Ijodiy va noijodiy faoliyat. Ijodiy deb hisoblash mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini aniqlash imkonini beruvchi mezonlar haqidagi masala murakkab muammolardan biri hisoblanadi. Odatda ijod deganda san'at, fan, falsafa bilan shug‘ullanish tushuniladi. «San'at, din, falsafa yoki fanda insonning asl mohiyati namoyon bo‘ladi»209[209]. Bundan ijod bilan alohida iste'dodli odamlargina shug‘ullanishga qodir degan xulosa kelib chiqadi. Lekin bu fikrga qo‘shilish mushkul. Psixologlar ham, turli falsafiy yo‘nalishlarning namoyandalari bo‘lgan faylasuflar ham ijodga nisbatan bunday yondashuvga qo‘shilmaganlar. N.A.Berdyaev qullik va inson erkinligi haqida mulohaza yuritar ekan, ijod elitar, aristokratik xususiyatga ega ekanligini qayd etgan va buni madaniy ijod barcha jabhalarda komillikka, oliy sifatga erishishga intilishi bilan tushuntirgan. Uning fikricha, bu holni bilishda ham, san'atda ham, inson tuyg‘ulari madaniyatida ham kuzatish mumkin. Haqiqat, go‘zallik, muhabbat miqdorga bog‘liq bo‘lmaydi, zero ular sifatlardir. O‘z navbatida, tanlanishning aristokratik tamoyili elitani, ma'naviy aristokratiyani vujudga keltiradi. Ammo Berdyaev madaniy elita o‘z qobig‘iga o‘ralib qolishi mumkin emasligini qayd etadi. Zero, har qanday guruhiy aristokratizm tanazzulga yuz tutishi muqarrardir. Madaniy qadriyatlar ijodi insoniyatning sifatsiz ommasiga darhol tatbiq etilishi mumkin bo‘lmaganidek, madaniyatning demokratiyalashuv jarayoni ham yuz bermasligi mumkin emas. Haqiqiy ma'naviy aristokratizm o‘zining imtiyozliligini anglash bilan emas, balki ommaga xizmat qilish burchini anglash bilan bog‘liqdir. Din mutafakkirlari ijodda demokratik asosga boshqacha baho berganlar. Ular ijodda insonning ilohiy-insoniy tabiati namoyon bo‘ladi, chunki odamlarni o‘ziga o‘xshatib yaratgan Yaratguvchi – Xudo ularga o‘z ijodiy dahosini ham hadya etgan, shu sababli ijod har qanday faoliyat turida mavjud bo‘lishi mumkin, deb hisoblaganlar.
Darhaqiqat, ijod san'at, fan, falsafa va umuman ma'naviy faoliyat doirasi bilan chegaralanmaydi. U faoliyatning ishlab chiqarish, siyosat, boshqaruv yoki oila-ro‘zg‘or kabi shakllarida ham mavjud bo‘lishi mumkin. Ta'lim-tarbiya berish, muloqot qilish, bog‘ bunyod etish yoki xonaki o‘simliklar yetishtirish va shu kabilar ham ijod bo‘lishi mumkin. Ayni vaqtda, faoliyatning san'at yoki fan kabi bir qarashda o‘ta ijodiy turlarida eskilik sarqitlari va qotib qolgan andozalar mavjud bo‘lishiham mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |