Dissertatsiyaning hajmi va tuzilishi: Dissertatsiya ishi kirish qismi, 3 ta bob, xulosa va takliflar, 37 ta rasm, 9 ta jadval hamda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
Magistrlik dissertatsiya ishida manbalar yig‘ish va uslubiyotlar bilan tanishish hamda adabiyotlar bilan ishlashda o‘z yordamlarini ayamagan “Biologiya” kafedrasi mudiri Sh.Yuldasheva va kafedra katta o‘qituvchisi M. Muxammedievga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Magistrlik dissertatsiya ishi uchun respublikamizda va Farg‘ona vodiysida turli yillar mobaynida olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida turli suv havzalaridan to‘plangan manbalardan hamda o‘z kuzatishlarimiz natijasida yig‘ilgan ma’lumotlardan foydalandik. Tabiiy va sun’iy suv havzalari ixtiofaunasining shakllanish tarixi, uning antropogen omil ta’sirida rivojlanishi va o‘zgarishi kompleks tarzda tahlil qilindi. Tabiiy va sun’iy suv havzalarida tarqalgan hashaki baliqlarni o‘rganishda umumixtiologik kuzatuvlardan foydalandik. Biz o‘z tadqiqotlarimizda quyidagi ko‘rsatkichlarni aniqladik:
Farg‘ona vodiysidagi suv havzalarining baliqlar tur tarkibi;
Respublikamiz suv havzalarida sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan va sanoat ahamiyatiga ega bo‘lmagan baliqlar faunasining shakllanishi;
rejali tarzda iqlimlashtirilgan va suv havzalarimizga tasodifan kelib qolgan baliqlarning tur tarkibi;
Baliqlarning tur tarkibini aniqlashda 2011 yilda nashr etilgan Mirabdullaev I.M. va boshqalarning “O‘zbekiston va qo‘shni hududlar baliqlari aniqlagichi” va boshqa aniqlagichlardan foydalandik. Baliqlarning mahsuldorligi va unga bog‘liq holda ularning biologik ko‘rsatkichlarini o‘zgarishini V.N. Ivankovning (1985) “Плодовитость рыб” kitobidan foydalanib o‘rganildi. Baliqlarning yoshi tangachalari orqali, yillar bo‘yicha o‘sish tezligi esa Eynar Leaning (Pravdin, 1966) retrospektiv tahlil ya’ni qayta hisoblash uslubi bo‘yicha aniqlandi. Baliqlar alohida individlarining o‘sishini baholash uchun ularning ma’lum vaqt davomida (t0, t1, t1+1 ... tn) ma’lum uzunlikka (l0, l1, l1+1 ... ln) ega bo‘lishini hisoblab chiqib, to‘liq ma’lumotga ega bo‘lamiz. Mo‘tadil iqlimli regionlarda karpsimon baliqlarning o‘sishini aniqlashda ularning tangachasidan foydalaniladi. Aynan ushbu usul orqali baliqlar tana uzunligini o‘sishi ular tangachalarining o‘sishi bilan to‘g‘ri proporsional holatda ekanligi aniqlandi. Ya’ni baliqlar tutilgan vaqtidagi uzunligini (ln) va tangachasining radiusini (Sn ) bilgan holda quyidagi proporsiya orqali (ln/Sn =l1/S1) baliqlarning har bir yoshidagi uzunligini aniqlashimiz mumkin. Bu usul Eynar Lea usuli deb ataladi.
Individual mutlaq mahsuldorlik (IMM, ming dona hisobida) bir gramm uvildiriqdagi tuxum hujayralar sonini sanab so‘ng bu sonni umumiy uvildiriqlar og‘irligiga ko‘paytirib topildi. Individual nisbiy mahsuldorlik (INM, dona hisobida) individual mutlaq mahsuldorlikni baliqning ichki a’zolari olib tashlangan holatdagi og‘irligiga bo‘lganimizda kelib chiqqan son bilan hisoblandi, ya’ni har bir gramm baliq og‘irligiga necha donadan uvildiriq to‘g‘ri kelishi aniqlandi. Potensial mahsuldorlik baliqlar tuxum hujayrasining uchinchi yetuklik darajasi bosqichidagi holatida hisoblab topildi. Jinsiy yetuklik koeffitsientini topish uchun uvildiriqlar og‘irligini yuzga ko‘paytirib chiqqan sonni baliqning umumiy og‘irligiga bo‘ldik.
Respublikamizning tabiiy va sun’iy suv havzalari haqidagi gidrologik, gidrografik va gidrobiologik ma’lumotlarni yig‘ishda turli yillar davomida respublikamizda ilmiy izlanishlar olib borgan gidrolog, gidrobiolog va ixtiolog olimlarimizning ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan foydalandik.