O‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish:
1 O‘quvchiga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja asosida ta’lim-tarbiya beriladi.
2. O‘quv rejasidagi haftalik soatlar miqdori 1-4-sinflar uchun 8 soat, 5-9-sinflar uchun 10 soatni tashkil qiladi.
3. Dars jadvali maktab tomonidan o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, ota-onalar bilan kelishgan holda hamda maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi.
Dars jadvali haftasiga kamida uch kunga moslab tuziladi
- O‘quvchining qiziqishi va qobiliyatini hisobga olib, ota-onalarning arizasiga muvofiq o‘quv rejada ko‘rsatilgan fanlarni umumiy soatlar miqdoridan oshmagan holda 1 soatga o‘zgartirishga yo‘l qo‘yiladi. Bunday o‘zgartirish maktab direktorining buyrug‘iga muvofiq o‘quv rejadagi bitta fanni boshqa bir fan bilan almashtirish hisobiga amalga oshiriladi.
- Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish maktabning o‘quv dasturi, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim berish esa aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quv dasturi asosida tashkil etiladi.
- Dars soatining davomiyligi jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 45 daqiqa, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun 40 daqiqadan iborat bo‘ladi.
- Dars mashg‘ulotlarida o‘quvchining olgan baholari Nizomga muvofiq shakldagi baholash daftariga qayd etib boriladi. Baholash daftari har bir fan bo‘yicha alohida yuritiladi. O‘quvchining baholash daftariga qo‘yilgan baholar o‘quvchi ro‘yxatda turgan maktabning sinf jurnaliga ko‘chirib boriladi.
- Ota-onalar tomonidan baholash daftariga o‘qituvchilar tomonidan dars mashg‘ulotlari o‘tkazilganligini tasdiqlovchi imzo qo‘yiladi. O‘quvchining baholash daftari o‘qituvchida saqlanadi va o‘quv yili oxirida boshqa hisobotlar bilan birgalikda maktab rahbariyatiga taqdim etiladi.
O‘quvchi olgan baholarning sanasi va dars mashg‘ulotining mavzusi sinf jurnalidagi sana va mavzuga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
- O‘quvchi og‘ir miya jarohatlari, bosh miyada bo‘lgan jarrohlik operatsiyalari, shuningdek kasalligi zo‘raygan davrda yoki o‘quvchining ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladigan boshqa holatlarda tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasiga asosan, unda ko‘rsatilgan muddatga o‘qishdan ozod etilishi mumkin.
- O‘quvchilar uchun bosqichli nazorat va yakuniy davlat attestatsiyasi maktab direktorining buyrug‘iga muvofiq tashkil etiladi. Ota-onalarning istaklari hamda o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, bosqichli nazorat va yakuniy davlat attestatsiyasi o‘quvchining uyida yoki maktabda o‘tkazilishi mumkin.
- Yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchiga ta’lim olganligi to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjat beriladi. Mazkur hujjatga o‘quv reja bo‘yicha o‘quvchi tomonidan o‘zlashtirilgan fanlar uchun baho qo‘yiladi, dars mashg‘ulotlari o‘tilmagan fanlarga baho qo‘yilmaydi hamda uning o‘rniga «ozod etilgan» degan so‘zlar yozib qo‘yiladi.
- Dars mashg‘ulotlarining o‘qituvchilar tomonidan o‘z vaqtida va sifatli olib borilishi hamda o‘quv dasturlarining to‘liq bajarilishi maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan nazorat qilinadi.
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda maktab direktori, sinf rahbari, o‘qituvchilar hamda ota-onalarning huquqlari va majburiyatlari
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda maktab direktorining huquqlari quyidagilardan iborat:
uyda yakka tartibda ta’lim olishga jalb qilinishi lozim bo‘lgan o‘quvchilar ro‘yxatini shakllantirish jarayonida yuridik va jismoniy shaxslardan zarur ma’lumotlarni so‘rab olish;
ota-onalardan dars jadvaliga muvofiq mashg‘ulotlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi uchun sharoit yaratishni talab qilish;
xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlariga uyda yakka tartibda ta’lim berishning o‘quv dasturlarini takomillashtirish, interaktiv usullar va yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish borasidagi takliflar bilan murojaat qilish.
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda maktab direktorining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
o‘quvchini jonkuyar va mas’uliyatli mutaxassis o‘qituvchi bilan ta’minlash;
o‘quvchining imkoniyati va qobiliyatiga mos ravishda ta’lim-tarbiya berilishini ta’minlash;
o‘quvchining maktab o‘quvchilari va jamoasi bilan ijtimoiy muloqotda bo‘lishini ta’minlash;
ota-onalarning ta’lim jarayoni bilan bog‘liq murojaatlarini o‘z muddatida ko‘rib chiqish va ularda ko‘tarilgan masalalarni hal etish choralarini ko‘rish.
Maktab direktori o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, uning sog‘lom bolalar bilan o‘zaro muloqot qilish malakasini rivojlantirish hamda hayotga ijtimoiylashuviga ko‘maklashish maqsadida o‘quvchini inklyuziv (uyg‘unlashgan) sharoitda ta’lim olishi uchun maktabdagi dars mashg‘ulotlariga, darsdan tashqari o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga hamda korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarga jalb qilishi mumkin.
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda sinf rahbarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
dars mashg‘ulotlarining olib borilishini nazorat qilish;
ota-onalar va o‘quvchining o‘qituvchilar bilan muntazam hamkorligini ta’minlash;
- o‘quvchining sog‘lig‘i holatini inobatga olib, ota-onalar bilan kelishgan holda maktabda yoki sinfda o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga taklif etish.
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda o‘qituvchining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
o‘quvchining imkoniyatlari va tibbiy xulosani inobatga olgan holda o‘quv dasturlarining o‘zlashtirilishini ta’minlash;
o‘quvchilarning jismoniy va psixik rivojlanishini ta’minlash, atrof-muhit va ijtimoiy hodisalar haqidagi tasavvurlarini kengaytirish;
o‘quvchining ma’naviy-axloqiy sifatlarini yuksaltirish hamda estetik did va his-tuyg‘ularini tarbiyalash;
o‘quvchida mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirish va uni kasb-hunarga yo‘naltirish;
o‘quvchida darsliklar, badiiy adabiyotlar va boshqa manbalar bilan mustaqil ishlash malakasini rivojlantirish;
dars mashg‘ulotlari rejasini tuzish;
- dars mashg‘ulotlariga oid bo‘lgan hujjatlarni o‘z vaqtida yuritish hamda o‘quvchining o‘zlashtirishi bo‘yicha baholash daftariga qo‘yilgan baholarni sinf jurnaliga kiritib borish.
- o‘quvchiga ta’lim berayotgan o‘qituvchilarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘shimcha haq va yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lanadi.
O‘qituvchiga faqat o‘quv soatlari uchun haq to‘lanadi. Tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasiga asosan uyda yakka tartibda ta’lim berish vaqtincha to‘xtatilgan davrda o‘qituvchiga haq to‘lanmaydi. Sinf rahbari va o‘qituvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda ota-onalarning huquqlari quyidagilardan iborat:
farzandining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
dars mashg‘ulotlarining o‘z vaqtida o‘tkazilishini nazorat qilish;
o‘qituvchining ruxsati bilan dars mashg‘ulotlarida qatnashish;
farzandining ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur hollarda o‘qituvchi, psixolog, defektolog va boshqalardan maslahat olish;
farzandiga ta’lim berayotgan o‘qituvchi faoliyatidan qoniqmagan taqdirda, uni boshqa o‘qituvchi bilan almashtirish to‘g‘risida maktab rahbariyatiga murojaat etish;
dars jadvalini tuzish, o‘quv dasturlarini belgilash bo‘yicha takliflar berish.
Ota-onalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etishda ota-onalarning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
farzandining ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash;
shifokor tavsiyalari va farzandining kun tartibi to‘g‘risida o‘qituvchini o‘z vaqtida xabardor qilish;
dars mashg‘ulotlarining olib borilishi uchun zarur shart-sharoit yaratish;
o‘quvchining sog‘lig‘i to‘g‘risida maktab rahbariyatini o‘z vaqtida xabardor qilish;
o‘qituvchi dars mashg‘ulotlariga kelmay qo‘ygan taqdirda, bu haqda maktab rahbariyatini xabardor qilish;
farzandi tomonidan uy vazifalarining bajarilishini ta’minlash.
Ota-onalar zimmasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |