ORTQI MIYa - METENCEPHALON Ortqi miya ikki qismdan: oldingi tomonda - Varoliy ko’prigi, orqa tomonda miyachadan iborat. Ko’prik - pons Varolii. Miyaning bu qismi odamda anchagina yaxshi taraqqiy etgan, u ko’ndalang joylashgan tolalar bilan qoplangan va oldingi-pastki tomonga anchagina bo’rtib chiqqan ko’prik shaklida miya tubining orqa qismida joylashgan. Uning oldingi cheti miya oyoqchalari (pedunculi cerebri), orqa cheti esa uzunchoq miyaning oldingi uchi bilan chegaralangan. Ko’prik oldingi, ayniqsa orqadagi qo’shni organlardan chuqur joylashgan ko’ndalang yoriqlar ajratib turadi. Orqadagi ko’ndalang yoriqdan, ichkaridan tashqariga tomon sanaganda, uzoqlashtiruvchi nerv (n. sbducens) yuz (bet) nervin. facialis va dahliz-chig’anoq nervi- n.vestibulo cochlearis chiqadi. Ko’prik oldingi tomonga pastgina gumbaz shaklida ko’tarilib chiqqan bo’lib, uning o’rtasida oldindan orqaga qarab ketgan keng egat bor. Bu egatga sulcus basilaris deyiladi va unda shu nomidagi arteriya yotadi. Ko’prikning ikki yoni pastga tomon nishab bo’lib, shu nishabning o’rtasidan, ko’prikning ko’ndalang tolalarini yorib, uch shoxli nerv (n. trigeminus) chiqadi.
MIYaChA (KIChIK MIYa) - CEREBELLUM Miyacha odamda ortqi miyaning eng katta bo’lagi bo’lib, kishining hamma va har xil harakatlarini bir me’yorga solib, kelishtirib turuvchi hamda muvozanatni saqlab turadigan a’zodir. Bu jihatdan uning organizmdagi tutgan o’rni juda muhim. Miyacha bosh suyagning ichki asosidagi orqa chuqurda - fossa cranii posterior da, miya yarimsharlarining orqa (ensa) qismining ostida joylashgan. Uning tagida oldingi tomonga moyil bo’lib, Varoliy ko’prigi bilan uzunchoq miya turadi. Miyachaning ustki va ostki yuzlari - facies cerebelli superior, facies cereberlli inferior, oldingi va orqa qirg’oqlari bor. Pastki yuzaning o’rtasida oldindan orqaga tomon yo’nalgan keng botiq - vallecula cerebelli bo’lib, unda uzunchoq miya turadi. Miyacha uch qismdan tarkib topgan ikki yon tomondagi keng va katta bo’laklarga miyacha yarimsharlari - hemispheria cerebelli va ularning oralig’idagi kichik markaziy bo’lakka chuvalchang - vermis deyiladi. Odatda ikita (ustki va ostki) chuvalchanglar - vermis superior, vermis inferior farq qilinadi. Ustki va yuza tomonda miyachaning yarimsharlari bir-biridan ko’tarinki (milk) bilan ajralgan. Bu ko’tarinki ikki tomonga pasayib borib, tekis yuzalarga aylanib ketadi. Miyachaning orqa qirog’idagi yaxshi ko’ringan va keng kemtik - incisura cerebelli posterior har ikki yarimsharni orqadan ajratadi. Shunday kemtik oldingi qirog’ida ham bor (incisura cerebelli anterior). Yarimsharlarning orqa qirg’oqlari bo’ylab bir brachium pontis dan ikkinchisiga ketgan chuqur ko’ndalang yoriq - fissura horisontalis cerebelli ustki yuza bilan ostki yuzalarni ajratib turadi. Miyachaning chuvalchang qismi yarimsharlarga nisbatan ancha avval paydo bo’lgan. Ostki chuvalchang ikki yon tomonidan chuqur uzunasiga ketgan egatlar yordamida yarimsharlardan ajralmagan bo’lsa, ustki chuvalchang esa yarimsharlar bilan deyarli tutashib turadi. Miyachaning bu qismlari (ayniqsa ostki chuvalchang) ko’ndalng egatlar yordamida mayda, ko’tarinki bo’lakchalarga ajralganligidan, tashqari, ko’rinishi chuvalchangga o’xshab ketadi (shunga ko’ra shu nom bilan atalgan). Miyachaning ajralib turadi bo’lakchalaridan biri uning parcha- flocculus deb atalgan qismidir. Bu qism har qaysi yarimsharning ostki yuzasidan miyachaning o’rta oyoqchasiga yaqin joylashgan. Bu parchaga aloqador bo’lgan yana bir qism - tuguncha (nodulus) dir. Flocculus o’zining ingichka oyoqchasi - pedunculus flocculi yordamida tuguncha bilan qo’shilgan. Bu oyoqcha ichki tomondan yupqa, yarimoysimon miya plastinkasi - velum medullare posterius bilan tutashib ketadi. Miyacha bosh miyaning boshqa qismlari bilan uch juft oyoqchalar vositasida qo’shilgan. Bu oyoqchalar o’tkazish yo’llari tolalari to’plamidan iborat. Oyoqchalarning eng yo’g’oni o’rta oyoqcha - pedunculi cerebellares medii (yoki miyacha -ko’prik oyoqchalari - crura cerebelli ad pontem, yoki ko’prik yelkasi- brachium pontis) dir. Bu oyoqcha yon tomonga kengaya borib, Varoliy ko’prigi bilan tutashadi. Ikkinchisi ustki oyoqchalar - pedunculi cerebellares superiores (yoki miyachaning to’rt tepalikka boradigan oyoqchasi - crura cerebelli ad laminam quadrigemina) dir. Bu oyoqchaning tolalari miyachaning tishli o’zagidan (quyiga qaralsin) boshlanib, o’rta miyadagi qizil o’zakkacha boradi. Uchinchi oyoqchaga pastki oyoqchalar - pedunculi cerebellares inferiores (yoki miyachadan uzunchoq miyaga boruvchi oyoqchalar crura cerebelli ad medullum ablongatum) deyiladi. Yuqorida chilvir tana- corpus rectiforme deb ko’rsatib o’tilgan xuddi boyagi oyoqchaning o’zginasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |