Lord Lyuvisning shtabi
Atrofi vampirlar bilan qo'riqlanadigan ulkan, qorong'i, hashamatli va qo'rqinchli bo'lgan, ichkariga faqat katta temir darvoza orqali kirish mumkin bo'lgan shtab omborxonasiga yuzlab miltiqlar tartib bilan, ohista terib qo'yilgan. Ana shu miltiqlarni birma bir ko'zdan kechirib chiqayotgan Lord Lyuvis yonida turgan Mikael, Albert va Elizabet buviga qarab, birma-bir buyruq berib chiqdi:
–Albert, omborxonaga hech kim hech qachon kira olmasligini ta'minlaysan. Tushunarlimi?
–Ha, milord. O'z jonimni o'rtaga qo'yib bo'lsada, omborxonaga hech kimni kirgazmayman.
–Mikael, sen "B32" ga, Piter Minervaning yoniga borib, yana ham ko'proq qurol yasashini buyurasan va Anabellaning shtabi xaritasini yana ham to'liq va nuqsonsiz tuzib berasan.
–Ho'p bo'ladi, milord.
–Elizabet, sen esa shtabdagi onalarni oddiy miltiq bilan shug'ullantir. Nafaqat vampirlar, balki ular ham shtabimizni himoya qilishi kerak. Biz jangga to'liq tayyorlanib olishimiz shart!
–Buyrug'ingiz bajariladi, milord. Barcha onalarni harbiy tayyorgarlikka jamlayman.
–Yaxshi...-Lyuvis chuqur nafas olib, qo'llarini qarsillatib qo'ydi,-Albert va Mikael, hoziroq buyruqni bajarish uchun jo'nang. Men esa Elizabet bilan yolg'iz gaplashib olmoqchiman.
Albert va Mikael ta'zim qilib, omborxonadan chiqib ketishdi. Ular g'oyib bo'lishi bilan Lyuvis qip-qizil va dahshatli ko'zlari bilan qo'rquv ichida dag'-dag' titrab, miltiqlar joylangan javonga suyanib qolgan Elizabetning yuziga tikildi.
–Xo'sh, Elizabet xonim...menimcha sizga buvi bo'lishingizdan avval bir nechta buzib bo'lmaydigan qoidalar haqida tushuntirib bergandim, shekilli?
–Ha, milord...biror muammo tug'ildimi?
Lyuvis hech narsa demay, shiddat bilan Elizabetni javonga tirab, qattiq bo'g'ib oldi. Uning qo'lidan o'sib chiqqan uzun tirnoqlari Elizabetning bo'yniga botib, u yerdan qon oqib ketdi.
–Senga shtab arxiviga umuman yaqinlashmaysan demaganmidim? Javob ber, 1041!
–Ha milord...kechiring...hammasini tushuntirib beraman...
–Nimani xohlaysan, Elizabet? Senga nima yetmayapti o'zi? Axir seni buvi lavozimiga ko'tardim-ku! Senga yana nima kam?! Yoki sen ham 1418 ga o'xshab o'lib ketishni istab qoldingmi? Agar xohlasang, buni hoziroq bajaraman!
–Yo'q milord...iltimos kechiring!-Elizabet borgan sari so'nib borayotgan ovozi bilan yalina boshladi,-Boshqa qaytarilmaydi! So'z beraman...
–Qaytarilib ham ko'rsin-chi, barmoqlaringni bitta-bitta sug'urib olaman!-Lyuvis Elizabetni yerga uloqtirdi. Keyin esa tirnog'idagi qonni yalab, omborxona eshigi tomonga yo'l oldi:
–Bu so'nggi imkon, 1041. Boshqa bunday xatolar bo'lmaydi degan umiddaman...
«YSM»
Bolalar bilan o'tgan omadsiz suhbatdan so'ng jurnalist Marta o'z barmoqlarini o'zi uqalab, ularni qanday mahv etish rejasini tuzib o'tiribdi.
–Shunday maqola yozishim kerak-ki, bu orqali William Minervaning ham, u asrab olgan notavon bolalarning ham sharmandasi chiqsin. Ularga barcha bir oyoqdan bosh ko'tarib, o'limga hukm qilinishini so'rashsin. Meni tahqirlaganlari uchun javob berishadi!
Ammo...ammo ular o'sha yozuvni o'chirib yubormagan bo'lishsa-chi? Yo'q! Nima bo'lsa bo'ldi! Jurnalistga o'lim yo'q. Ularning barchasini fosh qilaman!...
Marta qo'liga harf teradigan mashinasini ushlab olib, "YSM" bosh vaziri William Minerva va uning noqonuniy bolalari haqida tuhmat va bo'xtonlarga to'la maqola yoza boshladi...
Do'stlaringiz bilan baham: |