O’zbekiston Respublikasi Oliy Sud Plenumining 2013.31.05 dagi 8-son qarorining 7-bandiga ko’ra soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan soliq to‘lovchi subyektlarning g‘ayriqonuniy harakatlari bilan bog‘liq jinoyat ishlari JK 184-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olinsa, ularni qo’shimcha ravishda JK 192 (11), 205-209, 227-228 moddalari bilan kvalifikatsiya qilish talab etilmasligi keltirilgan. Ammo birinchi instansiya sudi jinoyat ishini kvalifikatsiya qilishda Oliy Sud Plenumining yuqoridagi bandiga rioya qilmagan.
X va M lar yuridik shaxsni tashkil etish to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganliklari uchun yuridik shaxs Fuqarolik Kodeksi 53-moddasi 2-qismida ko’rsatilgan asoslarga ko’ra bekor qilinadi. X va Mlar esa JK 192(5)-moddasi 2-qismi “b” bandi, ya’ni litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishning belgilangan tartibini buzish jinoyatni uyushgan guruh manfaatlarini ko’zlagan holda, JK 184-moddasi 3-qismi, ya’ni soliqlar yoki boshqa majburiy to’lovlarni to’lashdan bo’yin tovlash jinoyatini juda ko’p miqdorda (qasddan yashirilgan, kamaytirib ko’rsatilgan foyda (daromad) bo’yicha soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’liq to’langan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo’llanilmaydi.) sodir etgan.
O’zbekiston Respublikasi VMning 2002.05.08dagi 280-sonli “Pul mablag’larining bankdan tashqari muomalasini yanada qisqartirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorining 8-bandiga binoan yuridik shaxslar va yuridik shaxs bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan savdo yoki tovarlarni naqd pulga ulgurji sotish qoidalarini buzgan, naqd pul mablag‘larini o‘z vaqtida inkassa qilmagan aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan jinoiy jazoga tortishgacha bo’lgan javobgarlik belgilangan. Unga ko’ra X va Mlar JK 189-moddasi 2-qismi tovarlar savdosi yoki xizmat ko’rsatish qoidalarini juda ko’p miqdorda buzish jinoyatini sodir etgan. Shuningdek ular JK 167-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlarida keltirilgan jinoyatni, ya’ni aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo’lgan o’zganing mulkini o’zlashtirish yoki rastrata qilish yo’li bilan talon-toroj qilish jinoyatini bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan va mansab mavqeini suiiste’mol qilgan holda sodir etganlar. O’zbekiston Respublikasi Oliy Sud Plenumining 2013.31.05 dagi 8-son qarorining 11-bandiga ko’ra nodavlat tijorat yoki boshqa nodavlat tashkilotlari mansabdor shaxslarining soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda qasddan ko‘maklashishga qaratilgan harakatlari jinoyatda ishtirokchilik sifatida JK 28-moddasi hamda JK 184-moddasining tegishli qismi bo’yicha kvalifiktsiya qilinadi. X va Mlar esa jinoyat ishining ularga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratilgan shaxslar bilan oldindan til biriktirgan holda talon-taroj jinoyatini sodir etganlar. X va Mlar bilan til biriktirgan shaxslarning harakati aynan yuqoridagi 11-bandga binoan kvalifikatsiya qilinadi. Sud qaror qilishda JK 54-moddasiga ko’ra og’irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olishi va 59-moddaga binoan bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlashi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |