PORTLASh XAVFI VA PORTLASh-YoNISh XAVFI BOR OBYEKTLARDA OLOVLI IShLARNI XAVFSIZ OLIB BORILIShINI TAShKIL QILISh BO‘YIChA
NAMUNAVIY YO‘RIQNOMA
Ushbu Namunaviy yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 28-sentabrdagi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan.
Yo‘riqnoma “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining nazorati ostidagi korxonalarda sanoat xavfsizligi sohasida faoliyat oshirayotganlarning tashkiliy-huquqiy va mulkchilikning shaklidan qat’i nazar, korxonalar, tashkilotlar va jamiyatlarda qo‘llash uchun mo‘ljallangan.
I bob. Umumiy talablar
1. Ushbu Namunaviy yo‘riqnoma “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi nazorati ostidagi korxona, tashkilotlarda, barcha tashkiliy-huquqiy va mulkdorlik shaklidan, ularning qaysi idoraga tegishligidan qat’i nazar, portlash xavfi va portlash-yonish xavfi bor obyektlarda olovli ishlarni xavfsiz olib borilishini tashkil qilish bo‘yicha asosiy talablarni belgilaydi.
2. Korxonalardagi olovli ishlarni olib borilishida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish uchun javobgarlik korxonalar rahbarlariga, hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun belgilangan tartibda javobgar etib tayinlangan shaxslarga yuklatiladi.
3. Olovli ishlarga material va konstruksiyalarni, ochiq olov, uchqun paydo qilish va qizdirish bilan alanga oldirishga qodir (elektrpayvandlash, gazpayvandlash, plazma bilan kesish, benzin bilan kesish, kavsharlash ishlari, uchqun hosil qiluvchi metallarga mexanik ishlov berish va h. k.) ishlab chiqarish operatsiyalari kiradi.
4. Portlash xavfi va portlash-yonish xavfi bor obyektlarda olovli ishlarni olib borishga kamdan-kam hollarda, bu ishlar uchun ajratilgan maxsus doimiy joylarda bu ishlarni olib borish mumkin bo‘lmasa va faqat obyektda yong‘in xavfsizligi uchun javobgar shaxsning yozma ruxsatnomasi bilan (ishlab chiqarish, sex, qurilma rahbari va shu kabilar) bosh muhandis, yoki uning ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari, yoki ishlab chiqarish boshlig‘i tasdiqlagan ruxsatnomasi bo‘lganda, ruxsat beriladi.
Har bir korxonada texnika xavfsizligi guruhi (bo‘limi) ushbu Namunaviy yo‘riqnomaga to‘liq amal qilgan holda olovli ishlarni olib borishi kerak bo‘lgan ishlab chiqarishlar, sexlar, bo‘linmalar, uchastkalar va shu kabilar ro‘yxatini tuzishlari kerak. Bunday obyektlar ro‘yxati hududiy yong‘in o‘chirish organi bilan kelishilgan va korxona bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
5. Ushbu Namunaviy yo‘riqnoma asosida, 1995-yil 18-sentabrda tasdiqlangan “Sanoat korxonalari yong‘in xavfsizligi Qoidalari”ni hisobga olgan holda korxonalarda ishlab chiqarishning va mahalliy sharoitning o‘ziga xosligini hisobga olgan holda, olovli ishlarni xavfsiz olib borish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqarilishi kerak. Bu yo‘riqnomalar ushbu Namunaviy yo‘riqnomaga zid bo‘lmasligi kerak va ulardagi talablar ushbu Namunaviy yo‘riqnomada belgilangandan past bo‘lishi mumkin emas.
6. Portlash xavfi va portlash-yonish xavfi bor obyektlarda olovli ishlar faqat kunduz kuni amalga oshirilishi kerak (falokat holatlaridan tashqari).
7. Ushbu Namunaviy yo‘riqnoma talablari korxona bo‘limlari tomonidan bajarilayotgan ishlarga taalluqlidir.
8. Olovli ishlarni olib borishga, ish joylarida yong‘in xavfsizligi chora-tadbirlari haqidagi yo‘riqnomadan (yo‘riqlashdan) o‘tgan, malaka guvohnomasiga texnika va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha malaka guvohnomasiga, taloniga ega mutaxassislarga ruxsat beriladi.
9. Olovli ishlar ikki bosqichga bo‘linadi: tayyorgarlik va asosiy, ya’ni bevosita olovli ishlarni olib borish.
10. Olovli ishlar, faqat bo‘linma rahbari imzo qo‘ygan naryad-ruxsatnoma mavjud bo‘lsa va olovli ishlar bajarilayotgan korxona bosh muhandisi yoki uning ishlab chiqarish bo‘yicha boshlig‘i tasdiqlagan bo‘lsagina, olib borilishi mumkin (ilovaga qaralsin).
Avariya holatlarida olovli ishlarni olib borish uchun naryad-ruxsatnoma, olovli ishlar bajarilishi kerak bo‘lgan bo‘linma rahbari yoki uning o‘rnidagi shaxs tomonidan berilishi mumkin. Bu holatda olovli ishlar korxona bosh muhandisini va texnika xavfsizligi xizmatini xabardor qilgan holda, naryad-ruxsatnoma bergan shaxsning bevosita rahbarligida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |