O’z va ko’chma ma’no
Atash ma’noli so’zlarning nutq tarkibidan tashqarida yo bo’lmasa nutq tarkibining ichida ifodalaydigan ma’nosiga ko’ra so’zlar ikki ma’noga ega bo’ladi: 1) o’z ma’no; 2) ko’chma ma’no.
O’z ma’no “bosh ma’no”, “asosiy ma’no”, “to’g’ri ma’no” deb ham yuritiladi. O’z ma’no deganda so’zning dastlabgi asl ma’nosi, so’zlarning nutq jarayoniga bog’liq bo’lmagan, ya’ni so’zlar bilan yonma – yon kelganda anglatadigan atash ma’nosi tushuniladi.
Ana shu lug’aviy ma’no asosida boshqa ma’nolar ham ifodalansa, u yasama (ko’chma) hisoblanadi. Ko’chma ma’no deganda o’z ma’no zaminida hosil qilingan yangi ma’no, so’zning nutqda boshqa so’zlar bilan bog’lanib hosil qilinadigan yondosh ma’nosi tushuniladi.
M: tulki so’zi aslida yovvoyi hayvonning bir turi ma’nosini anglatadi. Mirzakarimboy – tulki odam gapida tulki so’zi quv, ayyor kabi ko’chma ma’noda qo’llanilgan.
Yoki kumush – nutq tarkibidan tashqarida oq rangdagi qimmatbaho metal ma’nosini ifoda etadi, bu - uning o’z ma’nosi. Kumush so’zi qish, qor kabi so’zlar bilan bog’langanda ko’chma ma’no kasb etadi. Kumush qish o’z ta’sirini o’tkazmay qo’ymayapti.
Odatda so’z o’zining bosh va ko’chma ma’nolari bilan bir so’z turkumiga mansub bo’ladi.
M: ko’z: odamning ko’zi (o’z ma’nosi). Ishning ko’zi, ignaning ko’zi, uzukning ko’zi, xurjunning ko’zi, taxtaning ko’zi, derazaning ko’zi (ko’chma ma’no)
Atash ma’noli so’zlarda hamma vaqt o’z ma’no bitta bo’ladi. Ko’chma ma’no esa ana shu o’z ma’noga daxldor bo’lib, bir yoki bir nechta bo’ladi.
Masalan: So’zning o’z ma’nosiga misollar: burun – tirik organizmning yuz qismidan bo’rtib chiqqan nafas olish organi; oyoq – insonning yurish a’zosi; uzmoq – qo’l vositasida, asosan, o’simliklarni yulmoq; iliq – suyuqlikning sovuq ham emas, issiq ham emas, balki oraliqdagi daraja belgisi; bosh – inson tana a’zolarini boshqaradigan organ; yengil – narsa-buyum, shaxsning vaznini normal holatdan pastligi belgisi.
Ana shu so’zlarning nutq tarkibida, ya’ni gap ichida so’zlar bilan yonma-yon kelganda ifodalaydigan ko’chma ma’nolari quyidagilar: U do’stini gap bilan uzib-uzib oldi. (gap bilan tanbeh bermoq ma’nosi); Akram Marg’uba bilan aloqani uzdi. (a’loqa qilmaslik ma’nosi); U do’stiga iliq muomala qildi. (yaxshi ma’nosida); U iliq tabassum bilan kirib keldi. (yoqimli tabassum ma’nosida); Ularning munosabatlari iliq edi. (me’yorida); Ishning boshi boshlanguncha. (boshlanish qismi ma’nosida); Faxriddin bosh farzandiga tanbeh berdi. (to’ng’ich ma’nosida); Yo’lning boshida onasi farzandini kutib turardi. (boshlanish joyi ma’nosida); Bosh masala – talaba bo’lish. (asosiy ma’nosida); Abduvohidjon yengil odamlarni xushlamaydi. (sabrsiz, sergap); Kelin davra ahliga yengil ta’zim qildi. (ohista); Kechqurun yengil taom iste’mol qiling. (tez hazm bo’ladigan); Bu muammoga yengil yondashmang. (yuzaki); Gapni gapga uladi. (to’xtovsiz gapirdi); Orolchaning burni uzoqdan ko’rinib turardi. (orolchaning suvga tomon bo’rtib chiqqan qismi); “O’tkan kunlar” romani – oltin asar. (badiiy-g’oyaviy jihatdan nihoyatda yuksak ma’nosida); Talabalik – oltin davrim. (juda yaxshi); Oltin kuz o’z hukmini o’tkazmoqda. (sariq-qizil tusli); Ota-onasining qanoti ostida yayrab, yashnab o’sdi. (ardog’ida, ko’magida); Bu masalani oson yo’l bilan ishladi. (usul); Bahodirjon pishiq yigitlardan. (aqlli, mug’ombirroq); Uning gaplari sovuq edi. (yoqimsiz); Sovuq xabar tez tarqaladi. (yomon).
Ba’zan so’z o’zining ko’chma ma’nolari bilan boshqa so’z turkumlariga teng kelishi ham mumkin.
M: oltin, kumush, temir – bular asli ot, oltin yaproq, kumush qish, temir intizom kabi misollarda ko’chma manosi bilan sifatga ko’chgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |