Qadimgi Xitoy falsafasi. Qadimgi Xitoyda fan va madaniyat oʼziga xos shaklda rivojlangan. eramizdan avvalgi ikki minginchi yilning oʼrtalariga kelib, Yuan-in davlatida muayyan xoʼjalik shakli yuzaga kelgan. eramizdan avvalgi XII asrda esa, urushlar natijasida davlat Chjou qabilasining qoʼliga oʼtgan. Bu hokimiyat eramizdan avvalgiVII asrgacha davom etgan. Bu vaqtda diniy mifologik dunyoqarash hukmronlik qilgan. U olam va tabiatning paydo boʼlishini oʼziga xos tarzda tushuntirgan va dunyoviy bilimlar rivojiga oʼz taʼsirini oʼtkazgan.
Bunday ruhdagi falsafiy gʼoyalar ayniqsa qadimgi Xitoy donishmandi Konfutsiy (551-479) ijodida yaqqol aks etgan. Uning «Hikmatlari», yaʼni aforizmlari juda mashhur. Konfutsiy taʼlimotida umuminsoniy qadriyatlarning xitoy xalqi turmush tarzida oʼziga xos tarzda namoyon boʼlishi, bu xalqqa xos maʼnaviy mezonlar aks etgan. Bu taʼlimot bir necha asrlar davomida ushbu hududda milliy gʼoyalar majmui, millatning mafkurasi sifatida odamlarning maʼnaviy ongi va qiyofasi shakllanishiga taʼsir koʼrsatgan. u hozirgi Xitoyda ham oʼzining muayyan ahamiyatini saqlab qolgan.
Konfutsiy fikricha, olamni osmon boshqaradi. Osmon irodasi — taqdirdir. Biz yashab turgan olam, undagi tartib osmon hukmdori tomonidan yuborilgan. Jamiyat hayotidagi tartibga qattiq amal qilish talab etiladi. Tartib, Konfutsiy nuqtai nazariga koʼra, ilohiy mazmunga ega va uning mohiyatini «Li» tushunchasi belgilaydi. u, yaʼni tartib dunyoning mohiyatini aks ettiradi. Binobarin, jamiyatdagi barcha harakatlar unga binoan amalga oshishi lozim. Tartib — insoniyat jamoasining eng oliy hayotiy qadriyatlaridan biridir. Konfutsiyning taʼkidlashicha, shaxs faqat oʼzi uchun emas balki jamiyat uchun ham yashashi kerak. Konfutsiy taʼlimotida insonning hayotdagi ijtimoiy oʼrni nihoyatda ulugʼ, u oʼziga ravo koʼrmagan narsani boshqalarga ham ravo koʼrmasligi, oʼziga ravo koʼrgan narsani boshqalariga ham ravo koʼrishi lozim.
Konfutsiyning qarashlari keyinchalik jahon falsafasida axloqiy tamoyillar rivojida, adolat, birodarlik, erkinlik gʼoyalari takomilida muhim oʼrin tutgan. Bu taʼlimot Xitoyda ikki ming yil davomida davlat dini darajasiga koʼtarilgan va xalq hayotida muhim ahamiyat kasb etgan.
Qadimgi Xitoyning koʼzga koʼringan faylasuflaridan biri Lao-Tszidir (VI-Vasrlar). Uning taʼlimotiga koʼra, olam, jamiyat va inson hayoti Dao qonuniga boʼysunmogʼi lozim. Daosizm taʼlimoti ana shu tariqa shakllangan. Dao qonuni — tabiatning yashash qonunidir, undagi rang-baranglik kurashi va uygʼunligi abadiyligining eʼtirof etilishidir. Bu qonunga koʼra, olamning asosini tashkil etuvchi «Si», yaʼni beshta unsur — olov, suv, havo, er va yogʼoch yoki metall olamdagi barcha jismlar asosini tashkil etadi hamda ularning yuzaga kelishini taʼminlaydi. Lao-Tszining taʼkidlashicha, olamda hech bir narsa doimiy va oʼzgarmas, harakatsiz holda boʼlishi mumkin emas.
Daosizmga binoan, dunyodagi hamma narsa bir holatdan ikkinchi holatga oʼtib turadi. Qarama-qarshi kuchlar oʼrtasidagi kurash, yaʼni in va Yanʼ orasidagi munosabat — bizni oʼrab turgan olamni harakatga keltiruvchi kuchlar manbaidir. In va Yan oʼrtasidagi kurash daoni anglatadi. Odamzod bu kurash jarayonida doimo yaxshilik tomonida turishi, oʼzini qurshab turgan tabiat va atrofdagi olamga mehr koʼrsatishi lozim. Boʼlmasa, Dao qonuni buziladi va bunday joyda baxtsizlik, fojia yuz beradi. Lao-Tszi bu oʼrinda ekologik falokatni nazarda tutgan. «Kishilar Dao qonunini buzmasliklari kerak, aks holda tabiat ulardan albatta oʼch oladi», degan edi Lao-Tszi. Buni ekologik falokatlar avj olib borayotgan bugungi kun voqeligi ham tasdiqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |