OYOQ SUYAKLARI Oyoq suyaklari qo’l suyaklari singari ikkita qismga bo’linadi. Birinchisi oyoq kamari (cingulum membri inferioris) bo’lib, ikki tomonda bittadan chanoq suyagidan tuzilgan. Ikkinchisi, erkin turgan qismi-skeleton membri inferioris liberi esa uch qismni tashkil qiladi.
1) proksimal qismi- son suyagidan;
2) o’rta qismi-boldir (katta va kichik boldir) suyaklaridan hamda tizza qalpog’i suyagidan;
3) distal bo’limi - oyoq panjasi skeletidan tuzilgan.
OYOQ KAMARI SUYAKLARI Chanoq suyagi (os coxae) ikkita yalpoq chanoq yoki nomsiz suyakdan iborat bo’lib, odamning yurishida gavda og’irligini oyoqqa o’tkazadi va chanoq bo’shlig’idagi a’zolarni tashqi muhit ta’siridan saqlab turadi. Chanoq suyagining bu xildagi vazifalari uning murakkab tuzilishiga sabab bo’lgan. O’rta yashar odam chanoq suyaklarida uchta ayrim suyaklar: yonbosh suyagi (os ilium), qov suyagi (os pubis) va quymich (o’tirg’ich) suyagi (os ischii) tafovut qilinadi. Bu suyaklar 14-16 yoshga kirguncha alohida joylashadi, so’ngra tog’ay plastinkalari vositasida o’zaro qo’shiladi va keyinchalik suyaklanib, bir butun chanoq suyagini hosil qiladi. Chanoq suyagining tashqi yuzasida (uchala suyakning o’zaro birlashgan joyida) son suyagining boshi kirib turadigan quymich kosasi (acetabulum) bo’lib, gir atrofi yarimoy bo’g’im yuzasi (facies lunata) bilan o’ralgan. Uning pastki qismi quymich o’ymasi (incisura acetabuli) bilan chegaralanadi. Quymich kosasiga son suyagining boshchasi bo’g’im hosil qilib joylashadi. Quymich kosasining markazida kosa chuqurchasi- fossa acetabuli ko’rinadi. Yonbosh suyagi (os ilium) ning pastki yo’g’onroq qismi, tanasi (corpus ossis ilium) quymich kosasini tashkil qiladi. Yonbosh suyagining tanasidan, yuqoriga serbar plastinka, qanot (alaossis ilii) “S” shaklida keng bo’lib, muskullar yopishadi. Yonbosh suyagining qanoti tepaga qirra (crista iliaca) bo’lib tugaydi. Qirra oldingi tomonda ustki va pastki o’tkir (spina iliaca anterior superior va spina iliaca anterior inferior) bilan chegaralanadi. Yonbosh suyagi qirrasining orqa tomoni yuqori va pastki o’siq (spina iliaca postarior superior va spina iliaca posterior inferior) larga boradi. Qanotining tepa qismida tashqi lab (labium externum) oraliq chizig’i (linea intermedia) va ichki labi - (labium internum) joylashgan. Yonbosh suyagining orqa tomonida katta o’tirg’ich o’ymasi (incusura ischiadica major) va uning pastida o’tkir o’siq (spina ischiaica) joylashgan. Yonbosh suyak qanotining ichki yuzasi silliq va botiqroq bo’lib, yonbosh chuqurcha (fossa iliaca) deb ataladi. Ana shu chuqurcha pastki yoysimon chiziq (linea arcuata) bilan chegaralanadi, orqa va pastki tomonida quloq suprasi shaklidagi bo’g’im yuzasi (fasies articularis) o’ziga mos keladigan dumg’aza suyagidagi shunga o’xshash bo’g’im yuzasi bilan birlashib turadi. Yenbosh suyak anotining tashqi yuzasida muskullar yopishadigan uchta g’adir-budur chiziqlar bor. ular oldingi dumba chizig’i-linea glutea anterior, orqadagi dumba chizig’i-linea glutea posterior va pastki dumba chizig’i - linea gletea inferior dir. Qov suyagi (os pubis) ning kalta va keng qismi, tanasi (corpus ossis pubis) bo’lib, quymich kosasining oldingi bo’lagini hosil qiladi. Qov suyagining yuqori (ramus superior ossis pubis) va pastki (ramus inferior ossis pubis) butoqlari burchak hosil qilib, o’zaro birlashib turadi. Ana shu burchakning medial chekkasi yuzasida joylashgan oval shaklidagi cho’zinchoq bo’g’im yuza (facies sumphysialis) orqali ikkita qov suyaklari ham o’zaro birlashadi. Yuqori butoqning yonbosh suyak chegarasida yonbosh qov tepaligi -eminentia iliopubica ko’rinadi. Yuqori butoqning facies sumphysialis ga o’tish chegarasidagi do’mboq- tuberculum pubicym orqaga qirrasi (crista pubica) bo’lib davom etadi va pastki qov tepaligiga qo’shiladi. Qov suyagi tepa butog’ining ichki va pastki yuzasida yopiluvchi egat- sulcus obturatorius joylashgan. Quymich suyagi (os ischii) ning qov suyagiga o’xshash quymich kosalarini hosil qilishda qatnashadigan qismi, tanasi (corpus ossis ischii) va undan davom etgan butog’i (ramus ossis ischii) bor. Ana shu butoq burchak hosil qilib, pastki butoqqa o’tadi. Bu esa qov suyagining pastki butog’i bilan qo’shiladi. Quymich suyagi ikkala butoqlarining o’zaro birlashgan joyi kengayib, yo’g’onlashgan quymich do’mbog’i (tuber ischiadicum) ni hosil qiladi. Quymich suyagi tanasining orqa tomonidagi o’tkir o’siq (spina ischiadica) bilan quymich do’mbog’i orasida kichkina kesimta (incisura iachiadica) joylashgan. Quymich va qov suyaklari butoqlari o’zaro qo’shilib, tuxum shaklidagi kattagina yopiluvchi teshik (foramen obturatum) ni hosil qiladi. Chanoq suyaklarining ichida birinchi suyaklanish nuqtasi embrion rivojlanishi davrining 4-oylarida quymich suyagining tanasida paydo bo’ladi. Qov suyagida birinchi suyaklanish nuqtasi embrionning 5-oyida, yonbosh suyagida esa 6 oylik davrida paydo bo’ladi. 14-16 yoshga kelib, uchala suyaklar o’zaro suyaklanib, qo’shilib bitta chanoq suyagini hosil qiladi.