Eslab qoling!
Ilk Paleolit → mil.avv. 1 mln. – 100 ming yil.
O‘rta Paleolit → mil.avv. 100–40 ming yil.
So‘nggi Paleolit → mil.avv. 40–12 ming yil.
Mezolit→ mil.avv. 12-7 ming yil.
Neolit → mil.avv. 6–4 ming yil.
Eneolit→ mil.avv. 4–3 ming yillik o’rtalari
Bronza→ mil.avv. 3-ming yillik o’rtalari – 2 ming yil.
Temir→ mil.avv. 1-ming yillikdan to hozirgi kungacha
_________________________________________________________________
2-§. Eng qadimgi odamlarning rivojlanish bosqichlari
Odam qanday paydo bo‘lganligi haqida ilmiy, diniy, afsonaviy va dunyoviy naqllar mavjud bo‘lib, biz bu masalani ilmiy asosda, antropologiya va arxeologiya ma’lumotlariga tayangan holda o‘rganamiz.
Yer yuzidagi dastlabki odamlar qaddi-qomatini tik tutib yurgani, mehnat qurollarini yasash va ularni ishlatishni bilgani uchun hayvonot dunyosidan farqlanib turishgan.
Olimlar turli mintaqalardan o‘ta sodda tosh mehnat qurollari yasashni biladigan eng qadimgi odam suyaklari qoldiqlarini topib o‘rganganlar, jumladan, Janubiy Afrikadan – avstralopitek Sharqiy Afrikadagi Zinj vodiysidan – zinjantrop Yava orolidan (Indoneziya) – pitekantrop Xitoy hududidan – sinantrop shuningdek, Germaniyadan – neandertal Fransiyadagi Kromanyon g‘oridan – hozirgi qiyofadagi odam – kromanyon suyaklari topilgan.
Yer yuzida iqlim iliq bo‘lgan davrlarda odamlarning makonlari kichik daryolar yoki buloqlar yaqinidagi tepaliklarda joylashgan. Ilk paleolitning oxirlariga kelib Buyuk muzlik davri boshlandi. Ibtidoiy odamlar o‘ta qattiq sinovga duch keldi. Bu hol odamlarni yangicha turmush sharoitiga moslashishga undadi. Bunday paytda kuchlilargina yashab qolgan.
Tarix fanida enq qadimgi odamlar ibtidoiy odamlar deb ataladi. Ularning makonlari Afrika, Osiyo va Yevropaning ko‘pgina hududlaridan topilgan. O‘rta Osiyoda toshdan yasalgan qadimiy mehnat qurollari Farg‘ona vodiysidagi Selungur makonidan va Toshkent vohasidagi Ko‘lbuloq manzilgohidan ham topilgan. Bular qo‘pol tosh qurollar bo‘lib, ularning bir tomoni urib o‘tkirlangan. Arxeologiya fanida bu tosh qurollar chopperlar deb nomlangan.
Mehnat qurollari odamlarga yegulik topish uchun kerak bo‘lgan. Dastlabki mehnat qurollari sodda edi. Uchi o‘tkirlangan tosh va tayoq bilan qurollangan odam hayvonlarni ovlagan, uchi o‘tkir tayoq yordamida o‘simliklarning iste’molga yaroqli ildizlari va ildizmevalarini kovlab olgan.
Tabiat insonga nimani in’om etsa, odam shuni olgan, topgan yeguligi bilan qanoatlangan. Shuning uchun ham kishilarning eng qadimiy mashg‘uloti bo‘lgan termachilik va ovchilik o‘zlashtiruvchi xo‘jalik deb ataladi.
Boysun tog‘laridan topilgan Teshiktosh g‘ori o‘rta paleolit davri madaniyatining jahonga mashhur yodgorligi hisoblanadi. Teshiktosh g‘oridan tosh qurollari va ularning parchalari, tog‘ echkisi, kiyik, yovvoyi ot, qoplon, quyon, mayda kemiruvchilar, shuningdek, qushlarning suyaklari topilgan. Teshiktosh g‘orida topib tekshirilgan, tosh asriga mansub 8 – 9 yashar neandertal bolaning suyak qoldiqlari eng mashhur topilmadir.
Bola jasadi qabrga ko‘milgan. Jasad atrofiga tog‘ echkisi shoxlari qadab chiqilgan. Murdaning dafn etilishi dastlabki diniy e’tiqodlar bilan bog‘liq bo‘lgan
Mehnat faoliyati, tevarak olam haqida to‘plangan bilimlar asta-sekin insonning fikrlash qobiliyati va tafakkurini o‘zgartirib bordi. Odamlar o‘zlariga tushunarsiz bo‘lgan hodisalar haqida o‘ylay boshladilar: kun bilan tun, yil fasllari almashishi, vulqonlar otilishi, yer qimirlashi va boshqa tabiat hodisalari odam e’tiborini o‘ziga tortgan. Ana shu hodisalarning sabablarini tushuna olmagan inson momaqaldiroq, yashin, shamol, yomg‘ir kabi tabiat kuchlariga sig‘ina boshladi
Do'stlaringiz bilan baham: |