20.4. Alyuminiy konlari va ularning sanoat turlari
Alyuminiyning klarki 8,05%, solishtirma og‘irligi 2,7. Alyuminiy mexanik pishiqligi, engil va oksidlanmasligi, elektr tokini yaxshi o‘tkazishi bilan xalq xo‘jaligida asosiy o‘rin tutadi. U ko‘pgina elementlar bilan qotishmalar hosil qiladi. Mis bilan dyuralyuminiy, kremniy bilan silumin sanoatda keng qo‘llaniladi.
Alyuminiyning dunyo bo‘yicha tabiiy zahirasi 2005 yil ma’lumoti bo‘yicha 32 mlrd t. Bir yilda dunyo bo‘yicha 165 mln. t. alyuminiy ma’dani qazib olinadi. SHu jumladan, Avstraliyada 58 mln.t. qazib olinadi.
Alyuminiyning minerallari juda ko‘p – 250 ga yaqin. Ulardan byomit, diaspor va gidrargillit eng asosiylari hisoblanadi va ular boksit tarkibiga kiradi.
Alyuminiy konlarining tabiatda ikki turi uchraydi:
1.Qoldiq konlar.
2. CHo‘kindi konlar.
Qoldiq konlar tog‘ jinslarining nurashi natijasida paydo bo‘ladi. Masalan, nefelinli sienitlar, bazalt va diabazlarning nurashga uchrashi natijasida gillar tarkibiga kiruvchi yuqorida ko‘rsatilgan minerallar to‘planishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday konlar AQSHda Arkanzas shtatida, Hindistonda, Braziliyada uchraydi.
CHo‘kindi konlar Vengriya, Fransiya va Rossiyada (Uralda, Qizil shapkachasi) joylashgan.
Alyuminiy ishlab chiqarish uchun asosiy xom ashyo-boksit jinsi hisoblanadi (31-rasm).
Alyuminiy aviatsiya, avtomobil, kemasozlik, elektrotexnika va ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarishda ishlatiladi (32-rasm).
20.5. Molibden konlari va ularning sanoat turlari
Sof molibden-kumushsimon oq rangdagi qiyin eruvchan metall. Uning klarki 0,00011, erish harorati 2620oS, qaynash harorati 4700oS, solishtirma og‘irligi 10,2. Ishlab chiqariladigan molibdenning 95% dan ortiqrog‘i metallurgiyada maxsus po‘latlar va qotishmalar olish uchun qo‘llaniladi.
Molibden 20dan ortiqroq mineral tarkibiga kiradi. Ularning asosiylari: molibdenit va kovelit. Molibdenningdunyo bo‘yicha tabiiy zahirasi 2005 yil ma’lumoti bo‘yicha 18,4 mln.t., shu jumladan 3,3 mln.t.Xitoyda, 2,7 mln.t. AQSHda to‘plangan.
Molibdenli po‘latlar kesuvchi asboblar tayyorlashda, zanglamaydigan va yuqori haroratga chidamli bo‘lgan qotishmalar tayyorlashda qo‘llaniladi. Bundan tashqari molibden radiotexnikada, elektr pechlarni ishlab chiqarishda, kimyo sanoatida maxsus bo‘yoqlar tayyorlashda qo‘llaniladi (33-rasm).
Bir yilda dunyo bo‘yicha 163 ming t. Molibden ma’dani qazib olinadi. SHundan 60 ming t. AQSHda ishlab chiqaradi.
Molibden ma’danlarining sanoat turidagi to‘plamlari quyidagi turlardagi konlar bilan bog‘liq:
Magmatik konlar –AQSHdagi Kleymeks, Rossiyadagi Jiriken.
Gidrotermal konlar – O‘zbekistondagi Qalmoqqir, Rossiyadagi Kodjara.
Skarn konlar- Kavkazdagi Tirnauz, O‘zbekistondagi Ingichka.
Hulosa
Mavzuda rangli metallar (volfram, mis, qo‘rg‘oshin, alyuminiy, molibden)ning fizik va kimyoviy xususiyatlari, tog‘ jinslari va ularning tarkibidagi elementlarning miqdori (% hisobida), dunyodagi davlatlar misolida zahiralar va ularning qazib olinadigan miqdorlari, konlarning nomi va joylashgan eri, xalq xo‘jaligining qaysi sanoat va sohalarida foydalanish mumkinligi to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |