64
Almashlab ekish deb, ekinlarni yillar davomida dalalar bo’yicha yuqori agrotexnik
sharoitda tuproq unumdorligini yaxshilash va hosilni oshirishni ta’minlaydigan to’g’ri
navbatlab ekishga aytiladi. Almashlab ekishning ahamiyati shundaki,uning tarkibidagi ko’p
yillik o’tlar o’zidan keyin yerda ko’p miqdorda organik moddalar qoldiradi. Shu tufayli
tuproqning strukturasi, suv-fizik xossalari, namlik sig’imi, zichligi, tuproqning oziq, issiqlik,
havo rejimlari va mikroorganizmlar faoliyati yaxshilanadi.
Almashlab ekish ta’sirida tuproqda turli kasalliklar va hashoratlar miqdori keskin
kamayadi. Faqat ekinlar navbatlashuvi ilmiy asosda tashkil etilib, joriy etilgandagina tuproq
unumdorligini saqlash va oshirish mumkin. Maydon, kasalliklar manbai va begona o’tlardan
tozalanadi, hosildorligini oshirish bilan chorvachilik yem-hashak bazasini ko’tarishda ham
katta rol o’ynaydi.
Bir dalaning o’zida bitta ekinning uzoq vaqt eqilishi
surunkasiga ekish deyiladi.
Xo’jalik maydonlarining ko’p qismida uzoq vaqt bitta ekinni eqilishi
monokultura deyiladi.
Ekinlar o’zaro navbatlashmasdan bir maydonda uzluksiz ekilaversa, hosildorlikka putur
yetkazadigan salbiy oqibatlar yuzaga kela boshlaydi, ekinga qanchalik parvarish berilsada
hosildorlik ko’tarilmasdan pasaya boradi. Bunga sabab, o’simlikning bir tomonlama tanlab
oziqlanishi bo’lsa, unga o’ziga xos kasallik, zararkunanda va moslashgan begona o’tlar paydo
bo’ladi.
Tajriba ma’lumotlariga ko’ra, surunkasiga g’o’za ekilgan yerda vilt kasali 40-50% ni,
almashlab ekilgan dalada esa 9% ni tashkil qilgan. Ma’lumki turli ekinlarning ildizi turlicha
rivojlanadi. Shu tufayli ekinlar yerdan oziq elementlarni har-xil o’zlashtiradi. Masalan. g’alla
ekinlari tuproqdan ko’p miqdorda fosfor, ildizmevalar esa kaliyni, dukkaklilar fosfor va
kaliyni, g’o’za esa azot va fosforni ko’p o’zlashtiradi. Shu tufayli tuproqqa surunkasiga bir xil
ekin ekish oqibatida oziq moddalarning bir tomonlama kamayish jarayoni sodir bo’ladi.
Bunday jarayon surunkali davom etishi natijasida tuproq unumdorligi keskin pasayadi.
Almashlab ekish natijasida begona o’tlar miqdori 30-50% gacha kamayadi, o’g’itlar
samaradorligi 30-40% oshadi, har bir gektar ekin maydoniga sarflanayotgan suv 10-25%
gacha tejaladi. Almashlab ekish ta’sirida ko’p yillik yem-xashak ekinlari botqoqlanish va
sho’rlanish jarayoni ya’ni tuz to’planishini kamaytiradi, natijada ekinlarning hosildorligi 10-
35% gacha oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: