2.3. Buxoro viloyatida agrar munosabatlarni amalga oshirish tajribasi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 sentabr kuni qishloq xo'jaligini 2020-2030 yillarda rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazdi. Mamlakatimiz qishloq xo'jaligi bo'yicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz to'kin, xalqimiz rizqi mo'l-ko'l bo'lishidan tortib eksportdan qo'shimcha daromad topishgacha bo'lgan juda ko'p masalalar shu soha bilan bog'liq.
Keyingi yillarda qishloq xo'jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo'yicha qator ishlar amalga oshirildi. Davlat xarid narxlari qariyb 3 barobarga ko'paytirilgani natijasida manfaatdorlik oshdi. Paxtachilik va g'allachilik hashar emas, chinakam daromad manbaiga aylandi. Yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va ish haqini oshirish maqsadida 76 ta paxta-to'qimachilik klasterlari tashkil etildi. Joriy yilning o'zida 25 ming gektar paxta maydonlarida suv tejovchi yangi sug'orish tizimi joriy qilindi. Foydalanishdan chiqqan 1 million 100 ming gektar yerni qayta ishga kiritish bo'yicha sa'y-harakatlar boshlandi.
Bular, albatta, yaxshi natijalar, lekin mazkur ishlar – islohotlarning birinchi bosqichi.
Prezidentimiz faqat bugunni emas, balki ertangi kunni ham o'ylab, uzoqni ko'zlab islohotlarni yangi bosqichga ko'tarish vazifasini qo'ymoqda. Shu maqsadda qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu iqtisodiyotimizning asosiy o'sish nuqtasi, "drayveri" bo'ladi. Ming-minglab ish joylari yaratiladi, odamlarning daromadi oshadi.
Yig'ilishda mazkur strategiyani amalga oshirish uchun zarur bo'lgan muhim vazifalar belgilab berildi.
Bunda, avvalo, qishloq xo'jaligi yerlarining aniq hisobini yuritish, ulardan foydalanishni takomillashtirish lozimligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, "Yergeodezkadastr" qo'mitasiga 2021 yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida yerni hisobga olish ishlarini yakunlash, yer hisobini yuritish bo'yicha yagona elektron bazani yaratish topshirildi.
Qayd etilganidek, unumdorlikni oshirishga, ko'p yillik mevalar yetishtirishga intilishi uchun yer egalarining ertangi kunga to'la ishonchi bo'lishi kerak. Shu bois Prezidentimiz qonunchilikni qayta ko'rib chiqib, yer ajratishning shaffof tizimi va yerga bo'lgan huquqning kafolatlanishini ta'minlash zarurligini ta'kidladi.
Qishloq xo'jaligida suvdan to'g'ri foydalanish ham juda muhim masala. Tahlillarga ko'ra, yurtimizda ekin maydonlariga milliardlab kub metr suv yo'naltirilsa-da, uning faqat 60 foizi ekinlarga yetib boradi, 40 foizi sug'orish tizimlarida va sug'orish jarayonida yo'qotiladi.
Jahon suv resurslari instituti tahminlariga ko'ra, 2040 yilga borib O'zbekiston suv o'ta tanqis bo'lgan 33 mamlakat qatoridan joy olishi mumkin.
Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e'tibor qaratib, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va uning hisobini yuritish, har yili 200 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib borish zarurligini ta'kidladi. Ushbu yo'nalishlar ishlab chiqilayotgan strategiyada o'z aksini topishi kerakligi aytildi.
Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilinar ekan, budjet mablag'larining asosiy qismini yerlarning unumdorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ilm-fanni rivojlantirishga sarflash lozimligi ko'rsatib o'tildi.
Sohaning eksport salohiyatini oshirish va qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko'paytirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, bu boradagi jahon tajribasi tahlil qilindi.Masalan, Turkiyada 1 gektar yerdan 2 ming dollarlik, Misrda 8 ming dollarlik, Isroilda 12 ming dollarlik mahsulot yetishtiriladi. O'zbekistonda esa bu ko'rsatkich 300 dollardan oshmayapti. Doim bir xil standartdagi tovar yetkazib berish yo'lga qo'yilmagani sababli mahsulotlarimiz tashqi bozorda raqobatlasha olmayapti.
Yig'ilishda mutasaddilarga mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi, Sharqiy Osiyo va arab mamlakatlari standartlari asosida sertifikatlash tizimini joriy etish bo'yicha topshiriqlar berildi. Bu borada tomorqa xo'jaliklari ham katta rezerv ekani, "bir mahalla – bir mahsulot" tamoyili asosida joylarda logistika xizmati va kooperatsiya tizimini keng joriy qilish lozimligi qayd etildi.
Xizmat ko'rsatish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, bu tizimda raqobat yo'qligi sababli xizmatlar narxi yuqori, mahsulot ishlab chiqaruvchining tanlash imkoniyati yo'q. Shuning uchun mineral o'g'itlarni yetkazib berish, o'simliklarni himoya qilish, texnika va boshqa xizmatlar sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat turlarini ko'paytirish, xususiy korxonalar faoliyatini yo'lga qo'yish zarurligi ta'kidlandi.
Joriy yilda boshlangan yerni kosmik zondlash orqali tuproq va ekinlarning haqiqiy holatini tezkor va ishonchli baholash ishlarini 2020 yil yakuniga qadar to'liq oxiriga yetkazish darkor. Bu tizim vegetatsiya jarayoni, tuproqning meliorativ holati va minerallashuv miqdori, namlik darajasi haqida to'liq ma'lumotlarni berib, hosildorlikni 25-30 foizga oshirish imkonini beradi. Mutasaddilarga ekinlarni joylashtirishdan tortib, sotuvgacha bo'lgan jarayonlarni to'liq raqamlashtirish tizimini joriy etish bo'yicha topshiriqlar berildi. Yuqoridagi vazifalar bajarilishini samarali tashkil etish uchun eng avvalo malakali kadrlar kerak. Xalqaro tajriba asosida sohaga ixtisoslashgan oliy o'quv yurtlarida o'qitishning yangi metodikasini tatbiq etish, professor-o'qituvchilar ishtirokida sayyor o'quv darslari hamda seminarlar tashkil etish muhimligi qayd etildi. Ilmiy-tadqiqot institutlarida ertapishar mahsulot turlari va hududlar iqlimiga mos chorva zotlarini yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo'yicha ham ko'rsatmalar berildi. Umuman olganda, yangi strategiya qishloq xo'jaligiga bozor mexanizmlarini joriy qilib, ilmiy asoslangan ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, eksportni ko'paytirish, aholi jon boshiga to'g'ri keladigan mahsulotlar hajmini bir necha barobarga oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat bo‘yicha qishloq xo‘jaligi yerining umumiy maydoni 279 913 gektarni tashkil etadi. Umumiy ekin maydoni 204 731 gektardan iborat.
Buxoro viloyatida jami 23 ta agroklaster faoliyat yuritadi. Ulardan 8 tasi paxta-to‘qimachilik (ishlab chiqarish quvvati 331 800 tonna), 8 tasi g‘allachilik (ishlab chiqarish quvvati 21 555 tonna), 5 ta meva-sabzavotchilik (ishlab chiqarish quvvati 20 300 tonna), 2 ta dorivor o‘simliklar klasteri (ishlab chiqarish quvvati 2 tonna). Ularga 104 206 gektar maydon ajratilgan, shundan 11 992 gektar maydon klasterga berilgan bo‘lib, klaster tarkibiga kiruvchi 3 177 ta fermer xo‘jaligi 92 124 gektar yerga egalik qiladi. Shuningdek, viloyatda 1 ta agrologistika markazi faoliyat olib boradi. Viloyatda 4883 ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 2 764 tasi paxtachilik-g‘allachilik, 948 tasi bag‘dorchilik-uzumchilik, 143 tasi bog‘dorchilik va polizchilik, 14 tasi bog‘dorchilik-g‘allachilik, 974 tasi chorvachilik, 105 tasi esa boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslashgan. Viloyatdagi 780,1 gektar maydon 438 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan issiqxonalar uchun taqsimlangan. Hozirgi kunda viloyatda 2 772 gektar maydon 196 ta fermer xo‘jaligiga intensiv bog‘lar uchun ajratilgan.
Buxoro viloyatida yer-suv islohot. Keyingi yillarda mamlakatimiz yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini maqbullashtirish va ularni ajratishni soddalashtirilgan tartibini qo‘llash, yer va suv resurslaridan foydalanishda zamonaviy bozor mexanizmidagi, innovatsion va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, past hosilli paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobiga yuqori daromadli eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur vazifalarni bajarilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5742-sonli farmoni qabul qilingan. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi va uning “Yo‘l xaritasi”, 2020 - 2030 yillarda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlangan. 2020 - 2030 yillarda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradoligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar asosida Respublikada 1 111 723 gektar, Buxoro viloyatida 39063 gektar, Jondor tumanida esa 6105 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarining foydalanishga kiritilishi rejalashtirilgan. Bu boradagi harakatlar esa boshlab yuborilgan.
“O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi Jondor tuman bo‘limi tumanda yer va suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha joriy yilning yanvar-may oylari mobaynida o‘tkazilgan nazorat tadbirlariga ko‘ra, 34 holatda yer, 8 holatda suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibini buzganlik holatlari aniqlandi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddalari bilan huquqbuzarlarga nisbatan 11,6 mln.so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Darhaqiqat, maqsadimiz yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish uni muhofaza qilish, Qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashdan iboratdir.
Ayni vaqtda butun respublika bo‘ylab qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugun Buxoro viloyatida o‘tkazilayotgan muhim agrotexnik tadbirlar haqida to‘xtalmoqchimiz. Dastlabki maʼlumotlarga (11-aprel 2022-yil) ko‘ra, viloyat bo‘yicha jami 222 019 gektar yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari to‘liq joylashtirilgan. Ularga chigit, soya, kungaboqar, sabzi, piyoz, kartoshka kabi ekinlar kiradi. Viloyatda yillar davomida foydalanishdan chiqib ketgan qishloq xo‘jaligi ekin yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish hamda qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha 2021-2022-yillarda 77 800 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 17 852 gektar yer maydoni to‘liq foydalanishga kiritildi. 1740 gektarda mevazor-uzumzor barpo etildi, 1 937 gektarga kuzgi boshoqli don ekinlari, 845 gektarga chorva ozuqasi, 100 gektarga sholi hamda 13 230 gektar yer maydonlariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari ekildi. Shuningdek, viloyatdagi 5 106 gektar past ball bonitetli yer maydonlarida ko‘p yillik mevazor va uzumzor barpo etish rejalashtirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi PQ-20 sonli qaroriga asosan aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil qilish maqsadida 10 yil muddatga 0,10 gektardan 1 gektargacha yer maydonlarini ochiq elektron tanlov asosida berish ishlari doirasida 5 979 gektar yer maydonlari ajratilib, to‘liq loyihalashtirib tanlovga chiqarildi.
Bugunga qadar 30 738 nafar fuqaro tomonidan 4 163 gektar yer maydoni ochiq elektron tanlov orqali olindi hamda bu yerlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish ishlari boshlab yuborildi. Viloyat tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari kesimida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha belgilab olingan manzilli dasturlar asosida 21 839 gektar, shundan 19 227 gektar tomchilatib sug‘orish va 2 612 gektar yomg‘irlatib sug‘orish hamda 14 900 gektar maydonni lazerli uskunalar bilan tekislash rejalashtirilmoqda.
Buxoro viloyati tumanlarida 222 019 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin yerlari (2022-yil 1-yanvar holatiga) mavjud bo‘lib, 7732 ta fermer xo‘jaliklari, 11 ta paxta to‘qimachilik klasterlari, 13 ta g‘allachilik klasterlari hamda 6 ta meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyat yuritib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |