Gnoseologiyaning asosiy muammosi bizning barcha bilimlarimiz tajribada sinalganmi? degan «oddiy» masalani yechishdan iborat: Bu savolga javob izlash va masalaning yechimini topishda gnoseologiyada ikki muxolif anʼana: bilimlarimiz tajribada sinalganini qayd etuvchi empirizm va buni inkor etuvchi ratsionalizm toʼqnashadi.
Ratsionalizm (Ratsionalistlar) insonda tugʼma gʼoyalar, adolat, insoniylik, uygʼunlik gʼoyalari va tajribadan olinishi mumkin boʼlmagan boshqa gʼoyalar mavjudligidan kelib chiqadi. Zotan, tajriba toʼla adolat, yalpi insoniylik mavjud emasligini, bizni qurshagan dunyoda uygʼunlik ustidan xaos hukm surishini koʼrsatadi. Bunda ayrim ashaddiy Ratsionalistlar (masalan, Platon, Аvgustin va ularning hamfikrlari) koʼrsatib oʼtganidek gʼoyalar inson aqliga xos tugʼma gʼoyalar boʼlib, ularni inson faqat oʼz aqlidan olishini qayd etadilar; boshqa, moʼʼtadil Ratsionalistlar (masalan, Leybnits, Volf, Baumgarten) esa, gʼoyalar aqlga bogʼliq boʼlmagan holda mavjud boʼlsa-da, biroq ular faqat aqlda tafakkur va falsafiy mushohada yuritish jarayonida tugʼilishini taʼkidlaydilar.
Empirizm (empiristlar, F. Bekon, J. Lokk, T. Gobbs, D. Yum, L. Feyerbax), aksincha, inson, insoniyat shaxsiy yoki ijtimoiy tajribaga ega boʼlgunga qadar biron-bir gʼoya mavjud boʼlishini inkor etadilar. Ular barcha gʼoyalar inson ongi zamirida yo shaxsiy tajriba, yo boshqalar tajribasi, butun insoniyat tajribasini umumlashtirish orqali tugʼilishini qayd etadilar va bu tezisni isbotlashga harakat qiladilar. Ularning fikriga koʼra, tajriba inson ongida uning sezgilari va oʼzini qurshagan dunyoni idrok etishi orqali aks etadi. Falsafada idrok etishni pertsepsiya (lotincha «pertseption» - idrok etish) deb atash odat tusini olgan. Pertsepsiya oʼzini qurshagan dunyodagi narsalar va hodisalarni sezgilar orqali idrok etishga aytiladi, appertsepsiya borliqni aql bilan anglash, bilish, ularni gʼoyalarda ifodalashdir.
Gnoseologiya inson bilimining chegaralari toʼgʼrisidagi masalani yechishni ham oʼz ichiga oladi. Koʼpgina empiriklar (masalan, DaVId Yum, Dyubua Raymond, agnostiklar) va Ratsionalistlar (masalan, Kant va uning hamfikrlari) inson nafaqat umumiy narsa va hodisalarni, balki muayyan, konkret narsalarni ham bilishi mumkin emas, degan fikrga qoʼshiladilar.
Аyrim narsalar, hodisalar va kontseptsiyalar borki, ular pertsepsiyamizning chegaralariga ham, tafakkurimiz, reflektsiyamiz (lotincha «reflexes» - orqaga qaytish) doirasiga ham sigʼmaydi. Masalan, Kant Koinot ibtidosi yoki ibtidosizligi, Xudoning borligi yoki yoʼqligi, jonning boqiyligi yoki foniyligi, axloqning sababiyligi yoki sababsizligi aqlning bilish chegaralariga sigʼmaydigan, oqilona oʼrganib boʼlmaydigan transsendental (lotincha «transsendentalism» - chegaraga sigʼmaydigan) masalalardir, deb hisoblagan. XX asr Pozitivistlari, empirizm gʼoyalarini himoya qilgan yirik olimlar: Moris Shlik, Rudolf Karnap kabilar Kantning transsendental muammolarini mantiqsiz deb eʼlon qildilar.
Gnoseologiya inson bilimi va bilishga doir juda koʼp muammolar bilan shugʼullanadi. U bizning bilimlarimiz qay darajada eʼtiqod, qay darajada koʼr-koʼrona ishonch va qay darajada real borliqning haqiqiy inʼikosi ekanligini aniqlashga harakat qiladi. Soʼnggi oʼn yilliklarda gnoseologiyada bilimlar oʼrtasidagi farq, «nimani bilaman», «qanday bilaman», «shaxsiy tajribamdan bilaman», «dalilga koʼra bilaman» kabi iboralar mazmunining oʼzaro nisbati masalalari muhokama qilinmoqda. Bir soʼz bilan aytganda, gnoseologiya borliqni toʼliq qamrab olib, unda biron-bir tafsilotni nazardan qochirmaslikka harakat qiladi. Demak gnoseologiya falsafaning eng muhim omilidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |