Navoiy xalq orasida insonparvarlik g’oyalarini tarqatdi, turli millat va elatlar o’rtasidagi do’stlikni ulug’ladi.
Forobiy, ibn Sino, Beruniy va boshqalar singari, mukammal jamiyat haqida fikr yuritdi. Xalqni farovonlikka, baxt-
saodatga eltuvchi, hamma teng, zulm-istibdoddan holi bo’lgan davlat tuzumini orzu qildi. U ilm-fan egallashni afzal
bildi, mol-mulkka, boylikka hirs qo’yishni, tamagirlikni qoraladi. Navoiyning yaxshilik, ezgulik, muhabbat, do’stlik,
adolat, tinchlik, osoyishtalik va boshqa go’zal fazilatlar, ma’naviy-ahloqiy qadriyatlar to’g’risidagi qimmatli fikrlari,
nasihatomuz so’zlari respublikamiz mustaqillikka erishgandan so’ng ham barkamol insonni tarbiyalashga xizmat
qilmoqda.
O’sha davrning ko’zga ko’ringan
mutafakkirlaridan biri Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiy (taxm.1440/1450 —
1505 yillarda yashagan) bo’lib, O’rta Osiyo va Xurosonda axloq falsafasi rivojiga hissa qo’shgan.
Koshifiy Sabzavor shahrida tavallud topadi, keyinchalik Abdurahmon Jomiyning taklifi bilan Hirotga ko’chib
keladi. U qolgan umrini Hirotda o’tkazadi va shu erda vafot etadi. Koshifiy katta olim va mudarris bo’lib etishadi, butun
umrini ilm-fan va nasru-nazm ravnaqiga bag’ishlaydi. U Navoiy va Jomiy bilan do’stona aloqada bo’ladi. «Mavlono
Husayn Voiz Koshifiy taxallus qilur, sabzavorlikdur. Yigirma yilg’a yaqin borkim, shahardadur va mavlono zufundun
va rangin va purkor voqe’ bo’lubtur. Oz fan bo’lg’aykim, dahli bo’lmag’ay. Xususan, va’z, insho va nujumki, aning
haqqidur va har qaysida mashhur ishlari bor...» — degan edi Navoiy uning haqida.
Voiz Koshifiy ilmning ko’p sohalarida ijod qilgan. U voizlik san’atini puxta egallagan, insho,
ilohiyot, falakiyot,
adabiyot, falsafa, axloq va pedagogika sohalarida ishlari bor. Olimning muhim risolalari «Axloqi muhsiniy»
«Futuvvatnomayi sultoniy», «Anvari Suhayli», «Maxzanul-insho», «Risolayi xotamiya» va boshqalardir. Ushbu
asarlarda mutafakkir davlatni oqilona boshqarish, insonga go’zal hulq-odob qoidalarini singdirish, ilm-fan va kasb-
hunarni egallash, tijoratchi va savdogarlar hulq-odobi, umuman ta’lim-tarbiya haqida qimmatli fikrlarni ilgari suradi.
Olim o’z asarlarida hukmronlardan halqqa g’amxo’rlik qilishni, ularni haqsizlik va o’zboshimchalikdan muhofaza
qilishni qo’rqmasdan talab qiladi. Uning ijtimoiy falsafiy va axloqiy g’oyalari hozir ham o’z tarbiyaviy qimmatini
yo’qotmay kelmoqda.
XV asrning oxiridan boshlab Temuriylar davlati sekin-asta inqirozga yuz tuta boshladi. Bunga temuriy shahzodalarining
o’zaro urush-janjallari, tarqoqlikning kuchayishi, o’zaro nizolar, taxt uchun kurashlar natijasida mamlakatning bo’linib ketishi,
iqtisodning tushkunlikka uchrashi sabab bo’ldi. Natijada Mavorounnahr Shayboniyxon tomonidan bosib olindi.
Temur avlodidan bo’lgan
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) o’sha davrning eng ma’rifatli
podsholaridan biri edi. Andijonda Umarshayx Mirzo xonadonida tug’ilgan Bobur keyinchalik Hindistonda ulkan
saltanatga asos soldi. Bobur davrida hind diyori gullab yashnadi, undagi madaniyat yuksak darajaga ko’tarildi.
Hindistonning XX asrdagi eng atoqli kishilari Mahatma Gandi va Javoharlal Neru ham Bobur va boburiylar — Shoh
Jahon, Avrangzeb va Akbar kabi temuriyzodalarga juda katta baho berganlar.
Ichki kelishmovchiliklar natijasida o’z yurtini tashlab ketishga majbur bo’lgan Bobur avval Qobulda, so’ngra esa 1526
yilgi Panipat jangida ibrohim Lo’di ustidan g’alaba qozonib, Hindistonda o’z hukmronligini o’rnatdi. «Boburiylar sulolasi»
Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qilib, temuriylar davlati va madaniyatining davomchisi sifatida mashhur bo’ldi.
Boburning xizmati shundaki, u Hindistonni markazlashgan davlatga aylantirdi, mamlakatda tinchlik o’rnatdi,
obodonlashtirish va qurilish ishlarini rivojlantirdi, karvonsaroylar, me’moriy yodgorliklar, bog’chalar,
kutubxonalar barpo
qildi, madaniyat, san’at, adabiyot va ilm-fanni yuksaltirdi. Bobur ilm-fan, san’atga katta qiziqish bilan qaragan, yuksak aql
egasi, qomusiy bilimga ega bo’lgan davlat arbobi, olim va shoirdir.
Boburiylarning ko’pchiligi ma’rifatchilik bilan mashg’ul bo’ldilar, olimu fuzalolar bilan maslahatlashib turdilar.
Ularning yana bir xizmati islom va budda diniga e’tiqod qiluvchi musulmon va hindularni kelishtirishga, ahil yashashga
chaqirishda bo’ldi.
Boburning mashhur tarixiy asari «Boburnoma»dir. Bulardan tashqari, u huquqshunoslikka oid «Mubayyin», aruz
ilmiga oid «Mufassal», musiqa bo’yicha «Musiqiy», harbiy ishlarga oid «Harb ishi» risolalarini yozgan. «Boburnoma»
o’sha davrdagi Markaziy Osiyo, Hindiston, Afg’oniston, Eronning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotini,
savdo
munosabatlari, jug’rofiyasi, hayvonot va nabotot olamini, iqlimi, qabila va elatlarning urf-odatlari, marosimlari,
turmush tarzini va marosimlarini aks ettirgan asardir.
Bobur o’zining lirik she’rlarida ishq, muhabbat, Vatan sog’inchi, mehr, vafo, insoniylik, do’stlik, yaxshilik va
mehr-oqibatni kuyladi.
Javoharlal Neru Boburning Hindistondagi faoliyatiga katta baho bergan edi. Neru Boburning dilbar shaxs ekanligi,
mard va tadbirkorligini, san’atni sevganini va umuman, Hindiston uchun ko’p ish qilganligini ta’kidlagan edi. Bobur va
boburiylarning siyosiy, madaniy faoliyatlari Hindiston va O’zbekiston o’rtasidagi do’stlik rishtalarini mustahkamlashda
hozir ham muhim rol o’ynamoqda.
Shunday qilib, XIV-XV asarlarda Movarounnahr va Xurosonda madaniy yuksalish yuz berdi. Buni olimlar Renessans
davri ham deb atamoqdalar. Ba’zi
olimlar esa, bu atamaning Sharq mamlakatlariga to’g’ri kelmasligi to’g’risida o’z fikrlarini
aytmoqdalar. Nima bo’lganda ham Evropada XV-XVI asarlardagi ko’tarinkilik, Renessansning muhim xususiyatlari
Markaziy Osiyoda ro’y bergan madaniy yuksalish bir-biriga ko’p tomonlari bilan o’xshab ketadi. Bular orasida
mushtarakliklar ko’p.
XIV-XV asrlar moddiy va ma’naviy yuksalishining muhim xususiyati yana shundan iboratki, bu davrda ishlab
chiqarish o’sdi, ichki va tashqi savdo, hunarmandchilik, dehqonchilik rivojlandi, xorijiy mamlakatlar bilan diplomatik
va madaniy aloqalar o’rnatildi, inson aql-zakovati va uning eng yaxshi fazilatlariga e’tibor kuchaydi, ilm-fan va san’at
rivoj topdi, qomusiy olimlar etishib chiqdi, madaniy merosni o’rganishga qiziqish ortdi. Temur
va temuriylar davridagi
madaniy yuksalish hozir ham o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Ular mustaqil davlatimizni mustahkamlashda, madaniy-
ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishda, milliy g’oya va mafkurani shakllantirishda ma’naviy ozuqa
vazifasini o’tamoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: