Matn turlari. Dialog matni
Ma’lum voqelik haqida tasavvur(ma’lumot) beradigan bir yoki bir necha sintaktik birliklardan tashkil topgan nutqiy butunlik matn hisoblanadi.
Matn og‘zaki yoki yozma nutqqa xos bo‘lishidan qat’i nazar, ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi: dialogik va monologik. Dialogik matn ikki va undan ortiq suhbatdoshning turlicha mazmundagi fikr-axborot almashinuvidan iborat.
Ikki kishi o‘rtasidagi dialogik nutq savol-javob, buyruq-javob, xabar-e’tiroz kabi mazmunlarni ifodalab, fikr xususidagi tasdiq yoki inkorni, ziddiyat yoki munozarani bildiradi. Ko‘p kishilik dialoglarda suhbat mavzusi savol-javobdan iborat bo‘lmay, o‘rtaga tashlangan savol, taklif, da’vat, biror xabar, dalillar bilan xulosalanadi.
Dialogik matn tarkibida so‘roq olmoshlari, muomala odobiga oid so‘z va iboralar, yuklamalar, undovlar, kirish so‘zlar keng qo‘llanadi. Bunday matndagi gaplar, asosan, sodda gaplardan tashkil topadi, sodda gaplarning bir tarkibli turlari, to‘liqsiz gaplar, so‘z-gaplar faol ishlatiladi.
Dialogik matn so‘zlashuv uslubi va badiiy uslubga xosdir.
Monologik matn so‘zlovchining o‘z-o‘ziga yoki boshqalarga qaratilgan nutqi bo‘lib, o‘z ruhiy kechinmalari, voqelikka munosabatini o‘ziga xos ohang bilan ifodalashga xizmat qiladi. Bunday matn tavsifiy matn tarkibiga kirsa-da, badiiy uslub xususiyatlarini o‘zida namoyon etishi, hissiy ifoda tarzi va, muhimi, ijtimoiy-estetik maqsadi bilan ajralib turadi.
Monologik matnda tilning barcha tasviriy vositalari, so‘z-gaplar, kiritma, undov va undalmalar, sodda uyushiq bo‘lakli va ritorik so‘roq gaplar faol ishlatiladi. So‘zlovchining fikr-mulohaza va shaxsiy kechinmalari I shaxs tomonidan bayon qilinadi. Og‘zaki nutqda monologik matn ohang, urg‘u, to‘xtam, ritm, tovush sur’ati kabi fonetik hodisalarni kuchli ifodalovchi nutq ko‘rinishi sanaladi.
Tavsifiy matn
Tavsifiy matn so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan bayon etilgan voqea-hodisa, narsa yoki shaxs tasviri, tavsifi yohud xabar, ma’lumot bayonidir. Maqola, insho ham tavsifiy matnning bir turi sanaladi.
Ma’lum voqea-hodisalarga, narsa va shaxslarga oid fikr-mulohaza bildirish, ularni badiiy-tasviriy vositalar yoki dalillar bilan ta’riflash, izohlash, isbotlash, asoslash tavsifiy matnga xos xususiyatlardandir. Shuning uchun bunday matnda belgi-xususiyatni ifodalovchi so‘zlar, atamalar, modal so‘zlar, fe’lning funksional shakllari, ravishlar faol qo‘llanadi.
Tavsifiy matn yaratishda uyushiq bo‘laklar, ajratilgan gap bo‘laklari, atov gaplar, qo‘shma gap ko‘rinishlaridan keng foydalaniladi.
Tavsifiy matn ilmiy, publitsistik, rasmiy-idoraviy, shuningdek, badiiy uslubga xosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |