Alibek Rustamov(1931)
Filologiya fanlari doktori (1968), professor (1968), O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi (1995) Alibek Rustamov o‘zbek tili tarixi, tilning badiiy-estetik vazifasi, tilshunoslikning umumiy masalalari bo‘yicha bir qancha asarlar yaratdi. Xususan, «Navoiyning badiiy mahorati» (1979), «Qofiya nima?» (1975), «Mahmud Zamahshariy» (1971), akademik G‘anijon Abdurahmonov bilan hamkorlikda yozgan «Alisher Navoiy asarlarining grammatik xususiyatlari» asarlari alohida qimmatga ega.
Akademik Alibek Rustamov oliy o‘quv yurtlarida filologiya ta'limini yuksaltirish sohasida tinimsiz mehnat qilmoqda. Jumladan, G‘anijon Abdurahmonov bilan hamkorlikda yozgan «Qadimgi turkiy til» (1982) o‘quv qo‘llanmasi qadimgi turkiy manbalarni o‘qish va ularni tahlil etish bo‘yicha talabalarning doimiy hamrohiga aylanib qoldi.
Ernst Begmatov (1936)
Filologiya fanlari doktori, professor Ernst Begmatov o‘zbek nutq madaniyati, leksikologiyasi muammolarini hal qilishda barakali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ayniqsa, uning o‘zbek onomastikasining shakllanishi va rivojida katta xizmati bor. Olim bu sohada o‘zining qator asarlarini e'lon qildi. Ular ichida «Kishi nomlari imlosi» (1970), «O‘zbek ismlari imlosi» (1972), 14600 ismning izohini o‘z ichiga olgan «O‘zbek ismlari» (1999) kitoblari alohida qimmatga ega.
Hamid G‘ulomovich Ne'matov (1941)
1941- yili tavallud topgan. Filologiya fanlari doktori, professor. O‘zbek tili tarixi, leksikologiyasi, morfologiyasi bo‘yicha qator asarlar muallifi. Ular orasida «Qadimgi tarixiy yodgorliklarning funksional morfologiyasi», professor Ravshan Rasulov bilan hamkorlikda yozgan «O‘zbek tilining sistemaviy leksikologiyasi asoslari» kitoblari alohida ajralib turadi.
H.Ne'matov o‘rta umumiy ta'limda «Ona tili» fanini takomillashtirish bo‘yicha ham barakali xizmat qildi.
Ayub G‘ulomovich G‘ulomov (1914-1984)
A.G‘.G‘ulomov o‘zbek ilmiy tilshunosligining asoschisidir. U 1914 – yili Toshkent shahrida tug‘ilgan.
A.G‘.G‘ulomov «O‘zbek tilida aniqlovchilar» (1940), «O‘zbek tilida kelishiklar» (1940), «O‘zbek tilida ko‘plik kategoriyasi» (1944), «O‘zbek tilida urg‘u» (1947), «Sodda gap sintaksisi» (1948), «Sodda gap» (1955), «O‘zbek tilida tarixiy so‘z yasalish muammolari» (1955), «Fe'l» (1957) kabi qator asarlari bilan o‘zbek ilmiy tilshunosligining shakllanishi va rivojlanishi uchun xizmat qildi.
O‘rta maktablarning V, VI, IX sinflari uchun uning rahbarligida yozilgan «Ona tili» darsligi yigirma yilga yaqin yosh avlodga til ta'limini singdirishga xizmat qildi.
Respublikamizning barcha ona tili va adabiyot muallimlari A.G‘ulomov tomonidan oliy o‘quv yurtlarining o‘zbek filologiyasi fakulteti uchun yozilgan «Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Sintaksis» kitobidan o‘zbek tili sintaksisining sir asrorlarini o‘rganganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |