Mehnatda begonalashuv. Mehnat muayyan mahsulotda o‘zining tadrijiy ifodasini topadi. Mehnat mahsuli ikki tomonlama xususiyat kasb etadi: u inson mehnat jarayonida o‘zlashtirgan tashqi dunyo predmetlari va munosabatlarini, hamda insonning mahsulotda o‘z moddiy ifodasini topgan jismoniy va ma'naviy kuchlarini qamrab oladi. Mehnat mahsulining mazkur xususiyati inson borlig‘ining o‘ziga xos holati sanalgan begonalashuv sabablarini tushuntiradi. Begonalashuv shunday bir holatki, unda inson o‘z faoliyati, uning natijalari va o‘z-o‘ziga begona bo‘lib qoladi. Mehnat muqarrar tarzda begonalashuv bilan bog‘liq, chunki insonning ijtimoiy borlig‘i shunday sharoitlar va vaziyatlarni yuzaga keltiradiki, inson o‘z mehnati mahsullarini boshqa odamlarga topshirishi va shu tariqa o‘z faoliyati, uning natijalari va o‘z-o‘ziga begona bo‘lib qolishi lozim (yoki bunga majbur) bo‘ladi. (Ma'lumki, inson faoliyatda o‘zining muhim kuchlarini moddiylashtiradi.)
Begonalashuv mehnat taqsimoti va faoliyat almashinuvi, shuningdek ijtimoiy ne'matlarni taqsimlash zaruriyati bilan belgilanadi. Garchi begonalashuv tarixan muayyan shakllarga ega bo‘lsa-da, uning mohiyati bir – ayrim odamlarning boshqa odamlar kuchi, vositalari va faoliyat natijalarini o‘zlashtirishdir. Shu sababli mehnatning shaxs hayotidagi roliga munosabat ham shak-shubhasiz ijobiy bo‘lishi mumkin emas. Mehnat xususiyatiga baho berishda mehnatga rag‘bat ayniqsa muhim o‘rin tutadi. Inson mehnati zamirida zaruriyat taqozosi, majburlov yoki ichki da'vat, ayni shu mehnat turi bilan shug‘ullanishga bo‘lgan ehtiyoj yotishi mumkin. Inson mehnatni lazzat sifatida ham, la'nat sifatida ham idrok etishi bejiz emas. Qo‘li-qo‘liga tegmay mehnat qilish, tirikchilikni deb o‘ziga ma'qul bo‘lmagan kasb-kor bilan shug‘ullanish, ijtimoiy tengsizlik va kasb kasalliklari ta'sirida insonning deformatsiyalanishi va shaxssizlanishiga sabab bo‘ladi, uning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi va o‘zini o‘zi kamol toptirishiga monelik qiladi.
Shunga qaramay, mehnat inson hayotining boqiy va tabiiy omilidir, chunki u faoliyatning odamzot o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun narsalar yaratadigan birdan-bir shakli hisoblanadi. Shu sababli insonning butun faoliyati ko‘pincha maqsadga muvofiqlik, moddiylik, unumdorlik, samaradorlik, amaliylik, tabiat va jamiyat kuchlarini o‘zlashtirishga qaratilganlik bilan tavsiflanadigan mehnatga tenglashtirilishi bejiz emas. Ammo inson faoliyatini faqat mehnat bilan bog‘lash ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Mehnat – muayyan natijaga erishishga qaratilgan faoliyat, ammo u majburlovdan xoli bo‘lishi va insonga natijadan qat'iy nazar, mehnat jarayonining o‘zi bilan quvonch baxsh etishi ham mumkin. Bunday mehnatda begonalashuvga chek qo‘yiladi. Ammo faoliyat ham faqatgina mehnat bo‘lib qolmaydi va ayni vaqtda o‘yin sifatida ham amal qiladi. Favqulodda hollardagina mehnat va o‘yin faoliyatning alohida va mustaqil shakllari hisoblanadi, amalda ular faoliyatning ikki o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiruvchi, faoliyat mahsullarida va insonning o‘zida aks etuvchi tomonlarini tashkil etadi. Ammo mehnat va o‘yin dialektikasini tushunish uchun avval o‘yin nima ekanligini aniqlab olish lozim.
O‘yin. O‘yin – shunday bir faoliyat shakliki, unda inson o‘zining odatdagi funksiyalari yoki predmetlar va mehnat qurollaridan amaliy foydalanish chegarasidan chetga chiqadi. O‘yin odatda «jiddiy» faoliyat va amaliy maqsadlarga qarshi qo‘yiladi. U moddiy foyda yoki zaruriyat omilidan qat'iy nazar, muayyan joy, vaqt va ma'no doirasida yuz beradigan jarayon sifatida tavsiflanadi. Odatda o‘yinning ijobiy emotsional ahamiyati qayd etiladi. U insonning barcha – jismoniy va ruhiy kuchlari yuksalishi, ko‘tarinkilik kayfiyati hukm surishi bilan tavsiflanadi, chunki u o‘yin xususiyatiga ega bo‘lmagan harakatlar natijasida yuzaga kelgan zo‘riqish holatini bartaraf etib, insonga haqiqiy quvonch baxsh etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |