Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar va ularning turlari
Ona tili (9-sinf)
Bilib oling. Tarkibidagi sodda gaplar mazmunan bir-biri bilan bog‘liq bo‘lib, maxsus bog‘lovchi vositalarsiz, faqat ohang yordamida bog‘langan qo‘shma gaplar bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar sanaladi.
Tahlilda bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar bir-biri bilan to‘g‘ri chiziq bilan bog‘langan ikki to‘rtburchak orqali ifodalanadi. Bu bog‘lovchisiz qo‘shma gap qolipi sanaladi.
Eslab qoling. Bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlarini yozuvda ajratish uchun vergul, tire, ikki nuqta kabi tinish belgilari ishlatiladi. 1. Qo‘shma gap qismlari bir paytda yoki ketma-ket sodir bo‘ladigan voqea-hodisalarni ifodalasa, ular orasiga vergul qo‘yiladi. (Yigitlar daraxtlarning ostini yumshatdilar, qizlar maktab hovlisini supurdilar). 2. Qo‘shma gap qismlari orasida o‘xshatish, zidlash, shart kabi munosabatlar ifodalanganda, ular orasiga tire qo‘yiladi (Hamal keldi - amal keldi). 3. Qo‘shma gap qismlari orasida izohlash munosabati ifodalanganda, ular orasiga ikki nuqta qo‘yiladi (Bizning qarorimiz shu: hasharda barchamiz faol ishtirok etamiz).
Qo‘shma gap turlarining ma’nodoshligi
Bilib oling. Zidlik, sabab, shart, payt munosabatlari bog‘lovchisiz, bog‘langan va ergash gapli qo‘shma gaplar bilan ham ifodalanishi mumkin. Shunga ko‘ra ular bir-biriga ma’nodosh bo‘la oladi.
Bog‘lovchili, ya’ni bog‘langan va ergashgan qo‘shma gaplarda ifodalangan voqea-hodisalar o‘rtasidagi munosabat bog‘lovchisiz qo‘shma gaplardagiga nisbatan aniqroq ifodalanadi.
Esda saqlang. Qo‘shma gap qismlari teng bog‘lovchilar yordamida ham, ergashtiruvchi bog‘lovchi yordamida ham bog‘lanmasa, u holda ular bir – biri bilan ohang yordamida bog‘lanadi. Ana shunday qo‘shma gaplar ohang yordamida bog‘langan qo‘shma gaplar yoki bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar deyiladi.
Ohang yordamida bog‘langan qo‘shma gap qismlari o‘rtasida turli xil ma’no munosabatlari bo‘ladi. Masalan,
Zidlik: Ko‘prikni biz qurdik, dushmanlar o‘tdi.
Sabab: Qo‘ng‘iroq chalindi, dars boshlandi.
Payt: Dalasida o‘smas tikonlar, cho‘llarida chopmas ilonlar va boshqalar.
Bunday ma’nolar bog‘langan va ergash gapli qo‘shma gap qismlari o‘rtasida ham mavjudligidan xabaringiz bor. Ana shu ma’no umumiyligi asosida bunday qo‘shma gaplar o‘zaro sinonimik munosabatda bo‘ladi. Masalan, Ko‘prikni biz qurdik, dushmanlar o‘tdi. Ko‘prikni biz qurdik, lekin (ammo) dushmanlar o‘tdi.
Yuqoridagi ikkita qo‘shma gap qismlari o‘rtasida bir xil ma’no munosabati - zidlik (birinchi gap ma’nosi bilan ikkinchi gap ma’nosi o‘rtasida zidlik bor) munosabati ifodalangani uchun bu ikki gap bir-biri bilan sinonim sanaladi.
Ular o‘rtasidagi farq faqat qo‘shma gap qismlari o‘rtasida qanday bog‘lovchi vositaning qo‘llanilishidadir. Shuningdek, Anor so‘ylar va Zaynab qalbi tol bargiday dir-dir qaltirar. Qo‘shma gap qismlari o‘rtasida payt munosabati ifodalangan. Qo‘shma gap tarkibidagi ikkita sodda gap bir paytda ro‘y berayotgan ikkita voqea-hodisani (birinchisi - Anorning so‘zlashi, ikkinchisi - Zaynab qalbining qaltirashi) ifodalaydi. Ikkala qism va bog‘lovchisi qatnashmagan holda ohang yordamida ham bog‘lanishi mumkin. Anor so‘ylar, Zaynab qalbi tol bargiday dir-dir qaltirar. Bu vaqtda bog‘langan qo‘shma gap emas, balki bog‘lovchisiz, ohang yordamida bog‘langan qo‘shma gap hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |