Kiritma gaplar va ularning uslubiy xossalari
Nutq jarayonida so‘zlovchi muayyan tushuncha yoki fikrga bog‘liq qo‘shimcha ma’lumot bergisi kelishi mumkin. Ana shu qo‘shimcha ma’lumot ifodalovchi qism gapning asosiy qismidan to‘xtam va pastroq ohang bilan talaffuz qilinadi.
Masalan, Uni tanishsa kerak (Farg‘onada bir-birini tanimaydigan odam kam), bir bola kosada yaxna choy olib chiqdi.
Yuqoridagi gapda asosiy axborot uni tanishsa kerak, bir bola kosada yaxna choy olib chiqdi qismi orqali ifodalanadi. Farg ‘onada bir-birini tanimaydigan odam yo‘q qismi esa gapning asosiy qismi tarkibidagi tanishsa kerak bo‘lagi bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’lumotni ifodalaydi.
Juda muhim. Bu qo‘shimcha ma’lumot ifodalovchi qism gapda tushirib qoldirilsa ham, gapning asosiy ma’nosiga ziyon yеtmaydi. Qo‘shimcha ma’lumot beruvchi qism gapning asosiy qismlarida past ohang bilan ajralib turibdi.
Eslab qoling. Gapning asosiy mazmuniga qo‘shimcha axborot qo‘shuvchi va alohida ohang bilan ajralib turuvchi qismga kiritmalar deyiladi.
Kiritma gaplar asosan, kitobiy uslub (badiiy va publitsistik) ga xos. Kiritma gaplar fikrga qo‘shimcha ma’lumot berganligi uchun, asosan, gap o‘rtasida keladi va yozuvda doimo gapning boshqa qismlaridan qavs bilan ajratiladi.
SODDA GAP TAHLILI
Tahlil tartibi
Sodda gap bo‘yicha to‘liq sintaktik tahlil 3 bosqichda amalga oshiriladi:
1. Gapda so‘zlarning bog‘lanishi (so‘z birikmasi) bo‘yicha.
2. Gap bo‘laklarini aniqlash bo‘yicha.
3. Gap qurilishi bo‘yicha.
Gapda so‘zlarning bog‘lanishi bo‘yicha tahlilda:
a) birikmaning teng bog‘lanishi yoki tobe bog‘lanishidagi turi;
b) tobe bog‘lanish bo‘lsa, tobelanish turi (moslashuv, boshqaruv, bitishuv);
d) teng yoki tobe bog‘lanishni yuzaga keltirgan vositalar ( bog‘lovchilar, ohang, so‘z shakllari, ko‘makchilar, so‘z tartibi) aniqlanadi.
Gap bo‘laklarini aniqlash bo‘yicha tahlilda:
a) gap bo‘laklari belgilanadi, uyushiq yoki ajratilgan bo‘laklar bor yoki yo‘qligi izohlanadi;
b) gap bo‘laklari bilan munosabatga kirishmagan “bo‘laklar” (kiritma, undalmalarning mavjud yoki mavjud emasligi) ko‘rsatiladi;
d) gap bo‘laklarining joylashuv tartibi ( me’yoriy tartibda yoki o‘zgargan tartibda) izohlanadi.
Gap qurilishi bo‘yicha tahlilda:
a) gapning ifoda maqsadiga ko‘ra turi (darak, so‘roq, buyruq, istak);
b) gapning his-hayajonning ifodalashiga ko‘ra turi [his-hayajonsiz yoki his-hayajonli (undov) gap];
d) yig‘iq yoki yoyiq sodda gapligi, to‘liq yoki to‘liqsiz gapligi, egali yoki egasiz gap ekanligi; egali gap bo‘lsa: uning egasi ma’lum gap yoki egasi umumlashgan gapligi; egasiz gap bo‘lsa, uning shaxsi noma’lum gapligi, atov yoki so‘z-gapligi izohlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |