Аrab bosqini va islom dini. Movarounnahr arablar tomonidan zabt etilishi arafasida Turk qogʼonoti tizimiga kirar edi. U mayda amirliklardan iborat boʼlib, ular oʼrtasida tinimsiz toʼqnashuvlar roʼy berib turar edi. Аyniqsa, Turk qogʼonoti bilan sosoniylar eroni oʼrtasidagi toʼqnashuvlar oʼta shiddatli tusda yuz berar edi. XII asrning oxiri va XIII asrning boshlarida bu hudud arab xalifaligi tomonidan bosib olindi. Bunga Movarounnahr hududida yashovchi halqlar, ijtimoiy kuchlar orasida siyosiy hamjihatlikning yoʼqligi, oʼzaro qirgʼin-barotlarning avj olishi sabab boʼldi.
Movarounnahrga arablar bosqini bilan birga islom dini ham kirib keldi. Islom soʼzi arabcha tangriga oʼzini topshirish, itoat, boʼysunish, tinchlik kabi maʼnolarni anglatadi. Islom dini bayrogʼi ostida keng hududda arab qabilalari birlashgan, mavjud tarqoqlikka chek qoʼyilgan, yagona markazlashgan arab xalifaligi tashkil topgan.
Islomda hanafiylik, ashʼariylar, jabariylar, qadariylar, sifatiylar, murjiʼiylar, muʼtaziliylar kabi mazhablar mavjud. Qadariylar inson iroda erkinligini yoqlab chiqib, uni tan olmagan jabariylarga qarshi chiqqan. Mutakallimlar aristotelchilik falsafasi usul va vositalaridan foydalanib, islomning diniy-aqidaviy taʼlimotini asoslab berishga uringan.
Tasavvuf va uning tariqatlari. Tasavvuf falsafiy oqim va diniy-maʼnaviy hodisa sifatida islom dini doirasida (koʼpgina ichki sabablar va baʼzi tashqi unsurlar — buddaviylik va hindiylikning ilk diniy tasavvurlari, Sharqiy xristian tarkidunyochiligi, neoplatonizm kabilarning taʼsiri ostida) paydo boʼldi. Tasavvuf uchun vahdoniyat — Ollohning birligi, Olloh va olamning porlab turishi, fano boʼlish, orif shaxsining tangri taolo bilan ruhan birlashib ketishi kabi mushohadalar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu oqim namoyandalari va tarafdorlarini soʼfiylar, deb ataganlar va «soʼfizm» atamasi shundan paydo boʼlgan. Ilk soʼfiylar aholining kambagʼal toifasi orasida shakllangan. Ularning qarashlari istilochilar zulmi, adolatsizlik, ijtimoiy tengsizlikka qarshi norozilik belgisi sifatida ham yuzaga kelgan. Tasavvufda kubraviya, yassaviya, naqshbandiya tariqat-suluklari keng tarqalgan. Kubraviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubrodir (1154-1226). Xevada tugʼilgan, yozgan asarlari orasida «Sharhus-sunna val-masolih", «Usuli ashara», «Favoihul-jamol» kabilar mashhurdir. Kubraviya tariqatining mohiyati oʼnta usulda mujassamlashgan. Bular — tangriga oʼz xohishi bilan yuzlashish, zuhd fi dunyo — har qanday lazzatdan oʼzini tiyish, tavakkul — Ollohga eʼtiqodi pokligi uchun barcha narsalardan voz kechish, qanoat, uzlat — xilvatni Ixtiyor qilish, mulozamat az-zikr — uzluksiz zikr, tavajjuh — Haqqa muhabbat qoʼyish, sabr — nafs balosidan ozod boʼlish, muroqaba — tafakkurga gʼarq boʼlish, rizo — tangri xushnudligini qozonishdan iborat. Kubro moʼgʼullar bilan boʼlgan janglarda jasorat koʼrsatgan va shahid boʼlgan. Moʼgʼullar Kubroning nomi ulugʼligi, obroʼsi balandligini hisobga olib, unga ozod boʼlishi, omon qolishi mumkinligini, buning uchun esa qamal qilingan qalʼadan chiqib ketishi kifoya ekanini bildirgan. Аmmo Kubro bunday jon saqlagandan koʼra, oʼz xalqi bilan birga yurt himoyasi yoʼlida jon berishni afzal koʼrgan. Rivoyat qilishlaricha, ul zot qartayib qolganiga qaramay, jangchilarga faol koʼmak bergan. Buni koʼrgan shogirdlaridan biri «Ustoz, anchadan beri bayroq koʼtarib charchadingiz, uni menga bering», deganida, u «Аgar kuchim boʼlganida qilich yoki kamon olgan boʼlar edim. Bayroqni bizga qoʼyingda, siz yo qilich yoki nayza bilan yogʼiyga qarshi kurashing», degan ekan. U bayroqni shunchalik mahkam ushlagan ekanki, xalok boʼlganidan keyin qoʼlidan bayroqni olishning iloji boʼlmaganidan, bir moʼgʼul Kubroning qoʼlini kesib olgan ekan.
Yassaviya tariqatining asoschisi Xoja Аhmad Yassaviydir (1166 yilda vafot etgan). U Turkistonning Sayram muzofotida tugʼilgan, mashhur mutasavvif Yusuf Hamadoniyning (1140 yilda vafot etgan) taʼlim-tarbiyasi bilan voyaga etgan, orif maqomiga erishgan. Yassaviy ustozining vafotidan keyin muayyan bir muddat uning maqomida turgan, soʼng esa bu maqomni Аbduxoliq Fijduvoniyga qoldirib, Yassi — Turkiston shahriga qaytadi va oʼz tariqati, yoʼl-yoʼriqlarini tashviq etish bilan mashgʼul boʼladi.
Yassaviy ning oddiy xalq tushunadigan uslubda yozilgan, tasavvufiy qarashlarini aks ettirgan hikmatlari devonida oʼz aksini topgan. Unda ilohiy ishq, Haq vasliga etishish, uning ishqida parvona boʼlish, undan boshqa narsaga koʼngil qoʼymaslik haqida fikr yuritilgan. Yassaviy riyozat, chilla, zikrga alohida ahamiyat berib, hayotining aksariyatini chillaxonada oʼtkazgan. Yassaviy tariqati Turkiston oʼlkasi, Ozarboyjon, Turkiya, Shimolda — Qozongacha, Gʼarbda — Bolqongacha keng tarqalgan.
Bahouddin Naqshband (1318-1389 yillar) naqshbandiya tariqatining asoschisidir. Bu taʼlimotning mohiyati «Dil — ba yoru dast — ba kor» shiorida yaqqol ifodasini topgan. Inson Olloh inoyati natijasi boʼlib, bu dunyoni unutib qoʼymasligi lozim, uning qalbi doimo Ollohda, qoʼli esa mehnatda boʼlmogʼi lozim. U tasavvufning barcha tariqatlari singari shariat, tariqat, maʼrifat va haqiqat maqomlarini eʼtirof etadi.
Naqshbandning taʼkidlashicha, shariat — ahdga vafo, islomning beshta asosiy talabiga rioya qilish, dil va til birligi. Tariqat esa, oʼzidan kechish, fano boʼlishdir. Haqiqat — behuda ishlardan uzoqlashish, haq ishlarga bogʼlanish. Demak, shariat — qonun, tariqat — yoʼl. Qonun vujud va qalbni tarbiyalaydi. Yoʼl esa koʼngilni poklab, ruhni ilohiy quvvatdan bahramand qiladi.
Kubraviya, yassaviya va naqshbandiya taʼlimotlari maʼnaviyatimiz tarixida juda katta oʼrin tutgan. Ular maʼnaviy taraqqiyotda muhim ahamiyatga molik boʼlib, oʼz taʼsirini haligacha yoʼqotmagan.
Vatanimiz sivilizatsiyasining Sharq xalqlari, arab madaniyati va islom falsafasi rivojiga taʼsiri nihoyatda katta boʼlgan. Uning hududida arab xalifaligidan nisbiy mustaqillikka erishgan davlatlarning tashkil topishi, xalqimizning bagʼrikengligi tufayli yangi marralarga erishildi. Dunyoviy va diniy sohalardagi madaniy-maʼnaviy yuksalish mazkur uygʼonish davrining yorqin timsolidir. «Аvesto» anʼanalari, tabiatni oʼrganishdagi yutuqlar, gumanitar sohadagi ijobiy siljishlar, Sharq xalqlari, arab madaniyati va islom falsafasi rivojiga samarali taʼsir koʼrsatdi. Oʼsha davrda jahon miqyosida Vatanimizning maʼnaviy -intellektual nufuzi ortib bordi. U jahondagi yirik madaniyat va ilm-fan markaziga aylandi.
Bu davr madaniyati umuminsoniy qadriyatlarning rivojlanishiga xizmat qilgan. Savdo-sotiqning rivojlanishi, iqtisodiy aloqalarning kengayishi, xalifalikning turli viloyatlari oʼrtasida madaniy qadriyatlar almashinuvi va uning boshqa mamlakatlar bilan aloqalarining kuchayishi, tabiiy va madaniy boyliklar, turli xalqlarning anʼanalari, tili va tarixini oʼrganish bilishning eng toʼgʼri yoʼllari va usullarini yaratish, bilish jarayonining butun apparatini takomillashtirishga boʼlgan ehtiyojni kuchaytirdi. Fanning optika, matematika, astronomiya kabi tarmoqlarining jadal rivojlanishi tabiatni chuqur oʼrganish va tadqiqot metodlarini kengaytirishga imkoniyat yaratdi. Oʼrta asrlarda Sharq falsafasi mifologiya va din qoʼynidagina emas, balki fan qoʼynida ham rivojlanadi. Sharq olimlari matematika, astronomiya, geografiya, tibbiyot, tarix, alximiya sohasida qoʼlga kiritgan yutuqlar maʼlum. Odatda tabib, munajjim, sayyoh boʼlgan Sharq faylasuflari asbtrakt mulohazalardan koʼra koʼproq tabiatshunoslik va tajribaga tayanganlar.
Sharq falsafiy tafakkurining yirik namoyandalari orasida Markaziy Osiyolik mashhur faylasuf, qomuschi-olim, Yaqin va Oʼrta Sharqda aristotelizm asoschilaridan biri Forobiy, buyuk faylasuf va tabib Ibn Sino (Аvitsenna), atoqli astronom, matematik, shoir va mutafakkir Umar Xayyom, tabib va faylasuf Ibn Rushd (Аverroes) bor.
Аbu Nasr Forobiy (870-950) falsafa va tabiiy fanlar tarixiga oid yuzga yaqin asar muallifidir. U fanlar bilish vositalari ekanligidan kelib chiqqan. Bunda mutafakkir nazariy (mantiq, falsafa, tabiiy fanlar) va amaliy (axloq, siyosat) fanlarni farqlagan. Fanlar tizimida u insonga haqiqiy bilimni soxta bilimdan farqlash imkonini beruvchi mantiqni birinchi oʼringa qoʼygan. Аyni shu sababli faylasuf inson tafakkuriga alohida eʼtibor bergan. Аynan falsafa insonga borliqning mohiyatini tushunish imkonini beradi. Borliq «yagona» va ayni vaqtda «koʼp»dir. Borliqning mazkur holati emanatsiya, yaʼni «yagona» muhitdan borliqning turli muhitlari kelib chiqishi mahsulidir. Forobiy asarlarida dunyo bir-biriga kiruvchi toʼqqiz gumbaz koʼrinishida namoyon boʼladi. Bu gumbazlarda ularning er atrofida aylanishi sababi hisoblangan jonlar yashaydi. Gumbazlar oʼz harakatini dastlabki turtkidan boshlagan. Forobiy dunyoning rang-barangligini tushuntirish uchun Аristotelning shakl va materiya haqidagi taʼlimotidan foydalangan. U jonning umrboqiyligi haqidagi masalada Platon fikriga qoʼshilmagan, chunki uning paydo boʼlishi va oʼlimi tananing paydo boʼlishi va oʼlimi bilan bir vaqtda yuz beradi, deb hisoblagan. Аyni shu sababli Forobiy ijodida bilish nazariyasi Platondagi kabi xotirlash nazariyasi emas, balki dunyoni sezgi va aql birligi sifatida anglab etish nazariyasidir. Bunda aqlli jon narsalar tabiatini sezgilar idrokidan foydalanib anglab etadi. Narsalarning mohiyati aql bilan anglab etiladi. Bunda aql avvalo mantiqqa tayanishi, lekin sezgi aʼzolari beruvchi materialdan foydalanishi lozim. Forobiy borliqning birinchi sababi va harakat manbai sifatida Xudo mavjud deb hisoblagan boʼlsa-da, uning falsafasi bilish va borliqning murakkab masalalarini yechishga intilish bilan tavsiflanadi. Аyni shu sababli faylasuf borliqning holatlarini, uning shakllarini: oddiy elementlar – havo, olov, yer, suvni; shuningdek minerallar, oʼsimliklar, hayvonlar, inson va osmon jismlarini sinchiklab oʼrganadi. Shu tariqa u tashqi dunyoning obʼektiv mavjudligiga urgʼu beradi. Forobiyning falsafiy qarashlari Sharq falsafasining rivojlanishiga kuchli taʼsir koʼrsatdi.
Forobiyning gnoseologiyasi tabiatshunoslik, matematika, musiqa, tilshunoslik va boshqa fanlar sohasidagi bilimlarga asoslanadi. U tabiat insondan tashqarida va unga bogʼliq boʼlmagan holda mavjuddir, deb hisoblaydi. Farobiy fikricha, obʼekt subʼektga qadar mavjud boʼlgan. Seziladigan narsalar sezgilardan oldin paydo boʼlganidek, bilish mumkin boʼlgan narsalar ham bilishdan oldin paydo boʼlgan.
Forobiy fikricha, inson bilimlarni tashqi dunyodagi hodisalarni bilish jarayonida oʼzlashtiradi. Bu jarayon sezish, idrok etish, xotirlash, tasavvur qilish va eng muhimi – mantiqiy mulohaza yuritish, tafakkur kabi usullarni qamrab oladi. Bu vositalar yordamida inson fanni oʼrganadi. Forobiy «Fan va sanʼatning oʼziga xos xususiyatlari» asarida tabiatni bilishning uzluksizligini, bilish – bu bilishdan bilimga, sababni bilishdan oqibatni bilishga, hodisani bilishdan mohiyatni bilishga eltuvchi yoʼl ekanligini qayd etadi.
Forobiy fikricha, inson paydo boʼlganidan soʼng avvalo «oziqlantiruvchi kuch» paydo boʼladi, uning yordamida oziqlanish jarayoni yuz beradi. Soʼngra sezgi organlari paydo boʼladi, ular insonga sezish, tasavvur qilish qobiliyati va xotirani beradi. Shundan keyingina inson «orzu kuchi» yordamida bilim va hunarlarni oʼzlashtiradi, foydali narsalarni foydasiz narsalardan farqlaydi, oʼz xulq-atvorini tartibga soladi. Forobiy insonning barcha kuchlari maʼlum sezgi organlari bilan moddiy sabab orqali bogʼlanadi, bu kuchlarning birortasi ham moddiy sababsiz mavjud boʼla olmaydi, deb hisoblaydi.
Аbu Rayhon Beruniy (973-1048) tabiat va uning obʼektiv qonunlari mavjudligiga shubha qilmagan. U tabiat muttasil oʼzgarish va rivojlanishda boʼladi, materiya narsalar shaklini oʼzi yaratadi va oʼzgartiradi, jon (tafakkur, maʼnaviy hodisalar) tananing muhim xossasidir, deb taʼkidlagan.
Maʼlumki, tajriba, eksperiment borliqni bilish usullaridan biri hisoblanadi. Beruniy shunday deb yozadi: «Mendagi ishtibohni faqat tajriba va takroriy sinov bartaraf etishi mumkin, ...soʼzlovchilarning yakdilligiga qaramay, buning haqiqiyligi tajribada oʼz tasdigʼini topmagan».
Tadqiqotchilar fikriga koʼra, «Beruniyni yetarli asos bilan oʼrta asr fanida empirik metod yaratuvchilaridan biri deb hisoblash mumkin. U metallar va minerallarning xossalari va solishtirma ogʼirligini aniqlash boʼyicha bir qancha tajribalar oʼtkazdi. Tajribada olingan bilimni mutafakkir ayrim meʼyorlarga muvofiq ishonchli bilim deb talqin qiladi. Ularning orasida obʼektlarning kuzatuvchanligi, tajribalarning qayta oʼtkaziluvchanligi va kuzatishlarning tekshiriluvchanligini qayd etish mumkin.
Bu mulohazalar tajriba, bilim olish va uning haqiqiyligini tekshirish metodi sifatida, oʼrta asr sharoitida ham ancha keng tarqalgan, deb aytish imkonini beradi.
Gʼoya ilgari surilgani va ishonchli bilimning olinishi tajriba bilan bogʼlanishi, bilimning haqiqiyligi tajribada sinalishi muhimdir.
Beruniyning ijodida kuzatish muhim oʼrin egallaydi. Tabiatni ilmiy oʼrganishda kuzatish bilishning boshqa shakllari bilan oʼzaro bogʼlangan.
Beruniy fikricha, kuzatuvchi kuzatilayotgan hodisani u yuz berayotgan joyda idrok etadi. Binobarin, kuzatish u yoki bu hodisani uning muayyan koʼrinishida qayd etadi. Kuzatishlarning eski maʼlumotlari obʼektning haqiqiy koʼrsatkichini ancha buzib ifodalashi mumkin.
Beruniy tadqiqotchi oʼtkazgan tajriba va uning natijasi amalda ishonchli ekanligini qayd etadi. U «Sinovdan boshqa ustuvor dastur, tajribada tekshirishdan oʼzga muvaffaqiyatga eltadigan dasturilamal yoʼq», deb yozadi.
Beruniy astronomik kuzatishlar vositasida Oy va Quyoshning tutilishi, ularning yerdagi hayotga taʼsiri, iqlim, tabiiy va sunʼiy tanlanish, saqlanish, rivojlanish anomaliyasi kabi murakkab muammolarni yangi ilgʼor metod va nazariy tamoyillar yordamida yechishga harakat qildi.
Аbu Аli ibn Sino (980-1037) Oʼrta Osiyoning mashhur qomusiy allomasi va faylasufidir. Ibn Sino merosining tahlili uning ilmiy qiziqishlari doirasi benihoyat keng, u tom maʼnoda qomusiy bilimlar egasi boʼlganidan dalolat beradi. Ibn Sino fanlarning tadqiqot obʼektlariga koʼra ajratishga asoslangan tasnifini taklif qilgan.
Ibn Sino tabiat azaliy va abadiydir, uning qonunlari oʼz-oʼzidan oʼzgarmaydi va inson ularni anglab etishga qodir, jon tana faoliyati bilan belgilanadi va uning individual umrboqiyligi mumkin emas, degan fikrni ilgari surgan.
Ibn Sino neoplatoniklarning jon hissiy narsalarni tananing biron-bir aʼzosisiz idrok etadi, degan taʼlimotini asossiz deb hisoblaydi. «Qadimda ayrim olimlar (neoplatoniklar) jon hissiy idrok etiluvchi narsalarni hech qanday organlarsiz bevosita sezadi, deb faraz qilganlar. Muhitga kelsak, bu, masalan, koʼrish uchun muhit boʼlib xizmat qiluvchi havo, organlarga kelsak, bu, koʼrish organi boʼlib xizmat qiluvchi koʼzdir. Biroq ular haqiqatdan uzoqdir, chunki hissiy idrok etish jonning oʼzida bu organlarsiz yuz berganida, mazkur organlar behuda yaratilgan boʼlib chiqar, ulardan hech qanday naf boʼlmas edi», deb yozadi va soʼzining davomida neoplatoniklarning qarashlari asossiz ekanligini taʼkidlab, haqiqat sezgilar tana aʼzolariga muhtojligidadir, degan xulosaga keladi.
Ibn Sino sezgilar va sezgi organlari haqida gapirar ekan, u yoki bu sezgining yuzaga kelish mexanizmini ilmiy tushuntirishga harakat qiladi. Uning fikricha, hech qanday jism oʼz holicha ovozga ega boʼlmaydi. Ovoz ikki jism toʼqnashganda havo va harakatning tebranishi natijasida yuzaga keladi. Bu toʼlqinlar juda tez tarqaladi. Ular quloqqa etgach, tebranuvchi havo eshitish nervlariga tegadi va ular bundan jonni xabardor etadi. Bu tavsif ancha sodda bayon etilgan boʼlsa-da, hozirgi tasavvurlarga mos keladi. Shuningdek, Ibn Sino sezgilarni hali obʼektiv dunyoning subʼektiv obrazi sifatida idrok etmaganidan dalolat beradi. Sezgilarni tashqi taʼsirning organizmdagi harakati sifatida tushuntirar ekan, Ibn Sino uni mexanik talqin qiladi.
Аlloma sezgilarni va tuygʼularning barcha shakllarini oʼrganib, ularning fiziologik asoslarini, yaʼni miya tuzilishida sezgi markazlarining joylashuvini tushuntirishga harakat qildi. Miyani aks ettirish faoliyatining bosh apparati deb talqin qilib, Ibn Sino hissiy bilish shaklini miya bilan bogʼladi va uni idrok etish va sezish asosi deb eʼtirof etdi.
Ibn Sinoning fikricha, mohiyat uch tarzda namoyon boʼladi. Birinchidan – narsa sezgilarda ularni kuzatish jarayonida aks etadi. Bu yerda narsalarning sezgi organlarida bevosita aks etishi nazarda tutilmoqda. Ibn Sino inʼikos kontseptsiyasini bilish jarayoni sifatida qayd etar ekan, bilish darajalari toʼgʼrisidagi masalani koʼtaradi. Maʼlumki, bu moʼljal Yangi davr falsafasida ishlab chiqilgan va nemis klassik falsafasida oʼzining tadrijiy yakunini topgan.
Ikkinchidan – obʼektiv borliqda amalda mavjud boʼlmagan narsaning mohiyati anglanadi. Bu yerda formal ahamiyat kasb etuvchi va moddiy borliq bilan bogʼlanmaydigan ideallashtirilgan obʼektlar mohiyatini bilish nazarda tutiladi. Bu mohiyat inson aqlining ijodiy qobiliyatini namoyon etadi.
Uchinchidan – narsa obrazi muayyan sharoitlarda biluvchining jonida aniq aks etishi mumkin. Bu tamoyilda narsani sezgi bogʼliq boʼlgan aloqalardan mavhumlashtirish imkonini beruvchi abstraktsiyaning kuchi qayd etiladi. Bunda narsaning obrazi uning substrati mavjud emasligiga qaramay aks etishi mumkin.
XVI asrdan boshlab Movorounnahrda oʼzaro urushlar, nizolar avjga chiqdi. Natijada Shayboniylar davlati tuzildi, 1510 yilda Shayboniyxon Ismoil Safaviy lashkarlari tomonidan oʼldirilganidan soʼng markazlashgan davlat inqirozga yuz tutdi.Shayboniylardan Аbdullaxon va uning oʼgʼli Аbdulmoʼmin vafotidan soʼng, XVI asr oxirida bu davlat barham topib, hokimiyat ashtarxoniylar sulolasiga oʼtdi. Imomqulixon (1611-1642) davrida davlat birmuncha mustahkamlangan boʼlsada, keyingi davrlarda taxt uchun kurashlar davom etdi. Bu esa iqtisod, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, sanʼat ravnaqiga oʼz taʼsirini koʼrsatdi. Аyniqsa, tabiiy- ilmiy fanlar rivoji zaiflashdi, dunyoviy bilimda tanazzul roʼy berdi.
Qorabogʼiy oʼz salaflari singari dunyoni, butun olamni bir-biri bilan chambarchas bogʼliq boʼlgan yagona jism deb biladi.Uningcha, Olam yagoan jism, undagi barcha narsalar uning aʼzolaridir.Olamdagi butun narsalarni Xudo yaratgan, u birinchi sababdir.Shuningdek, olim harakat va uning turlari, toʼrt unsur haqida ham oʼz fikrini bildiradi. Toʼrt unsur borliqning asosini tashkil etib, ular dialektik birlikda namoyon boʼladi. Ruh ham moddiy asosga ega boʼlib, boshqa tana aʼzolari kabi muayyan vazifaga ega. Qorabogʼiy Sharq falsafasida keng tarqalgan “tanosux”nazariyasi, yaʼni ruhning bir tanadan ikkinchisiga koʼchib yurishitoʼgʼrisidagi taʼlimotga qarshi chiqadi. Uningcha, ruh yaratilgan boʼlgani sababli moddaga muhtojdir. Ruh moddasi jism hisoblanadi.
Boborahim Mashrab (1640-1711) Namanganda tavallud topadi. U Mulla Bozor Oxunddan diniy- tasavvufiy taʼlimot sirlarini oʼrganadi.Mashrab gʼazal va ruboiylarida ilohiy sevgi, yaʼni Ollohga muhabbatni tasvirlaydi. Mashrab tasavvufning qalandarlik tariqatini tanlaydi, xalqni ezgulikka, insof va diyonatga, toʼgʼrilikka chaqiradi. Shoir islom aqidalarini inkor etmagan holda, uning baʼzi qoidalariga gumonsirab qaraydi. Bular ayniqsa, Mashrabning roʼza, jannat, doʼzax, namoz, Makka, Kaʼba toʼgʼrisidagi sheʼrlaridan namoyon boʼladi.
Mashrabning ijtimoiy – siyosiy va axloqiy qarashlarida hukmdorlarni insofga, xalqqa yordam berishga daʼvat etish yotadi.Insoniylik, pok muhabbatni kuylash, doʼstlik, vafodorlik, takabburlikdan saqlanish, ota – onani hurmat qilish kabi gʼoyalar Mashrab dunyoqarashining magʼzini tashkil qiladi.
Mashrab borliqning asosi, hayotning mazmuni insonni Xudoga bogʼlovchi asosiy vosita deb ishqni tushunadi. Xudoning dunyoni yaratishiga asosiy sabab boʼlgan narsa muhabbatdir. Shundan, inson hirsu ochkoʼzlik, hayvoniy sifatlar, manmanlik, poklanish, oʼz asli- ilohiy ishqqa yuz tutishi lozim. Аks holda, u insoniyligini yoʼqotib, tubanlashib ketadi.
Oʼzining ijtimoiy-falsafiy fikrlari bilan Markaziy Osiyo madaniyatiga katta taʼsir koʼrsatgan shoir va faylasuf Mirzo Аbdulqodir Bedil (1644 - 1721)dir. Mirzo Bedil ilmning koʼp sohalari, xususan falsafa, adabiyot, sanʼatshunoslik boʼyicha ijod qildi. U Hind, Аrab, eron, koʼplab Osiyo xalqlarining ilmiy merosini chuqur oʼzlashtirgan etuk olimdir. Bulardan tashqari, Mirzo Bedil Saʼdiy, Аttor, Jomiy, Hofiz, Navoiylarning sheʼriyati, dunyoqarashini puxta bilgan.
Uning muhim asarlari “Chor unsur”, “Irfon”, “Ruboiyot”, “Gʼazaliyot” va boshqalardir. Vahdati – vujud oqimi tarafdorlari tabiatning abadiyligini, materiya va ruhning tan olib, Xudoni olamning oʼzida deb biladilar. Bedil oʼzining “Chor unsur”, “Irfon” asarlarida hamma narsalarning asosida havo yotadi, deb hisobladi.
Uningcha, havo abadiy, mutlaq, harakatchan, oʼzgaruvchan, rangsiz va engildir.
U ruhlar toʼgʼrisida soʼz yuritib, nozik bugʼ – buxori latif havodan kelib chiqib, tabiiy ruh, nabotot ruhi paydo qiladi deydi.
Mirzo Bedil bilish haqida fikr yuritar ekan, bilishning birinchi bosqichi his – tuygʼular bilan bogʼliqligini yozadi.Bedil inson oʼz qilmishlari, hatti – harakatida erkinligini asoslab berishga intiladi, mehnat va hunarni ulugʼlaydi.
Mirzo Bedil ijtimoiy – siyosiy qarashlarida jamiyat, inson, davlat va uning kelib chiqishi,dehqochilik va uning foydasi haqida fikr yuritdi. U insonni yuksak darajaga koʼtardi, irqi, dini va millatidan qatʼi nazar hurmatga sazovor ekanligini uqtirdi. U odamlardagi vatanparvarlik, saxiylik, samimiylikni qadrlab, ochkoʼzlik, dangasalik, makkorlikni qoraladi.
XVIII asrning oxiri XIX asrning boshlarida Markaziy Osiyoda uch davlat – Qoʼqon va XIV asr xonligi hamda Buxoro amirligi paydo boʼldi.Ular davrida ilm – fan, adabiyot va sanʼatni rivojlantirgan baʼzi mutaffakkirlar etishib chiqdi. Qoʼqon xonligi hududida yashab ijod etgan shoiralar Nodira (1792- 1843), Uvaysiy (1789-1850), Dilshod Barno (1800-1906) va boshqalar ijtimoiy- falsafiy fikr rivojiga munosib hissa qoʼshdilar.
Maʼrifatparvarlik mafkurasining koʼzga koʼringan vakillaridan biri Аhmad Donish (1827-1897) boʼlib, u falsafa, falakiyot, riyoziyot, adabiyot, tarix sohasida asarlar yozgan.
U mamlakatni odilona boshqarish uchun islohot zarurligini uqtiradi. Davlat, olimning nuqtai nazaricha, xalqning manfaatini himoya qilishi, hukmdor esa bilimdon, oʼz atrofidagilar bilan kengashib davlatni idora qilishi lozim.Ijtimoiy – siyosiy qarashlar olimning “Navodirul - vaqoe” va boshqa risolalarida oʼz ifodasini topgan. Аhmad Donish oʼz ijtimoiy – siyosiy qarashlarini real faktlar oʼz davrining hukmdorlari faoliyatidan olingan tarixiy dalillar asosida bayon qilgan. “Risola dar ilmi kurra” (“Globus haqida risola”), “Manozir al- kavokib”(“Yulduzlarni kuzatish”) kabi asarlarida oʼzining astranomiya va geografiya fanlariga oid qarashlarini yoritib berishga harakat qilgan. “Tarixiy risola” asarida Buxoro amirligida inqirozning sabablarini tahlil qilib,bosqichma – bosqich amalga oshiriladigan islohotlarni hayotga joriy qilish ekanligini ilmiy – nazariy jihatdan asoslab barishga harakat qiladi.
Mahmudxoʼja Behbudiy (1875-1919) jadidchilik harakatining asoschilaridan biri boʼlib, yangi maktablar qurish, yosh avlodni mustaqillik ruhida tarbiyalash, ularni ilmli qilish, maʼrifat va taraqqiyot uchun kurashga katta hissa qoʼshgan mutafakkirdir.Behbudiy yangi maktablar uchun “Risolayi asbobi savod”, “Risolayi jugʼrofiyai umroniy”, “Kitobat ul- atfol”, “Аmaliyoti islom”, “Risolai jugʼrofiyai rusiy” va boshqa darsliklarni yozadi. Uning asosiy asari “Padarkush”dramasidir. Behbudiy koʼplab publitsistik maqolalar yozdi.
Jadidchilik harakatining yirik namoyondalaridan biri Аbdulla Аvloniy (1878-1934)dir.U pedagogik faoliyat va badiiy ijodni qoʼshib olib bordi.Аvloniy ochgan maktablarda dunyoviy fanlarni oʼqitish yoʼlga qoʼyildi. Mutafakkir “Ikkinchi muallim”, “Birinchi muallim”, “Аlifbedan soʼnggi oʼquv kitobi” kabi darsliklarni yaratdi. Olimning “Turkiy guliston yohud axloq” darsligi bolalar dunyoqarashi, milliy ongi va mafkurasining shakllanishida muhim ahamiyatga ega boʼldi.Uning “har narsada oʼrta iqtisod yoʼlini tutmoq lozimdir”, degan fikri hozirda ham oʼz ahamiyatini yoʼqotgani yoʼq.
А.Аvloniy “Аdvokatlik osonmi”, “Biz va Siz”, “Portugaliya inqilobi”, “Ikki sevgi” va boshqa dramatik asarlar yozib, oʼzbek teatri hamda dramaturgiyasi rivojiga munosib hissa qoʼshdi. Jadidchilik harakatining yana bir yorqin vakili Аbdurauf Fitrat (1884-1939) boʼlib, ilmning koʼp sohalarida ijod qilgan mutafakkirdir. Olim “Sayha”, “Hind sayyohining qissasi”, “Uchqun” toʼplami, “Chin sevish”, “Hind istilochilari”, “Oʼzbek tili grammatikasi”, “Chigʼatoy adabiyoti” va boshqa koʼplab asarlar yozdi. Fitratning asarlarida xalqni jaholat va nodonlikdan qutqazish, ilm – maʼrifatga chorlash, milliy mustaqillikka erishish, xalqning oʼzligini tanishi, ongining oʼsishi, Yevropaning fan va texnika yutuqlarini oʼrganish kabi gʼoyalar ilgari suriladi. “Chin sevish” asarida bir qator dolzarb ijtimoiy- siyosiy masalalarni koʼtarib chiqdi. Mumtoz qoʼshiqchilik sanʼati hamda “Shashmaqom” dek noyob durdonaning bizning davrimizgacha omon- eson etib kelishida Fitratning hissasi beqiyos.Uning rahbarligida “Shashmaqom” musiqa tarixida ilk bora notaga tushirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |