19.2. Tolerantlikni zamonaviy tushunish va anglash jarayonlari
XX asrning so‘nggi choragidan boshlangan. 1995 yili 16 noyabrda Parij shahrida YuNESKO tashkilotining yigirma sakkizinchi Sessiyasida 185 dunyo davlatlari ishtirokida “Tolerantlik tamoyillari Deklaratsiya”33si imzolandi. Ushbu deklaratsiya YuNESKO tashkilotining Bosh Assambleyasi konferensiyasining 5.61 Rezolyusiyasi bilan tasdiqlandi. Mazkur xujjat tolerantlikni dunyo rang-barangligi asosidagi erkinlik huquqi sifatida baholaydi. Shu davrdan boshlab 16 noyabrni dunyo miqyosida tolerantlik kuni sifatida nishonlash an’anaga aylandi.
“Tolerantlik tamoyillari Deklaratsiyasi”da so‘nggi davrlarda dunyo miqyosida ko‘payib borayotgan “zo‘ravonlik, terrorizm, ksenofobiya, agressiv millatchilik, rasizm, antisemitizm, etnik, diniy va til nuqtai nazardan kichik guruhlar, shuningdek qochoqlar, gastarbayterlar, immigrantlar, ijtimoiy muhofazaga muhtojlarga nisbatan e’tiborsizlik va hurmatsizlik” kabi holatlar mavjudligini tan oladi va yoshlar tarbiyasida tolerantlik masalalariga bo‘lgan maxsus e’tiborni kuchaytirish lozimligini ko‘rsatadi.
“Tolerantlik tamoyillari Deklaratsiyasi”ning preambulasida ta’kidlanishicha, “Biz, Birlashgan Millatlar tashkiloti xalqlari, bo‘lajak avlodlarni urush talofotlaridan muhofaza qilish maqsadlarida yana bir bor inson huquqlari, inson hayotining qadr-qimmatiga bo‘lgan e’tiborni tiklash uchun tolerantlik g‘oyalariga tayanib, insonlarning birgalikda, yaxshi qo‘shnichilik an’analari asosida yashashlarini istaymiz”, - deb aytiladi.
Tolerantlik tushunchasi “multikulturalizm”, “polietniklik”, “monomadaniyat” va “polimadaniyat”, “madaniyatlararo dialog” kabi ijtimoiy-siyosiy voqeliklarning to‘g‘ri baholanishini, shu bilan birga genotsid, rasizm, ksenofobiya, ekstremizm, etnotsentrizm, fundamentalizm, radikalizm, millatchilik, milliy shovinizm, milliy xudbinlik, guruhli xudbinlik, diniy aqidaparastlik va diniy riyokorlik kabi tolerantlikka qarshi bo‘lgan tushunchalarning salbiy qirralarini bilishni, ularning barcha ko‘rinishlariga qarshi ogoh bo‘lishlikni talab etadi.
Demak, bugungi kunda tolerantlik tushunchasi insonlarning o‘zaro munosabatlarini ularning millati, irqi, nasli nasabi, madaniyati va urf-odatlari, iqtisodiy ahvoli, dini va e’tiqodiga qaramasdan muvozanatda saqlash me’yorlarini o‘zida mujassam etadi. Tolerantlik – insonning turli iqtisodiy, ma’naviy, mafkuraviy, diniy munosabatlarga kirishishining qonun-qoidalarini belgilab beradi.
O‘zbek millatining etik-estetik, axloq va odob, ma’naviy va ma’rifiy, falsafiy qadriyatlari tizimida tolerantlik g‘oyalari eng qadimgi davrlardan boshlab rivojlantirilgan va o‘ziga xos tarzda shakllantirilgan34. O‘zbeklar milliy an’analarida tolerantlik tushunchasi ancha keng va asosli tarzda tushuntirilgan va avlodlar tarbiyasining muhim omillaridan biri sanalgan. Tolerantlik tushunchasida inson axloqiga oid sabr-bardoshli bo‘lish, hurmat, e’zoz, izzat ko‘rsata olish, rahmdillilik, mehru-muruvvat kabi sifatlar an’anaviy xususiyatga ega bo‘lgan. Tolerantlikning tarixiy ildizlari eng qadimgi davrda “Avesto”, “O‘rxun-Enasoy bitiklari”, “So‘g‘d yozuvlari”35 kabi adabiy yodgorliklarda shakllantirilgan va inson odobi, uning ma’naviy-ruhiy aqidalarining zarur talabiga aylangan. “Kattani hurmat qilish, kichikka izzat bilan qarash” o‘zbeklarning milliy axloqiy talablaridan hisoblangan.
O‘zbeklar milliy qadriyatlari tizimida tolerantlik tushunchasi tarkibiga an’anaviy tarzda kuyidagi insoniy hislatlar va tafakkur qirralarini kiritganlar: insof, adolat, hurmat, e’zoz, izzat, sabr, qanoat, mehr, keng fe’llilik, bilimdonlik, madaniyatlar tarixini bilish, boshqa madaniyat va din vakillariga e’zozli va hurmatli munosabatda bo‘lish, taqvodorlikning har qanday ko‘rinishlariga chuqur hurmat, bag‘rikenglikni kundalik turmushga nisbatan qo‘llash, bag‘rikenglikni oilaviy tushuncha darajasida amal qilishini ta’minlash, do‘stlik, birodarlik, bir-biriga azizlik qadriyatlarini oilaviy munosabatlarga o‘tkazish, o‘zaro tenglik, o‘zaro tenglikka hurmat, tenglik tushunchasini juda keng anglash, o‘zaro hamjihatlik, tinchlik, tinchlikka chuqur hurmat va e’zoz, uni eng ulug‘ qadriyatlardan hisoblash, janjal va nizolardan qochish, yaxshi niyatli va amalli bo‘lmoq, sodiqlik, insonparvarlik va insonni ardoqlash, vatanparvarlik, ilmga chanqoqlik, hurfikrlilik va erk, tafakkurga ishonch, mehr-muruvvat, yaxshilik, ona va ayolga ehtirom, ota-onaga chuqur hurmat, ota-onaga xizmat, diniy bag‘rikenglik, haqgo‘ylik, halimlik, kamtarinlik, tavozuli bo‘lmoq, og‘ir-bosiqlik, salmoqlilik, vazminlik, yetti marta o‘ylab, biror qarorga kelish, barqarorlik, peshqadamlilik, ilg‘orlik, qilgan amallar va niyatlarda pok bo‘lmoqlik, e’tiqodda qat’iylik v.b.
Islom dini – tinchliksevar din deb tan olinadi. Tinchlik, totuvlik, barqarorlik, insonlararo hamjihatlik ham diniy, ham dunyoviy tafakkur doirasida amal qiladigan ma’naviy qadriyatlardan hisoblanadi. Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, aholini bunyodkorlik ishlariga safarbar etish, yer yuzini “obod qilish”, tangrining yerdagi barcha mavjudotlariga nisbatan mehrli, shavqatli bo‘lish insonning asl vazifalari ekanligi islom dinida ham, dunyoviy tafakkur doirasida ham targ‘ib etiladi. Shunday qilib, ma’naviy-diniy bag‘rikenglik aqidalari va tolerantlik tamoyillari Sharq mutafakkirlarining islom madaniyati tarkibidagi falsafa, fiqh, san’at, tarix, adabiyot kabi ilmlar doirasida rivojlantirilgan, targ‘ib va tashviq etilgan, inson tarbiyasi va komilligining muhim jihatlaridan deb sanalgan. Insonlararo, millatlararo, davlatlararo va boshqa turdagi barcha ziddiyatlarni ham tolerantlik tafakkurisiz biror to‘xtam va yechimga olib kelib bo‘masligi ayon. Demak, tolerantlik tafakkurining konfliktlar yechimidagi o‘rni o‘zgachadir. Tolerantlik tafakkuriga ega bo‘lgan odam o‘z hayoti va atrofidagi o‘ziga yaqin insonlar hayotini turli ziddiyatlardan muntazam muhofaza qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Inson tug‘ilib, o‘zining ilk nafasini olishi bilanoq, uning shaxs sifatidagi shakllanishining uzoq va mushaqqatli jarayoni boshlanadi. Oilamizda farzand tug‘ilsa, butun oila, quda-andalar, qo‘ni-qo‘shnilar, yaqin qarindoshlar – hammamiz eng quvonchli damlarni boshimizdan o‘tkazamiz, o‘zimizni eng baxtiyor inson sifatida anglaymiz. Farzand tug‘ilishidan ortiq baxt yo‘q, deb hisoblaymiz. Farzandimizning sog‘lig‘i va unib o‘sishi uchun parvona bo‘lamiz. Chunki u - murg‘ak, chunki u - bizning e’tiborimiz va mehrimizga juda muhtoj. Agar biz bolani boqishda kichik bir xatoga yo‘l qo‘ysak, go‘dakning unib-o‘sishida qiyinchiliklar kelib chiqishi, hammamiz kuyinishimiz aniq va muqarrardir. Bola o‘stirar ekanmiz, biz ko‘proq ana shu tomonga, ya’ni uning salomatligini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishga o‘zimizni qurbon qilamiz. Bu vazifani hech qachon yodimizdan chiqarmaymiz, mazkur masalada har doim e’tiborli va sezgir bo‘lishga harakat qilamiz. Hech qachon bizning xotiramizdan chiqmay, bizning mas’uliyatimizni doimo ta’minlab turuvchi masala - farzandimiz sog‘lig‘i va salomatligi hisoblanadi.
Shunday ekan, bir tomondan, o‘z tafakkurini tolerantlik tamoyillari asosda shakllantirish, ikkinchi tomondan, diniy bag‘rikenglik talablariga rioya qilish, shu bilan birga, turli zamonaviy tahdidlardan o‘zini va o‘z atrofidagilarni muhofaza qila olish kabi tamoyillar konfliktlar yechimiga qaratilgan maxsus ijtimoiy bilimlar majmuasiga kiritiladi. Ularni mutanosib anglash, ularga rioya qilish, insonlar erki va huquqlarini hurmat qilish jamiyatlarda turli ijtimoiy konfliktlarning yuzaga kelmasligini oldini olish tadbirlariga qaratilgandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |