Miloddan avvalgi IX-VIII asrlarda temirdan yasalgan ilk mehnat qurollari O‘rta Osiyodan ham topilgan.
Temir qurollarning keng tarqalishi mehnat unumdorligini oshirdi. Bu esa ishlab chiqarishning yanada rivojlanishiga zamin yaratdi. Qabila-urug‘ oqsoqollarining ta’siri tobora kuchaya borgan. Doimiy harbiy to‘qnashuvlar sharoitida qabilalar ittifoqlari paydo bo‘ldi. Bu ittifoqlarga harbiy sardorlardan saylangan kishilar rahbarlik qilganlar, jamiyat esa harbiy demokratiya tamoyillari asosida yashay boshladi. Temir asri boshlarida O‘rta Osiyoda aholi to‘rtta guruhga bo‘lindi: kohinlar, jangchilar, dehqonlar, hunarmandlar.
O‘rta Osiyo jamiyati asosini tashkil etgan «nmana» – katta patriarxal oilasi haqida «Avesto»dan bilamiz. Bir necha «nmana»lar urug‘ jamoasi – «vis»ni tashkil etgan. Hududiy qo‘shnichilik jamoasi esa «varzana» deb nomlangan. Bunday jamoalar qabilaga – «zantu»ga birlashgan. O‘z hududini himoya qilish uchun bir qancha qabilalar ittifoqqa – «dax’yu»ga uyushishgan. O‘rta Osiyoda temir asriga o‘tish davrida jamiyatning tuzilishi shunday bo‘lgan
Temir pichoq Mil. avv. VII-VI asr
Bronzadan yasalgan qozon. Mil. avv. VI-V asr
Temirdan ishlangan xanjar va qin. Mil. avv. I ming yillik
6-§. Nil vodiysi va uning aholisi
O‘zi bilan birga huzurbaxsh salqin havo va mo‘l-ko‘l hosilni olib kelguvchi sersuv Nil viqor bilan oqadi. Ulug‘vor daryo Afrikaning shimoli-sharqida sivilizatsiya vujudga kelishi uchun zamin yaratgan. Bir qancha shoxobchalarga bo‘linib oquvchi Nil daryosi borib-borib O‘rtayer dengiziga quyiladi. Nil daryosi quyilish joyini yunonlar delta deb atashgan. Chunki dengizga quyiluvchi shoxobchalarning to‘la-to‘kis manzarasi uchburchaksimon, ya’ni yunoncha «delta» harfiga o‘xshash bo‘lgan. Nil 6 ming kilometr uzunlikdagi to‘lib oqadigan katta daryodir. Daryoning quyi qismi 3 km dan 22 kilometrgacha kenglikdagi qora tuproqli serhosil dalalardan iborat. Vodiyliklar yurtga – «Qora tuproq» yoki «Nil in’omi» deb nom berishgan.
Qadim o‘tgan zamonlarda Nil vodiysi odam o‘tolmaydigan, papirus butalari bir-biriga chirmashib ketgan botqoqliklar bilan qoplangandi. Suvlarda son-sanoqsiz yirtqich timsohlar kun kechirar, quruq yerlarida yovvoyi hayvonlar galasi sang‘ib yurar, botqoqzorlarida esa zaharli ilonlar yashar edi.
Vaqt o‘tgani sayin iqlim o‘zgarib bordi, suv ham yildan-yilga kamayaverdi, Shimoliy Afrika ham cho‘lga aylana bordi. Odamlar Nil vodiysi va deltasini o‘zlashtira boshladilar. Shu tarzda ziroatchilik aholining asosiy mashg‘ulotiga aylandi. Mil. avv. 4 ming yillik boshlarida odamlar Nil daryosi qirg‘oqlaridagi yerlarni o‘zlashtirishga bel bog‘ladilar.
Nil daryosi dalalarni suvga bostirib, keng-mo‘l oqqan yillarda misrlik dehqonlarning hosili ham barakali bo‘lgan. Misrlik dehqonlar bug‘doy va arpa, shuningdek, poliz ekinlarini ekishgan, yetishtirilgan kanopdan esa gazlama to‘qishgan. Qadimgi zamonda yerga omoch bilan ishlov berib, urug‘ qo‘lda sepilgach, urug‘likni yerga singdirish uchun qoramollarni daladan haydab o‘tishgan. Mehnat qurollari takomillashishi bilan ziroatchilar omoch va hayvonlar kuchidan foydalana boshlashdi. Misrliklar sigir, qo‘y-echki, cho‘chqalarni boqishgan. Ziroatchilar ho‘kizlardan dala ishlarida foydalanishgan. Misr dehqonlari yerga urug‘ sochish va hosilni yig‘ishtirib olish ishlarini g‘ayriodatiy muddatda o‘tkazishgan. Iyul-sentabr oylarida ular dam olishar va urug‘likni ekishga hozirlashardi. Negaki, bu mahalda barcha dalalarni suv bosardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |