Anabellaning shtabi
Zarracha ham yorug'lik tushmayotgan, sovuq va zax bo'lgan, atrofdan qon hidi anqib turgan ulkan va keng xonada Mikael Satellaning oppoq qo'llaridan ushlab, unga yalinib yolvoryapti:
–Satella, axir sen ham men ham bilib turibmiz-ku. Anabella aqldan ozgan. U bolalarni shunchaki qo'yib yuborgani bunga isbot bo'la oladi. Iltimos sendan, menga o'sha bola chizib bergan xaritani ber. Yoki hech bo'lmasa ana shu xarita yordamida Lord Lyuvisning shtabiga hujumga o'tishga Anabellani ko'ndir!
–Ko'ndirganimdan nima foyda?-so'radi Satella sovuq ohangda.
–Agar biz o'sha shtabni ham egallab olsak, ixtiyorimizda naq 10 ta ferma bo'ladi! 10 ta ferma, ikkita olim hamda ikkita onalar birlashmasi. Buni tasavvur qilyapsanmi? Bunday qudrat bilan boshqa shtablarga ham hujum qilib, bemalol egallab olishimiz mumkin. O'z hokimiyatimizni o'rnatamiz. Keyin barcha vampirlar hamda Nimmerlanddagi odam josuslarimizni to'plab, odamlarni ham yo'q qilamiz! Butunlay vampirlar hukmronligi o'rnatiladi. Ushbu mamlakatga esa sen va men boshchilik qilamiz. Abadul-abad...
–Juda uzoqqa ketib qolding, Mikael. Sen aytgan gaplarni amalga oshirish oson ish emas. Senga hech qachon yordam bermayman. Qolaversa, bu ming yillik va'daga zid.
–Satella! Aqlingni yig'! Bu bilan uzoqqa bora olmaymiz! Anabellani yo'q qilish vaqti keldi! Ming yillik va'dani esa unut!
–Meni kechir, Mikael. Lekin xoinlikdan nafratlanaman. Men sevgan Mikael bunday so'zlarni aytmasdi. O'zgarib, aqldan ozgan aslida Anabella emas, sensan.
–Satella...
–Mendan uzoqroq yur, Mikael. Aks holda o'zingga yomon bo'ladi,-Satella hech narsa demay, eshik tomonga yo'l oldi. Mikael esa jahl bilan shamol tezligida eshik yonida paydo bo'ldi.
–Mendan shunchaki voz kechib ketolmaysan, Satella! Bunga yo'l qo'ymayman!
–Yo'l qo'yib bo'lding. Ammo senda hali ham imkon bor. Adashganingni tan ol hamda yana eski hayotimizga qayt. Shundagina seni kechirishim mumkin...
Satella temirdan yasalgan ulkan zanglab ketgan eshikni ochib, tashqariga chiqib ketdi. Ichkarida qip-qizil ko'zlari zulmatda yaltiran turgan Mikael esa qo'llarini qattiq musht qilib tugdi:
–Yo'q, Satella...boshqa hech qachon avvalgiday bo'lmaydi. Mana ko'rasan, hali o'zing oyog'im ostiga yalinib kelasan. Ammo o'sha payt sen emas, men sendan voz kechgan bo'laman...
Do'stlaringiz bilan baham: |