Ona tili (5-sinf)
Gap tarkibida ishtirok etgan so‘zlar bir-biri bilan bog‘lanadi. Masalan: qir va adir, Oygul bilan Baxtiyor; gulni hidlamoq, maktabga kelmoq kabi. Misollardan ko‘rinadiki, so‘zlarning bog‘lanishi bir xil emas. Ayrim so‘zlar va, ham, hamda, bilan singari bog‘lovchi va bog‘lovchi vazifasidagi so‘zlar yoki sanash ohangi yordamida bog‘lanadi.
Boshqalarida esa birinchi qism ikkinchi qismga –ni, -da, -dan, -ning kabi qo‘shimchalar, tomon, to‘g‘risida, haqida, uchun singari yordamchi so‘zlar bilan bog‘lanadi. Masalan: akasiga olmoq, akasi uchun olmoq.
So‘zlarning bog‘lanishi ikki xil bo‘ladi: teng bog‘lanish va tobe bog‘lanish.
Olma va o‘rik shaklidagi bog‘lanish teng bog‘lanish, olmani yemoq shaklidagi bog‘lanish esa tobe bog‘lanish sanaladi.
Ikki so‘zning biri tobe, ikkinchisi hokim tarzidagi bog‘lanishiga tobe bog‘lanish deyiladi.Tobe bog‘lanishda doimo ikkita qism: tobe va hokim so‘z bo‘ladi. Tobe so‘z hokim so‘zga bog‘lanadi. So‘roq hokim so‘zga qarab beriladi. So‘roqqa javob bo‘luvchi so‘z tobe qism sanaladi.
Ona tili (8-sinf)
Bilib oling. Ikki va undan ortiq mustaqil so‘z grammatik va ma’no jihatdan birikib, so‘z birikmasini hosil qiladi. So‘z birikmasi hokim so‘z va tobe so‘zdan tuziladi. Tobe so‘z hokim so‘zni aniqlab, to‘ldirib izohlab keladi. Turli turkum so‘zlari hokim so‘z vazifasida kela oladi.
So‘z birikmasi hokim so‘zning qaysi turkumga oid so‘z bilan ifodalanishiga qarab, ikki guruhga bo‘linadi: otli so‘z birikmasi, fe’lli so‘z birikmasi.
Otli so‘z birikmasida hokim so‘z ot va otlashgan so‘zlar bilan ifodalanadi: shaharning ko‘chalari, hammasidan katta, chumchuqning chug‘ur-chug‘uri, o‘quvchilarning beshtasi, beqiyos o‘lka, katta qishloq.
Fe’lli so‘z birikmasida hokim so‘z fe’l bilan ifodalanadi: kitobni o‘qimoq, daftarga yozmoq, tez yugurmoq, ohista gapirmoq, ta’sirli so‘zlamoq, zavq bilan o‘qimoq.
O‘zbek tilida so‘z birikmalarining tobe so‘zi, asosan, hokim so‘zdan oldin keladi.
Kelishik va egalik qo‘shimchalari hamda ko‘makchilar so‘z birikmalari tarkibida so‘zlarni bir-biriga bog‘lashga xizmat qiladi.
Bilib oling. So‘z birikmalari tarkibidagi tobe va hokim so‘zning hech qanday qo‘shimchasiz, faqat ohang va ma’nosiga ko‘ra bog‘lanishi bitishuv deyiladi: tez termoq, chiroyli gapirmoq, ishchan o‘quvchi, mehribon murabbiy.
Tobe so‘zning hokim so‘zga tushum, jo‘nalish, o‘rin-payt va chiqish kelishigi qo‘shimchalari yoki ko‘makchilar yordamida bog‘lanishi boshqaruv deyiladi: do‘stlarni hurmat qilmoq, g‘alaba uchun kurashmoq, yoshlarga g‘amxo‘rlik qilmoq, sharoitga ko‘ra yondashmoq.
Tobe so‘zning hokim so‘zga qaratqich kelishigi qo‘shimchasi yordamida, hokim so‘zning esa tobe so‘zga egalik qo‘shimchalari yordamida bog‘lanishi moslashuv deyiladi: kitobning muqovasi, xonalarning kattarog‘i, bizning sinfimiz, sizning ukangiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |