Tashqi eshituv yo‘li chiрqoni. Tashqi eshituv yo‘lidagi teri shilinib, soch xaltachasi va yog‘ bezlariga har xil mikroblar tushishi natijasida chiрqon chiqishi mumkin. Ko‘p hollarda qo‘zg‘atuvchi stafilokokklar hisoblanadi.
Tashqi eshituv yo‘li chiрqonida bemor qattiq og‘riqdan shikoyat qiladi, bu og‘riq quloq suprasining oldingi tomonidagi do‘mboqni bosilganda, quloq suprasini tortganda yoki pastki jag‘ni harakatga keltirganda zo‘rayadi. Quloq suprasining old va orqa tomonlarida shish kuzatiladi. Limfadenit rivojlanadi. Chiрqon 4–5 kun davomida jadallab borib, yiring yig‘adi. Chiрqon teshilgandan so‘ng eshituv yo‘liga o‘z-o‘zidan yoriladi, bunda og‘riq yo‘qoladi, bemorning umumiy ahvoli yaxshilanadi. Kasallik o‘rta hisobda 7–10 kun davom etadi.
Davosi: kasallik boshlangan kundan antibiotiklar buyuriladi. Tashqi eshituv yo‘liga borot spirti, giрertonik yoki antibiotikli turunda qo‘yiladi. Yallig‘lanish jarayoni kamaygandan va jarohat yiringdan tozalangandan keyin isituvchi kompresslar qo‘llaniladi. Autogemoterapiya ham yaxshi natija beradi.
Otomikoz. Hozirgi vaqtda nozik muammolardan biri – bu tez-tez uchrab turadigan tashqi quloqning zamburugli yallig‘lanishi – otomikozlardir. Otomikozlar ayniqsa bolalarda ko‘p uchraydi. Bolalarda bu kasallikning ko‘payishi disbakteriozlar va organizmning turli tashqi muhit omillariga qarshi kurashish kuchlari susayishi natijasida kuzatilmoqda. Kattalarda va bolalarda bu kasallik immunetet pasayishi, gormonal buzilishlar, modda almashuvining buzilishi, allergiya va uzoq vaqt antibakterial, gormonal sitostatik va nurli davolanishlardan keyingi holatlarda kelib chiqmoqda. Kasallikning klinik manzarasi yallig‘lanishga olib kelgan zamburug‘ turiga bog‘liq. Oqmalarning ko‘rinishi qo‘zg‘atuvchiga bog‘liq: kazeoz massa yig‘ilib oq va xiraroq rangda bo‘lsa – Candida albicans, qora bo‘lsa – Aspergillus niger, sarg‘ish bo‘lsa – Aspergillus flavus, yashilroq bo‘lsa – Penicillium zamburug‘lari qo‘zg‘atuvchi bo‘ladi. Bemor eshituv yo‘lidagi kuchli qichishish, og‘riq, eshitish faoliyatining pasayganidan shikoyat qiladi. Uning umumiy ahvoli o‘zgaradi, boshi og‘rishi mumkin. Tashxis bemorni ko‘zdan kechirish va tashqi eshituv yo‘li ajralmalarini mikroskopik tekshirishga asoslanib qo‘yiladi. Tekshirilganda eshituv yo‘li devorlari keskin qizarganligi aniqlanadi.
Davosi: bolalarda bu kasallikni davolash katta muammolar tug‘diradi. Zamburug‘larga qarshi antibiotiklar – triozol birikmalari (ketokonazol, flukanazol), 3%li borat spirtidan foydalaniladi. Tashqi eshituv yo‘li terisiga nistatinli malham, kastellyani suyuqlig‘i, brilliant yashili surtiladi. Ko‘p hollarda tashqi va ichki quloq kasalliklarida ichaklarning mikrobiosenozini tiklash orqali yaxshi natijaga erishiladi. Lazer muolajasi ham yaxshi natija beradi. Nur moslamasi quloq suprasidagi teshikka qo‘yiladi. Lazer muolajasini 7–10 kun davomida 3–5 daqiqalik seanslarda o‘tkazilsa aniq klinik natija ko‘rinadi. Oxirgi yillarda quloq kasalliklarining yuqumli yallig‘lanishini davolashda ozon ishlatilayapti. Tibbiyotda yallig‘lanishga, bakteriosid, viruslarga qarshi kurashishda ozondan foydalaniladi. Ozon muolajasi 6–10 marta 5 daqiqadan o‘tkaziladi. Tashqi otitlarni davolashda yorug‘lik muolajasi yaxshi natija beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |