AJRATILGAN BO‘LAKLI GAPLAR
Ona tili (8-sinf)
Bilib oling. Gapning ajratilgan bo‘laklari o‘zlari aloqada bo‘lgan bo‘laklarning ma’nosini izohlab, bo‘rttirib, aniqlashtirib yoki ta’kidlab keladi. Ular boshqa bo‘laklardan maxsus to‘xtam bilan ajralib, gap urg‘u (mantiqiy urg‘u)sini oladi. Misollar: Soraxon shuncha kundan beri yеtolmagan niyatga – Roziyani avvalgiday go‘zal, shod ko‘rish niyatiga – Sattor bir lahzada yetdi. (P.Q.) Sizga, o‘rta bo‘yli qizga, atlas juda yarashibdi. (Yo.Sh.)
Ajratilgan bo‘laklar: a) bir bo‘lak holida keladi: Boyagi yigitning, Avazning, qo‘li gul ekan. (P.Q.); b) birikmali bo‘lak holida keladi: Shu kuni kechqurun, daladan qaytishda, qori Siddiqjonga hamroh bo‘lib qoldi. (A.Q.)
Ajratilgan bo‘lak o‘zi izohlayotgan bo‘lakdan doimo keyin keladi va yozuvda vergul, tire bilan ajratiladi.
Ajratilgan bo‘laklar, gapdagi qaysi bo‘lakka oid ekanligiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi: ajratilgan hollar, ajratilgan aniqlovchilar, ajratilgan izohlovchilar, ajratilgan to‘ldiruvchilar.
Hollar ham, to‘ldiruvchilar ham, aniqlovchilar ham ajratilgan holda qo‘llanishi mumkin.
Ajratilgan hol o‘zidan oldin kelgan holning ma’nosiga aniqlik kiritadi, izohlaydi. Ajratilgan bo‘lak vazifasida ko‘pincha o‘rin, payt hollari keladi: Hu ana shu joyda, taxta ko‘prikning ostida, kichik bir buloq bor. (A.Q.)
Ajratilgan to‘ldiruvchi o‘zidan oldin kelgan to‘ldiruvchining ma’nosini izohlaydi, unga aniqlik kiritadi. Vositasiz to‘ldiruvchi ham, vositali to‘ldiruvchi ham ajratilgan bo‘lak sifatida qo‘llanishi mumkin: Nasihatimni, otangning so‘zini, esingda tut. Xatni uning o‘ziga, Muqaddasga, bering.
Ajratilgan aniqlovchi shaxs yoki narsaning belgisini, kimga yoki nimaga qarashliligini ta’kidlab, ayirib ko‘rsatish uchun qo‘llanadi: Qobil bobo, yalangbosh, yalangoyoq, eshik yonida dag‘-dag‘ titraydi. (A.Q.) Bizning, o‘quvchi yoshlarning, o‘zimizga yarasha or-nomusimiz bor.
Ajratilgan izohlovchilar, asosan, izohlanmishdan keyin keladi va o‘ziga xos ohang bilan aytiladi.
Ajratilgan izohlovchilar ko‘pincha egaga taalluqli bo‘ladi: O‘g‘lim, qo‘zichog‘im, orom olib uxlayapti, - dedi ona. Birozdan so‘ng Hasan aka, fizika o‘qituvchisi, kirib keldi.
Esda saqlang. Gap tarkibidagi ma’lum bo‘lakning ma’nosini ta’kidlab, izohlab keluvchi, boshqa bo‘laklardan to‘xtam va ohang jihatidan ajralib turuvchi bo‘laklarga ajratilgan bo‘laklar, shunday bo‘lakli gaplarga esa ajratilgan bo‘lakli gaplar deyiladi.
Ajratilgan bo‘laklar ishtirok etgan gaplar mazmunan murakkablashadi. Gapning asosiy qismi ifodalagan axborotga ajratilgan bo‘lakdan anglashilgan qo‘shimcha axborot qo‘shiladi. Masalan, Tursunali akaga, shunday katta olimga, kuyov bo‘lish hazil gap emas. Bu gapda birinchi axborot Tursunali akaga kuyov bo‘lish hazil gap emasligi gapning asosiy qismi orqali ikkinchi axborot esa Tursunali akaning katta olimligi ajratilgan bo‘lak orqali ifodalanadi.
Yuqorida bayon qilinganidek, ajratilgan bo‘laklar ikki xil vazifani bajaradi:
a) ma’lum bir bo‘lak ma’nosini ta’kidlash, bo‘rttirish;
b) o‘zi ifodalagan mazmunning ma’nosini izohlash, konkretlashtirish, tushunarsiz ma’nosini tushuntirish.
Ajratilgan bo‘lakning bu ikki xil vazifasi uning ajratish usuli orqali ham bilinib turadi.
Esda saqlang. Ajratilgan bo‘laklar yuqoridagi vazifaga muvofiq ikki xil yo‘l bilan ajratiladi: a) tartibni o‘zgartirish; b) bir nomni boshqacha nomlash.
Do'stlaringiz bilan baham: |