O‘zbek tili leksikasining boyish manbalari
Ona tili (5-sinf)
Mustaqillik yillarida hayotimizda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Yangi-yangi tushunchalar vujudga keldi.
Yangi tushunchalar ko‘proq tilning ichki imkoniyatlari: a) shevalardan so‘z olish; b) so‘z yasash imkoniyatidan foydalanish asosida yuzaga keladi. Ba’zan yangi tushunchalar boshqa tillardan so‘z olish yo‘li bilan ham ifodalanadi. Bunday so‘zlar olinma so‘zlar hisoblanadi.
Shuni bilingki, dunyoda boshqa tillardan so‘z olmaydigan bironta ham til yo‘q. Kurash, yonbosh, chala, halol, g‘irrom, dakki so‘zlari dunyoning barcha tillariga kirib borayotgani kabi, bizning tilimiz ham turmushimizga kirib kelgan bir qator yangi tushunchalarni ifodalovchi olinma so‘zlar hisobiga boyib bormoqda.
Olinma so‘zlar
Ona tili (5-sinf)
Boshqa tillardan o‘zbek tiliga kirib o‘zlashib qolgan so‘zlarga olinma so‘zlar deyiladi. Masalan: radio, televizor, tramvay, kollej, litsey.
So‘zlar bir tildan ikkinchi tilga xalqlar o‘rtasidagi siyosiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa aloqalar natijasida o‘zlashadi.
(Masalan:choy so‘zi xitoy tilida cha-yashil, ye-barg demakdir).
AL va KHK darsligidan:
O‘zbek tili leksikasi bir qancha manbalar asosida boyib, rivojlanib boradi. Ularni eng avvalo, ikki katta guruhga ajratish mumkin: 1) o‘z ichki imkoniyatlari asosida; 2) boshqa tillardan so‘z olish asosida. Ularning birinchisi ichki manbalar, ikkinchisi tashqi manbalar sanaladi.
1. O‘zbek tili leksikasining birinchi yo‘l bilan boyib borish imkoniyatlari juda kengdir. Masalan, a) ilgari qo‘llanilib, keyin iste’moldan chiqib ketgan so‘zlardan yangi tushunchalarni ifodalash uchun foydalanish: vazir, hokim, viloyat, shirkat, noib, tuman kabi; b) yasovchi qo‘shimchalar yordamida yangi so‘z yasash: uyali telefon, omonatchi, pudratchi, bojxona, auditchi (auditor), dizaynchi (dizayner) va b; d) dialektal so‘zlarni faollashtirish: mengzamoq (Xorazm) “o‘xshatmoq”, “tenglashtirmoq”, “qiyoslamoq” ma’nosida.
2. O‘zbek tili leksikasi tashqi manbalar asosida ham boyib bormoqda. Dunyoda boshqa tillardan so‘z olmasdan faqat o‘z ichki imkoniyatlari asosidagina rivojlanadigan birorta ham til yo‘q. Bundan o‘zbek tili ham mustasno emas. Faqat ma’lum zarurat tufayli yangi tushunchani ifodalovchi o‘z tilimizning ichki imkoniyatlari asosida ifodalab bo‘lmagandagina tashqi manbalarga murojaat qilish foydalidir. Bobolarimiz Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiylar ham shunga da’vat qilganlar.
Keyingi davrlarda tilimizga Yevropa tillaridan bir qancha so‘zlar yangi tushunchalar bilan birgalikda kirib keldi. Masalan, monitoring, diler, skaner kabi.
Bularning hammasi o‘zbek tili leksik imkoniyatlarini kengaytirib, boyitmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |