Ўзбекистон Республикаси Олий суди раиси К. КАМИЛОВ
Пленум котиби, Ўзбекистон Республикаси Олий суди судьяси И. АЛИМОВ
Тошкент ш.,
2017 йил 11 октябрь,
35-сон
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida
Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, sudlanganlik shaxsning, unga sud hukmi bilan jazo qo‘llanilishidan kelib chiqadigan huquqiy holati bo‘lib, mazkur shaxsga nisbatan jinoyat-huquqiy va umumhuquqiy xususiyatga ega muayyan salbiy oqibatlar kelib chiqishida namoyon bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining (bundan buyon matnda — JK) 77-moddasiga muvofiq, sudlanganlik holati jazo tayinlangan sud hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, u tugallangan yoki olib tashlangan paytgacha davom etadi.
2. Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat qonunida shaxs sudlanmagan hisoblanadigan hollar mavjud. Jumladan, quyidagi holda shaxs sudlanmagan hisoblanadi, agar unga nisbatan:
jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilgan (JK 70, 71, 76-moddalari) yoxud shaxs bir vaqtning o‘zida asosiy va qo‘shimcha jazodan birinchi, apellatsiya, kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudi tomonidan ozod qilingan (JK 69, 75, 76-moddalari) bo‘lsa;
tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan bo‘lsa (JK 94-moddasi).
Quyidagi asoslarga ko‘ra jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxs ham sudlanmagan hisoblanadi:
javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan (JK 64-moddasi);
qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan (JK 65-moddasi);
aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan (JK 66-moddasi);
jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan (JK 66-1-moddasi);
jinoyat sodir etgan shaxs kasalligi tufayli (JK 67-moddasi);
amnistiya akti qo‘llanilganligi munosabati bilan (JK 68-moddasi).
3. Sudlanganlik holatining jinoyat-huquqiy oqibatlari sudlanganligi tugallanmagan va olib tashlanmagan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan holda kelib chiqadi va quyidagilarda ifodalanadi:
sudlanganlik qator hollarda jinoyat kvalifikatsiyasiga ta’sir etuvchi, ya’ni jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi holat hisoblanadi;
sudlanganlik muayyan hollarda shaxsni o‘ta xavfli retsidivist deb topilishiga asos bo‘ladi (JK 34-moddasi);
sudlanganlik, agar shaxs muqaddam ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tagan bo‘lsa, jazoni ijro etish koloniyasi turini belgilash uchun ahamiyat kasb etadi (JK 50-moddasi);
sudlanganlik jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etiladi (JK 56-moddasi);
ilgari sodir etilgan jinoyati uchun jazo o‘tayotgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan hollarda, hukmlar majmui bo‘yicha jazo belgilashda sudlanganlik qattiqroq qoidalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi (JK 60-moddasi);
tugallanmagan va olib tashlanmagan sudlanganlik holatining mavjudligi ayrim asoslar bo‘yicha, masalan, aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi (JK 66-moddasi), alohida hollarda esa (og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lganda), jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi (JK 66-1-moddasi) munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishiga to‘sqinlik qiladi.
Sudlanganlik holatining jinoyat-huquqiy oqibati jazodan ozod qilish (JK 71-moddasi), shartli hukm qilish (JK 72-moddasi), voyaga yetmagan shaxsga nisbatan majburlov choralarini qo‘llash (JK 87-moddasi) kabi choralarni qo‘llash uchun moddiy qonunda taqiq mavjudligida ham namoyon bo‘ladi.
4. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qonun sudlanganlik holati barham topishining faqat ikki usulini — uning tugallanishi va olib tashlanishini nazarda tutadi (JK 77-moddasi to‘rtinchi qismi).
Sudlanganlik holati tugallanishi shaxsning sudlanganligi fakti bilan bog‘liq barcha oqibatlarning jazo turi va muddatidan kelib chiqqan holda JK 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o‘tganligi natijasida avtomatik tarzda (o‘z-o‘zidan) barham topishini anglatadi. Bunday hollarda sudlanganligi tugallangan shaxs, uning vorisi, qonuniy vakili yoki advokati iltimosiga ko‘ra hukm chiqargan sud tomonidan sudlanganlik holati mavjud emasligi faktini tasdiqlovchi ma’lumotnoma beriladi. Buning uchun manfaatdor shaxs tomonidan sudga taqdim etilgan ichki ishlar organlari axborot markazi ma’lumotnomasi va jazo o‘talganligi (ijro etilganligi) faktini tasdiqlovchi hujjatlar asos bo‘ladi.
Sudlanganlikning olib tashlanishi undan kelib chiqqan huquqiy oqibatlar sudlanganlik holati barham topishi uchun qonunda belgilangan muddatlar o‘tguniga qadar sud qaroriga asosan tugatilishini anglatadi. Sudlanganlik olib tashlanishi uchun shaxsning jazoni o‘tab chiqqandan keyingi benuqson xulq-atvori (unga nisbatan ma’muriy jazo yoki intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilmaganligi), jamoat birlashmasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi, jamoa yoki shaxsning o‘zi JK 79-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar o‘tgandan so‘ng bergan iltimosnomasi asos bo‘lishi mumkin. Qonun sud tartibidan tashqari amnistiya akti yoki afv etish orqali sudlanganlikni olib tashlash imkoniyatini ham nazarda tutadi.
Sudlanganlik holatining tugallanishi va qonunda belgilangan tartibda olib tashlanishi jinoyatlar majmui, takroranligini va retsidiv jinoyatni istisno etuvchi holat hisoblanadi.
5. Sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan paytdan boshlab shaxs sudlanmagan hisoblanib, ushbu shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligi fakti va uning uchun sudlanganlik bilan bog‘liq barcha huquqiy oqibatlar qat’iyan va so‘zsiz bekor bo‘ladi.
Sudlar, sudlanganlik holati olib tashlanishini shaxsni reabilitatsiya qilishdan farqlashlari lozim. Shaxs reabilitatsiya qilinganda, davlat u jinoyat sodir etganlikda xato aybdor deb topilganligini tan oladi. Sudlanganlik holati olib tashlanganda shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligi fakti inkor etilmay, faqat jinoiy javobgarlikka tortish oqibatlarini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
6. Jinoyat kodeksi 13-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega.
Shu munosabat bilan, agar surishtiruv, dastlabki tergov olib borilayotgan, ish sudda ko‘rilayotgan yoki shaxs jazo o‘tayotgan davrda uning tomonidan sodir etilgan qilmish jinoiyligini bekor qiladigan qonun qabul qilinsa, bunday holda shaxs jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilinadi va qilmish jinoiyligini bekor qilgan qonun kuchga kirgan paytdan sudlanmagan hisoblanadi. Mazkur qoida jazoni o‘tab bo‘lgan, biroq sudlanganlik holatida bo‘lgan shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |