Ikki so‘zni yonma-yon qo‘shish yo‘li bilan hosil qilingan so‘zlar juft so‘zlar sanaladi. Masalan, qishin-yozin, erta-kech, bugun-erta va boshqalar. Bunday so‘zlar ko‘pincha yangi ma’noga ega bo‘ladi va sodda so‘zlar bilan sinonimik munosabatda bo‘ladi: qishin-yozin - doimo, erta-kech - hamisha, bugun-erta- yaqinda. Yoki umumlashtirish ma’nosini ifodalaydi: idish-tovoq (ro‘zg‘or buyumlari), qalam-daftar (o‘quv quroli), ko‘ylak-lozim (sarupo) kabi.
Juft so‘zlar doimo ikki qismdan iborat bo‘ladi. Bu qismlar zid ma’noli so‘zlardan (masalan, erta-kech, oldin-ketin, ochin-to‘qin, ostin-ustun kabi), o‘zaro yaqin ma’noli so‘zlardan (er-xotin, idish-tovoq, taxta-o‘qlov, oshiq-ma’shuq kabi) tashkil topadi.
Sodda so‘zlar bilan sinonim bo‘lgan juft so‘zlarda tasviriylik, ta’kid ma’nosi kuchliroq bo‘ladi. Masalan qishin-yozin tinmaydi jumlasi doimo tinmaydi jumlasiga nisbatan tasviriyliroq, ta’sirchanroqdir. Non-pon, choy-poy, katta-katta, tez-tez, sovuqdan sovuq, dam-badam, so‘zma-so‘z, uncha-muncha kabi so‘zlar takror so‘zlar sanaladi.
Juft va takroriy so‘zlardan o‘rinli foydalanish nutqning ifodaliligini, ta’sirchanligini oshiradi. Yuqoridagi takrorlangan yoki juftlashgan so‘zlarda ko‘pincha yangi ma’no hosil bo‘ladi: nari-beri (tez), uncha-muncha (sal,oz) kabi. Ba’zilari esa so‘z ma’nosini kuchaytirish, ta’kidlash, umumlashtirish uchun ishlatiladi: tez-tez (tezlikni kuchaytirish), sira-sira (ma’noni ta’kidlash), tun-kun (umumlashtirish) kabi.
So‘z takrorida qismlar turli shaklda bo‘ladi, shunga ko‘ra ular quyidagi turga bo‘linadi:
1. Har ikki qism bir xil shaklda: tog‘-tog‘, tez-tez, ko‘p-ko‘p kabi.
2. Birinchi qism chiqish kelishigida, ikkinchi qism bosh va jo‘nalish kelishigida: ko‘pdan ko‘p, naridan beri, yildan yil(ga) kabi.
3. Birinchi qism bilan ikkinchi qism o‘rtasida ba-,-ma qo‘shimchalari qo‘yiladi: yuzma-yuz, qadam-baqadam, dam-badam, eshikma-eshik kabi.
4. Ikkinchi qismning birinchi tovushi fonetik o‘zgarishga uchraydi: osh-posh, ora-chora, odam-podam kabi.
Juft va takroriy sozlar qismlari o‘rtasiga yozuvda chiziqcha qo‘yiladi.
Takroriy so‘zlar qismlari o‘rtasida –ma, ba- qo‘shimchalari qo‘yilganda –ma birinchi qism oxiriga, ba- esa ikkinchi qism boshiga qo‘shiladi. Masalan, orqama-ketin, dam-badam, zo‘r-bazo‘r, zinhor-bazinhor kabi.
So‘zlarni takrorlash va juftlash yo‘li bilan ravish yasalganda, ular quyidagi so‘z turkumlaridan bo‘ladi:
1. Ot-ot (qator-qator, tun-kun, yildan yilga).
2. Sifat-sifat (uzundan-uzun, ochiqdan-ochiq).
3. Fe’l-fe’l (uzil-kesil, turib-turib, qo‘sha-qo‘sha, qo‘yarda-qo‘ymay, bilinar-bilinmas).
4. Olmosh-ravish (oldinma-keyin, nari-beri).
5. Olmosh-olmosh (o‘z-o‘zidan, o‘z-o‘zicha, o‘zidan-o‘zi).
6. Son-son (birma-bir).
7. Taqlid so‘z-taqlid so‘z (taqa-taq, shart-shurt) va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |