Suv, mineral tuzlar va vitaminlarning so‘rilishi. Suv hazm kanaliga ichimlik va ovqatlar (2-2,5 l) hamda hazm bezlar shiralari (6-7 l) tarkibida kiradi. Suv najas bilan (100-150 ml) atrofida organizmdan chiqib ketadi. Qolgan suv hazm kanalidan qonga, bir qismi limfaga qayta so‘riladi. Qayta so‘rilish jarayoni ingichka va, ayniqsa, yo‘g‘on ichakda ro‘y beradi (bir kecha-kunduz davomida 8 l atrofida). Suv, natriy va xlor ionlari bilan ichakka osmos gradiyenti bo‘yicha o‘tishi mumkin. Ingichka ichakda suv va ba'zi anionlarning so‘rilishi natriy va xlor ionlariga bog‘liq. Natriy ionlari ingichka ichak bo‘shlig‘idan qonga enterotsitlar orqali va hujayralar oralig‘idagi kanallar bo‘ylab ham o‘tadi. Bu kanallardan natriyning tashilishi sust kontsentratsion gradiyent mexanizmi bo‘yicha amalga oshadi.
Natriy kationning enterotsitlar orqali so‘rilish jarayoni anchagina murakkab. Ichak ximusidan natriy kationi avval apikal membrana orqali enterotsit ichiga ko‘pincha passiv transport orqali o‘tadi. Bu jarayon sust elektrokimyoviy gradiyent bo‘yicha bo‘ladi. Bundan tashqari, natriy ionlarining bir qismi glyukoza, amino-kislotalar, bikarbonatlar va xloridlar bilan bog‘langan holda bazolateral membrana-lar orqali o‘tish mexanizmlari mavjud. Natriy ioni so‘rilayotganda shu moddalar bilan birgalikda hujayralarga kiradi. Bazolateral membranalar orqali natriy ionlarining faol transport mexanizmlari yordamida qon, to‘qima suyuqligiga va limfaga o‘tadi. Enterotsitda uning miqdori qanchalik ko‘p bo‘lsa, u shunchalik oson passiv transport yo‘li bilan apikal membranalar orqali o‘tadi.
Trasportning turli stimulatorlari va ingibitorlari eng avvalo natriyning bazolateral membranasidagi faol transport tizimiga ta'sir qiladi. Yo‘g‘on ichakda natriyning transporti qandli moddalar va aminokislotalarning miqdoriga bog‘liq emas, ingichka ichakda esa bunday bog‘lanish mavjud. Ingichka ichakda natriy transporti asosan xlor ionlari bilan, yo‘g‘on ichakda esa kaliy ionlari bilan bog‘liq. Organizmda natriy miqdori kamayganda uning so‘rilishi keskin oshadi. Xlor aninonining me’dada, shu bilan birga, ichaklarda, ayniqsa, yonbosh ichakda so‘rilishi ham sust va faol tashilish mexanizmi asosida amalga oshiriladi.
Ikkala holatda ham, ayniqsa, passiv transportda xlorning tashilishi natriy ionining tashilishiga bog‘liq bo‘ladi. Xlor ionlarining faol tashilishida ularning bikarbonat ionlariga almashinishi ham ahamiyatga ega. So‘rilayotgan natriy va xlor ionlari suvni «ergashtirib» hujayra membranalardan o‘tadi. Ximusdan enterotsitga o‘tgan natriy va xlor ionlari sitoplazmada osmotik bosimni oshirib yuboradi. Paydo bo‘lgan osmotik bosimning farqi suvning hujayraga kirishini ta’minlaydi. Sitoplazmadan to‘qima suyuqligiga o‘tgan natriy va xlor ionlari ketidan suv osmos sababli hujayradan tashqariga chiqadi va undan keyin qon va limfaga qo‘shilib ketadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |