Z.A.Ilhomov,
tarix fanlari nomzodi, dotsent
D.Nazarova, magistrant
Nizomiy nomidagi TDPU,
“О‘zbekiston tarixi” kafedrasi
TA’LIMDA MANBALARDAN FOYDALANISHNING
NAZARIY-USLUBIY MASALALARI
(Qо‘qon xonligi tashqi siyosati misolida)
Zamonaviy ta’lim jarayonlari fan va texnika taraqqiyotining eng sо‘nggi yutuqlarini о‘ziga singdirgan va ayni vaqtda ulardan amaliy jihatdan keng foydalangan holda ta’limning samaradorligini oshirishga katta e’tibor qaratmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasini takomillashtirish, ta’limning sifatini yuksaltirish va malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash ishlariga katta e’tibor berilmoqda. Bu esa bevosita ta’lim jarayoni ishtirokchilaridan katta mas’uliyat talab qiladi, xususan, tashkil etilayotgan har bir darsning asosiy muvaffaqiyatini talabalarning shu darsni о‘rganishga bо‘lgan qiziqishining darajasi va ayni vaqtda о‘qituvchining kasbiy mahorati kabi omillar belgilab berishi shubhasizdir. Bunda eng avvalo tarix fani о‘qituvchisining о‘tilayotgan mavzusini qanchalik keng va teran anglay olishi, uning manbaviy asoslarini chuqur bilishi va ularni amaliyotda qо‘llay olishi va ulardan unumli foydalanishi katta ahamiyat kasb etadi. Tarixchi tomonidan tadqiqot davomida manbalardagi ma’lumotlarni aniqlab, ularni umumiy tarixiy jarayonlarni aniqlashda va tavsiflashda faqatgina faktlarning о‘ziga emas, balki shu bilan bir qatorda tarixiy jarayonlarning yuz berishidagi mantiqiy izchillikdan kelib chiqqan holdagi ilmiy yondashuv umumiy ilmiy xulosalarning mantiqiy jihatdan tо‘laqonli bо‘lishidagi muhim omildir.
Manbalardagi axborotga asosan tarixchi о‘tmish qiyofasini (tarixiy jarayonlarni, hodisalarni, voqealarni, shaxslar va ular bilan bog‘liq jarayonlar haqidagi ma’lumotlar kabilarni) shakllantiradi. Kо‘p hollarda о‘tmish manzarasining aks ettirilishi tarixchi tomonidan tanlab olingan manbalarga, ularning ilmiy va axborot salohiyatiga bog‘liq bо‘ladi. Turli davrlarda tarixiy manbalarga turlicha baho berilganligini kuzatish mumkin. Masalan, XIX asr tarixchi pozitivistlari asosan manbalarning rasmiyligi darajasiga (qonuniy aktlar, diplomatik mazmundagi hujjatlar, xuquqiy hujjatlar kabilar) asosiy e’tibor qaratganlar va bunday manbalar tarixiy jarayonlarni eng tо‘laqonli va ishonchli aks ettiradi deb hisoblaganlar.1
Manbalardan foydalanish va ularni tadqiqot jarayoniga, ayniqsa, ta’lim jarayonlariga jalb qilish asnosida har bir tarixchi manbalarning yaratilishiga xos jihatlariga alohida e’tibor qaratishi maqsadga muvofiqdir.
Manbalar ustida ish olib borganda, deb ta’kidlaydi akademik B.Axmedov, - shuni ham esda tutish zarurki, har bir tarixiy davrning о‘ziga xos xususiyati bо‘lib, u avvalo ijtimoiy-siyosiy tuzumning tabiati, ishlab chiqarish usullari, о‘sha davrda mavjud bо‘lgan moddiy madaniyat va nihoyat, yozuv texnikasining umumiy darajasi bilan belgilanadi.2Manbalarda tarixiy jarayonlarning va voqeliklarning ma’lum darajada bо‘rttirilishi, ayrim hollarda voqelikdan chetga chiqib, badiiylikka yaqinlashuv holatlarini kuzatish mumkin-ki, bu Sharq tarixnavisligining ajralmas bir qismi bо‘lgan Qо‘qon tarixnavislik maktabiga xos asarlarda ham sharq tarixnavsiligining о‘ziga xos jihatlarini kuzatish imkonini beradi. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Qо‘qon tarixnavisligi maxsus fan darajasiga kо‘tarildi. XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Qо‘qon xonligi tarixnavislik maktabi rivojlanib, xonlik hayotining barcha sohalarini yoritib beruvchi kо‘plab qimmatli asarlar yaratildi.3
Qо‘qon xonligi tarixi yoritilgan manbalarda sharq tarixnavisligida tarixiy voqealarni yoritishda davriylikka asoslangan holda yondashuv, amirliklar, podsholiklar, xonliklar, sulolalar kabi alohida hodisalarga asoslangan holda tarixni yoritish ham ustuvor yо‘nalish sifatida amal qilinganligini kuzatish mumkin.4 Shuningdek, xonlik tarixini yoritib bergan mualliflarning о‘z asarlarida sharq tarixnavisligida axloqiy va ma’naviy mezonlardan kelib chiqqan holda tarixiy voqelikni xaqqoniy va qanday bо‘lsa shundayligicha talqin qilishga harakat qilganliklariga ham alohida e’tibor qaratish lozim.5
XVIII-XIX asrlardagi yozma manbalar qо‘lyozmalarini ikki guruhga ajratish mumkin. Bir guruhi – shohona qо‘lyozmalar. Ikkinchi guruhi esa keng jamoatchilik va о‘rta hol ziyolilar uchun yaratilgan kо‘lyozmalar. Bularning har biri materal va saviya bilan ajralib turadi. Ikkinchi guruh qо‘lyozma kitoblarida matn mazmuniga ham e’tibor berilgan, lekin qо‘lyozma uchun ishlatilgan materiallar, ziynat va bezaklar о‘rta miyona, baholi qudrat, ammo yetarli san’at asari va ilm-fan uchun bemalol foydalansa bо‘ladigan manba saviyasida yaratilgan. XIX asrda kо‘proq qо‘lyozmalarni yozishda ilm ahli orasida xatti mulloyi, talabalar xati va yangi ixtiro qilingan shikasta xati keng tarqaldikim, shiddatli taraqqiyot, ayniqsa toshbosma va mixbosma kitoblarning kо‘payishi, an’anaviy mо‘tabar qо‘lyozmalarini yaratilishini kamayishiga olib keldi.6
Talabalarni qiziqtiradigan va ilmiy adabiyotlarda ham bugungi kunlargacha kam о‘rganilgan muammoli mavzulardan biri Qо‘qon xonligining tashqi davlatlar bilan diplomatik aloqalar tarixining manbashunoslik masalasidir. Tо‘g‘ri, keyingi yillarda Qо‘qon xonligi tarixiga oid bir qator ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi, ilmiy ishlar nashr qilindi.7 Bu ilmiy ishlarda xonlik siyosiy va iqtisodiy hayoti, madaniy hayot jarayonlari kabilarning manbaviy tahlili masalalariga ham keng о‘rin berilgan holda, xonlikning tashqi diplomatik aloqalari tarixi mukammal darajada о‘rganilgan, deb aytish bir oz murakkabroq. Ayniqsa, harbiy-siyosiy diplomatik aloqalar tarixiga oid manbalar tadqiqini yanada chuqurroq о‘rganish maqsadga muvofiq. 1864-1865 yillarda Qо‘qon xonligida ichki siyosiy vaziyat о‘z iziga tushib borayotgan bir paytda tashqi siyosat, ayniqsa Rossiyaning bosqinchilik tajovuzi tobora tahdidli tus olayotgan edi. Shularni hisobga olib, siyosiy vaziyatni juda yaxshi anglagan Qо‘qon hukmdorlari о‘sha davrning eng qudratli davlatlari bilan harbiy-siyosiy ittifoqni yо‘lga qо‘yish maqsadida bir qator elchiliklarni tashkil qilishga harakat qiladilar. Xon Sulton Sayyidxonning8 kо‘rsatmasi va Amirlashkar Aliquli Hasanbiy о‘g‘lining9 say-harakatlari bilan Muhammad Yunus Shig‘ovul10 mas’ulligida katta davlatlar, ya’ni Turkiya sultonligi, Angliya, Hindiston, Xitoy, Afg‘oniston, Eron davlatlariga elchilik yuborish tashkil etiladi. Muhammad Yunus Shig‘ovul tomonidan har bir davlatning о‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqqan holda maxsus elchilar tayyorlanadi va shimoliy karvon yо‘llari chor qо‘shinlari nazorati ostida bо‘lganligi tufayli, elchilarni janubiy yо‘llardan jо‘natishga kirishiladi.11
Bu haqda XIX asr ikkinchi yarmi-XX asr boshlarida yashab ijod qilgan bir qator tarixchi mualliflar tomonidan yozib qoldirilgan tarixiy asarlar, arxiv hujjatlarida о‘ta qimmatli ma’lumotlar saqlanib qolgan.12 Ayni vaqtda horij tarixchilari ham bu masalada о‘z fikrlarini bayon qilib о‘tganlar. Jumladan, Qо‘qon xonligining horij davlatlari bilan diplomatik aloqalari tarixining ayrim tafsilotlari turkiyalik tarixchilar M.Saray13 va Inalchiklarning14 asarlarida ham berib о‘tilgan. Ularda yozilishicha, Qо‘qon xonligining Turk sultonligiga yuborgan elchilari sulton saroyiga yetib borganlar va о‘z maqsadlarini bayon etganlar. Biroq, Sulton huzuridagi Majlisi maxsus elchilik tashrifini tahlil qilar ekan, ikki davlat о‘rtasidagi masofalar va boshqa turli tо‘siqlarning mavjudligi amaliy jihatdan yordam berishni imkonsiz deb topadi.
Xulosa sifatida aytish kerakki, о‘zbek xonliklari, xususan, Qо‘qon xonligining diplomatik aloqalari tarixini yoritib berish jarayonida manbalardan unumli foydalangan holda, darsni mazmun jihatdan qiziqarli va ilmiy jihatdan dalillarga asoslangan holda olib borish katta samara berishi shubhasiz. Bunda har bir manba muallifi va ularning asarlarida keltirilgan ma’lumotlar chuqur tahlilni talab qiladi. Mavzu yuzasidan keltirilgan har bir ma’lumotni bir-biri bilan sinchiklab solishtirish, ular о‘rtasidagi farqlarni taqqoslash, ilmiy adabiyotlarda mazkur masala yuzasidan bildirilgan fikrlarga asoslangan holda о‘zlarining mustaqil xulosalarini chiqarish malakasini shakllantirish talaba erishishi lozim bо‘lgan eng katta yutuqlarning garovidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |