Tahlil namunasi
Shubhasiz, inson ilm va mehnat bilan baxtli bo‘ladi.
1. Gapda so‘zlarning bog‘lanishi:
1) inson baxtli bo‘ladi – tobe bog‘lanish, moslashuv, kesim va eganing shaxs-sonda mosligi (III shaxs, birlik);
2) ilm bilan va mehnat bilan – teng bog‘lanish, va teng bog‘lovchi orqali bog‘langan;
3) ilm bilan baxtli bo‘ladi – tobe bog‘lanish, boshqaruv, bilan ko‘makchisi orqali bog‘langan;
4) mehnat bilan baxtli bo‘ladi – tobe bog‘lanish, boshqaruv, bilan ko‘makchisi orqali bog‘langan.
2. Gap bo‘laklarini aniqlash:
Shubhasiz, inson ilm va mehnat bilan baxtli bo‘ladi.
Uyushiq bo‘lagi bor: ilm bilan, mehnat bilan.
Ajratilgan bo‘lagi - yo‘q.
Kiritma bor: shubhasiz.
Undalma yo‘q.
Gap bo‘laklarinig joylashuvi – me’yoriy.
Gap qurilishi tahlili:
1. Ifoda maqsadiga ko‘ra – darak gap.
2. His-hayajonning ifodalanishiga ko‘ra – his-hayajonsiz gap.
3. Tuzilishiga ko‘ra – sodda gap, yoyiq sodda gap, to‘liq gap, egali gap.
QO‘SHMA GAP VA UNING TURLARI
Ona tili (5-sinf)
Ikki va undan ortiq sodda gaplarning birikuvidan hosil bo‘lgan gap qo‘shma gap hisoblanadi.
Qo‘shma gapni tashkil etgan sodda gaplar bir-biri bilan va, ammo, lekin, chunki, negaki kabi bog‘lovchilar hamda ohang yordamida bog‘lanadi.
Yozuvda ammo, lekin, biroq, chunki, negaki bog‘lovchilaridan oldin vergul qo‘yiladi. Ohang yordamida bog‘langan sodda gaplar ham bir-biridan vergul yoki tire bilan ajratiladi. Masalan: Biz baxtiyormiz, chunki yurtimiz ozod. Yurt tinch-sen tinch.
Ona tili (9-sinf)
Bilib oling. Bitta kesimlik belgisiga, mazmuniy va ohang tugalligiga ega bo‘lgan gap sodda, ikki yoki undan ortiq sodda gapning o‘zaro grammatik va mazmuniy munosabatidan tashkil topgan va ohang tugalligiga ega bo‘lgan butunlik qo‘shma gap sanaladi.
Eslab qoling. Gap uchun muhim belgi kesimlikdir. Kesimlik belgisining miqdori gaplarni sodda va qo‘shma gaplarga ajratishga asos bo‘ladi. Masalan: Men o‘quvchiman – sodda gap; Olim bo‘lsang, olam seniki – qo‘shma gap.
Bilib oling. Qo‘shma gapni tashkil etgan sodda gaplar qo‘shma gap qismlari sanaladi. Bu qismlarni bog‘lash uchun xizmat qiladigan vositalar esa bog‘lovchi vositalar hisoblanadi. Qo‘shma gap qismlari quyidagi bog‘lovchi vositalar yordamida bog‘lanadi: 1. Bog‘lovchilar: a) teng bog‘lovchilar (va, hamda, ammo, lekin, biroq, yo, yo…, yo, dam…, dam…); b) ergashtiruvchi bog‘lovchilar 2. Bog‘lovchi vazifasidagi vositalar: a) bo‘lsa, esa, deb; b) –u, (-yu), -da, -ki yuklamalari; d) nisbiy so‘zlar; e) shuning uchun, shu tufayli, shu sababli singari ko‘makchili qurilmalar; f) shart mayli qo‘shimchasi (-sa). 3. Ohang.
Do'stlaringiz bilan baham: |