Hol ergash gapli qo‘shma gaplar
Bilib oling. Bosh gap tarkibida hol vazifasida qo‘llangan ko‘rsatish olmoshining ma’nosini izohlab keluvchi yoki bosh gap orqali ifodalangan mazmunning sababi, maqsadi, sharti, payti, holati, miqdor-darajasi kabilarni bildirgan ergash gaplarga hol ergash gap deyiladi.
Hol ergash gaplar bosh gapga nisbiy so‘zlar, shart mayli shakllari; sabab, maqsad, shart bog‘lovchilari; deb so‘zi yordamida bog‘lanadi.
Hol ergash gaplar holning ma’no turlariga muvofiq o‘z ichida payt, o‘rin, sabab, maqsad, shart, miqdor-daraja ergash gaplar singari bir necha turlarga bo‘linadi.
To‘ldiruvchi ergash gapli qo‘shma gaplar
Bilib oling. Bosh gap tarkibida to‘ldiruvchi vazifasida qo‘llangan ko‘rsatish olmoshining ma’nosini izohlab keluvchi ergash gaplarga to‘ldiruvchi ergash gaplar deyiladi. To‘ldiruvchi ergash gaplar bosh gapga nisbiy so‘zlar yoki bosh gap kesimi tarkibida qo‘llaniluvchi -ki yuklamasi yordamida bog‘lanadi.
Gap qismlari nisbiy so‘zlar yordamida bog‘langanda, ergash gap kesimi shart mayli shaklidagi fe’llar bilan ifodalanadi va to‘ldiruvchi ergash gap bosh gapdan oldin keladi.
Gap qismlari -ki yordamida bog‘langanda esa to‘ldiruvchi ergash (tobe) gap bosh gapdan keyin keladi.
Ba’zan bosh gapning to‘ldiruvchisi vazifasidagi ko‘rsatish olmoshi qo‘llanmasligi mumkin, ammo uning o‘rni bilinib turadi. Bilingki, jim turib salomat bo‘lish, gapirib malomatga qolishdan afzal.
Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplar
Bilib oling. Bosh gap tarkibida aniqlovchi vazifasida qo‘llangan ko‘rsatish olmoshining ma’nosini izohlab keluvchi ergash gapga aniqlovchi ergash gap deyiladi.
Aniqlovchi ergash (tobe) gaplar bosh gapga nisbiy so‘zlar yoki bosh gap kesimi tarkibida qo‘llanuvchi -ki yuklamasi yordamida bog‘lanadi. Birinchi holatda ergash gap bosh gapdan oldin ikkinchi holatda keyin keladi.
Ba’zan bosh gapning aniqlovchisi vazifasida kelgan shunday, shunaqa kabi so‘zlar qo‘llanmasligi mumkin, ammo uning o‘rni bilinib turadi.
Ba’zan bosh gapning aniqlovchisi vazifasida kelgan shunday, shunaqa kabi so‘zlar qo‘llanmasligi mumkin, ammo uning o‘rni bilinib turadi: Odamlar borki, kelajakni oldindan bashorat qila oladilar.
Esda saqlang. Qismlari o‘zaro ergashtiruvchi bog‘lovchi yoki shunday bog‘lovchi vazifasidagi so‘zlar yordamida tobe bog‘langan qo‘shma gaplar ergashgan qo‘shma gaplar deyiladi.
Ergash gapli qo‘shma gaplar bosh va ergash gaplardan tashkil topadi. Mazmuni izohlanayotgan qism bosh gap, bosh gap mazmunini izohlaydigan va ko‘pincha tobe shaklda turgan qism ergash gap sanaladi. Ergash gap bosh gap talab etgan ma’lum so‘roqqa javob bo‘ladi. Masalan, Men xursandman, (nima sababli), chunki sen maqsadingga yetding.
Do'stlaringiz bilan baham: |