Yer osti suvlarining paydo bo'lishi. Yer qatlamlari orasidagi suvlar, birinchidan, yog’inlarning yer po'stidagi qum va toshlar orasiga qisman sizib o'tishi, ya’ni infil'tratsiya yo'li bilan hosil bo'ladi. Masalan, O'zbekistonda har yili atmosfera suvidan tashqari sug’orish tizimidan 8 milliard m3 suv shimilib, yer osti suviga qo’shiladi. Ikkinchidan, yer osti suvlari suv bug’larining sovub quyuqlashuvi, ya’ni kondensatsiya jarayonida ham paydo bo'ladi. Bu vaqtda yer ichidagi suv bug’lari sovib quyuqlashadi va suvga aylanadi. Tog’ jinslarida suv bug’i ko'p tarqaladi, bu esa ularning elastikligini orttiradi, tuproqning yuqori bosimi ta’sirida bug’ yana havoga chiqadi. Demak, kondensatsiya jarayoni suv bug’ini tuproqqa olib kiradi va undan olib chiqadi. Tog’li yerlarda, dashtlarda, doimiy muzloq rayonlarda suv bug’lari eng ko'p kondensatsiyalashadi.
Yuvenil suvlar. Yer qatlamlari ostidagi magmadan ajraluvchi minerallashgan issiq suv bug’larining yer osti suvlariga aylanishidan hosil bo'ladi. Yuvinel suv yerning chuqur qatlamlarida va tez-tez vulqon otilib turadigan o'lkalarda ko'p uchraydi. Yer osti suvlaridan tashqari, qoldiq yoki relikt suvlar ham bor (G.N.Kamenskiy. 1955-1969). Bunday suvlar hosil bo'lish sharoitiga ko'ra ikkiga bo'linadi:
1. Singenetik (grekcha bo’lib Singenesis - bir vaqtda hosil bo'lish demakdir) yer osti suvlari - dengiz yotqiziqlari to'planganda ular orasida birgalashib to'planib qolgan suvlardir.
2. Epigenetik - yer osti suvlari – tog’ jinslari vujudga kelgandan so'ng yoki dengizdan sizib o'tgan suvlardan hosil bo'ladi. Tog’ jinslarining suv o'tkazuvchanligi qatlamli va yaxlit jinslar - har xil cho'kindilar va minerallar yig’indisidan iborat bo'lib, donachalarining katta-kichikligi, miqdori, joylashuviga qarab bir jins ikkinchi jinsdan farq qiladi. Masalan: gil (0,001 mm) lyoss (0,05 mm) qum (2,0 - 0,1mm), shag’al (2-200mm), qumtosh, harsang tosh va boshqalar bir-biridan farq qiladi. Bulardan tashqari, yer qatlamlari orasida magmatik jinslardan - granit, diorit, gabbro, perioditlar va metamorfik jarayon natijasida paydo bo'lgan slanets, marmar, gneys va boshqa tog’ jinslari uchraydi. Bu jinslar quruqlikda har xil geologik sharoitda hosil bo'lgan va ular yer qatlamlarida bir xil joylashmagan bo'lib, suv o'tkazish qobiliyati turlichadir.
Tog’ jinslarining suv o'tkazish yoki o'tkazmasligi ularning g’ovakli yoki serdarz bo'lishiga bog’liqdir. G'ovak jins deb, olingan jins namunasidagi g’ovaklar hajmining shu namunaning hajmiga bo'lgan nisbatiga aytiladi va bunday ifodalanadi: n=Vn / V * (100)
Bunda n - jinsning g’ovakligi, Vn - jins namunasidagi bo'shliq hajmi, V - jinsning umumiy hajmi.
Shuni ham aytish kerakki, har qanday g’ovaklardan ham suv o'tavermaydi, masalan, gilning g’ovakligi 50 foizga yaqin, shunga qaramay u suv o'tkazmaydi, chunki g’ovaklari nihoyatda kichik va jins zarrasi juda mayda (0,001 mm dan kichik) suv shimgacha ko'pchiydi va yopishqoq bo'lib qoladi. Qumning g’ovakligi 30-33 foiz bo'lsa-da, undan suv tez o'tib ketadi, chunki uning donachalari yirikdir. Shag’alning g’ovakligi 20-25 foiz bo'lganligidan undan suv ayniqsa tez o'tib ketadi. Shunday qilib, suv o'tkazmaydigan jinslarga gil, kvarsit, rogoviklar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |