Bilib oling. Qismlarining qanday bog‘lovchi vositalar yordamida bog‘lanishiga ko‘ra qo‘shma gaplar uch guruhga bo‘linadi:
1.Bog‘langan qo‘shma gaplar. 2.Ergashgan qo‘shma gaplar. 3.Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar.
O‘g‘ri o‘g‘riligini qo‘ysa qo‘yadi, ...oq poshsho zolimligini qo‘ymaydi. (M. Ismoiliy)
Gapni gap qilib turgan asosiy belgi uning kesimlik (predikativlik) belgisi ekanligidan xabaringiz bor. Gapning kesimlik belgisi kesimlik ma’nolarini shaxs-son, tasdiq, inkor, modal (mayl)lik ifodalovchi kesimlik shakllari orqali ifodalanadi. Kesimlik ma’nosini ifoda etgan har qanday sintaktik birlik gap sanaladi. Masalan, Borma+sa(y)+di+m. Ko‘m-ko‘k dala. Bu gaplarning birinchisida kesimlik ma’nolari alohida-alohida kesimlik shakllari: tasdiq-inkor ma’nosi -ma shakli orqali, modal (mayl) ma’no....-sa(y) shakli orqali, zamon ma’nosi –di shakli orqali, shaxs ma’nosi esa -m shakli orqali ifodalanmoqda. Ikkinchi gapda ham shu kesimlik ma’nolarining hammasi: tasdiq, aniqlik (modal ma’no), hozirgi zamon, III shaxs ma’nolari anglashiladi, lekin ular moddiy ko‘rsatkichlarga ega emas. Nol ko‘rsatkich orqali umumiy tarzda ifodalangan. Ana shu ma’nolar mavjudligi uchun ham u sintaktik birlik gap sanaladi.
Gap uchun muhim belgi sanalgan kesimlik belgisining miqdori gaplarni sodda va qo‘shma gaplarga bo‘lishga asos bo‘ladi.
Bitta kesimlik belgisiga ega bo‘lgan gap sodda, ikki va undan ortiq kesimlik belgisiga ega bo‘lgan gap esa qo‘shma gap sanaladi.
Qo‘shma gap ikki va undan ortiq sodda gaplarning o‘zaro grammatik va mazmuniy munosabatidan tashkil topadi.
Juda muhim. Qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarning grammatik munosabati deganda, shu sodda gaplarning bir-biri bilan ma’lum grammatik vositalar (bog‘lovchilar, yuklamalar, olmoshlar, ohang) yordamida bog‘lanishi tushuniladi. Mazmuniy munosabati deganda esa, qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarning mazmuniy muvofiqligi tushuniladi.
Har qanday sodda gap o‘zaro bog‘lanib, qo‘shma gapni hosil qila bermaydi. Faqat o‘zaro mazmuniy muvofiq bo‘lgan gaplargina bir-biri bilan bog‘lanib, qo‘shma gapni tashkil etadi. Masalan, Qor yog‘di va gullar ochildi; Bahor keldi, paxta terimi boshlandi deb bo‘lmaydi, chunki bu gaplar bir-biri bilan mazmunan muvofiq kelmaydi.
Qo‘shma gapni tashkil etgan sodda gaplar alohida qo‘llangan sodda gaplar bilan teng emas. Alohida qo‘llangan sodda gaplar grammatik, mazmun va ohang tugalligiga ega bo‘ladi, ammo qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplar esa bunday xususiyatga ega emas. Ularning har biri garchi gapning asosiy belgisini o‘zida namoyon etsa ham, grammatik, mazmun va ohang tugalligi qo‘shma gapning oxirida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplar alohida-alohida gaplar emas, balki bir umumiy gapning qismlari sanaladi. Bir qismning ohangi ikkinchi qismni talab qilib turadi. Masalan, Suv keldi - nur keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |