G‘ani Abdurahmonov (1925)
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi G‘anijon Abdurahmonov o‘zining butun ongli faoliyatini o‘zbek tilshunosligining ravnaqi uchun sarfladi.
1951-yili «O‘zbek tilida sifatlar substantivatsiyasi» mavzusi bo‘yicha nomzodlik, 1960-yili «O‘zbek tilida qo‘shma gap sintaksisi asoslari» mavzusi bo‘yicha doktorlik ishlarini himoya qildi.
G‘anijon Abdurahmonov oliy va o‘rta maktablarda til ta'limini o‘qitish borasida samarali mehnat qildi.
Uning oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakulteti talabalari uchun yozilgan «Hozirgi o‘zbek adabiy tili, II qism, Sintaksis», «O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi» (prof. Sh. Shukurov bilan hamkorlikda), «Qadimgi turkiy til»(akad. A.Rustamov bilan hamkorlikda), o‘rta maktablar uchun yaratilgan «Ona tili» darsliklari hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Iristoy Qo‘chqortoyev (1936-2000)
Filologiya fanlari doktori (1979), professor (1982), O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi (2000) Iristoy Qo‘chqortoyev o‘zbek tilining leksikologiyasi, uslubiyati, tilning umumiy-nazariy masalalari bilan bog‘liq bir qator asarlarning muallifi. Ular orasida «Ferdinand de Sossyurning lingvistik konsepsiyasi»(1976) «So‘z ma'nosi va uning valentligi» (1977) kabi kitoblari tilshunoslikning nazariy rnuammolarini yoritishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shuningdek, u oliy maktablarda til bilimini o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha ham ulkan ishlarni amalga oshirdi. Xususan, oliy o‘quv yurtlarining o‘zbek filologiyasi fakultetlari talabalari uchun yozilgan «Badiiy nutq stilistikasi»( 1975), «Turkiy filologiyaga kirish»(1976), «Tilshunoslikka kirish»( 1976), «Umumiy tilshunoslik», «Lingvistik ta’limot tarixi»(1980) kabi o‘quv qo‘llanmalari tilshunoslik nazariyasi va turkiyshunoslikni yuqori pog‘onaga ko‘tarishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shavkat Ubaydullayevich Rahmatullayev (1926)
Filologiya fanlari doktori, professor Shavkat Rahmatullayev o‘zbek tili leksikologiyasi, leksikografiyasi, morfologiyasining rivoji uchun katta hissa qo‘shgan olimdir. Ayniqsa, o‘zbek frazeologiyasining shakllanishi va rivojlanishida uning xizmati katta. Shuningdek, o‘zbek tilining izohli, etimologik, imlo lug‘atlarini tuzishda barakali mehnat qilib kelmoqda. Ular orasida «O‘zbek tilining qisqacha frazeologik lug‘ati» (1964), «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati» (1978), «O‘zbek tili antonimlarining izohli lug‘ati» (1980), «O‘zbek tili omonimlarining izohli lug‘ati» (1984), «O‘zbek tilining qisqacha etimologik lug‘ati» (2000) kabi asarlari alohida ajralib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |