-Mavzu:G‘isht terish texnologiyalari
Reja:
1. G‘isht terishda choklarni bir qatorli sistemada bog‘lash qoidalari
2. Choklarni ko‘p qatorli sistemada bog‘lash qoidalari
3. Yengillashtirilgan devorlarni terish
4. Peremichka (Sarbasta), arka va gumbazlarni terish
1.G‘isht terishda choklarni bir qatorli sistemada bog‘lash qoidalari
G‘isht terishda choklarni bir qatorli sistemada bog‘lash qoidalari quyidagicha ta’riflanadi:
birinchi (ostki) qator g‘ishtlari devorning bo‘yiga nisbatan ko‘ndalang yotqizib teriladi;
devorlar va ustunlarning chetki qatorlaridagi, bo‘g‘ot va belbog‘lardagi g‘ishtlar, shuningdek, devorning orayopma va balkon plitalari, to‘sinlar va boshqalar tayanadigan joylardagi g‘ishtlar ko‘ndalang teriladi;
g‘ishtlar ko‘ndalang terilgan qator bilan g‘ishtlari uzunasiga terilgan qator navbatlashadi;
devorning sirtqi qatori bilan g‘ishtlari ko‘ndalang yotqizib terilgan qatorning vertikal choklari ¼ g‘isht bilan bog‘lanadi;
g‘ishtlari bo‘ylama yotqizib terilgan qatorlarning vertikal choklari devorning eni bo‘yicha ½ g‘isht bog‘lanadi.
To‘g‘ri burchaklarning g‘ishtlari quyidagicha teriladi:
to‘g‘ri burchaklarning g‘ishtlari (7-rasm. a, b), devorning qalinligi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, ko‘ndalang yotqizib teriladi;
har bir qatorda yarim g‘isht, uch choraklik g‘isht qo‘yib teriladi;
devor sirtqi qatori uzunasiga yotqizilgan uch choraklik g‘ishtlardan boshlanadi;
chetki qator g‘ishtlari ko‘ndalang yotqizib teriladi.
Devorlarning bir-biriga tutashadigan joyidagi g‘ishtlarni terishda quyidagi amallar bajariladi:
devorlarning bir-biriga tutashadigan joyidagi g‘ishtlarni terish ishlarida (7-rasm. d), bir devordagi bir qatorning g‘ishtlari ko‘ndalang va ikkinchi devordagi qatorniki uzunasiga yotqizib teriladi;
uch choraklik g‘ishtlar faqat ko‘ndalang devorlar tutashadigan joyda qator oralatib (g‘ishtlari ko‘ndalang terilgan qatorlar) yotqiziladi;
Do'stlaringiz bilan baham: |