Quloqdagi yot jism. Tashqi eshituv yo‘lidagi yot jismlar xilma-xil bo‘lishi mumkin: mayda hasharotlar, dukkaklilar urug‘i, metal zarrachalar va shunga o‘xshash mayda jismlar. Ko‘pincha yot jismlar tashqi eshituv yo‘lining tog‘ay qismida yoki tog‘ay qismining suyak bo‘limiga o‘tish joyida tiqilib qoladi.
Tashqi eshituv yo‘llarini yuvish uchun asboblar yig‘masi:
1 – sochiq; 2 – lotok; 3 – Jane shprisi.
Bunday hollarda bemor qulog‘ida biror narsa borligidan, yaxshi eshita olmayot-ganidan, ayniqsa yot jism eshituv yo‘lining ichkarisiga kirib qolib, nog‘ora pardaga biror narsa tegib turganidan, og‘riqdan shikoyat qiladi. Ba’zan yo‘tal, ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Jonli yot jismlar o‘zining harakati bilan quloqda shang‘illash, qitiqlash va og‘riq chaqiradi
Quloqdagi yot jismlar maxsus ilgak yordamida chiqariladi. Tashqi eshituv yo‘lini orqa-yuqori devori bo‘ylab Jane shprisi yordamida yuvish yaxshi samara beradi Agar tashqi quloq yo‘liga kirib qolgan o‘simliklar urug‘i shishib kattalashib, uni butunlay zich berkitib qo‘ygan bo‘lsa yoki jonli yot jism (hasharot) kirib qolsa, u holda uni olishdan avval quloqqa bir necha tomchi toza spirt tomiziladi. Shunda hasharot havo olish uchun tashqariga intiladi yoki o‘ladi. Shundan so‘ng yuvib olish mumkin Agar yot jism quloq pardani teshib, nog‘ora bo‘shlig‘iga o‘tib ketsa, uni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanadi.
Quloq chirki. Quloq chirki – tashqi eshituv yo‘lining tog‘ay pardali qismida joylashgan bezlarning sekretor funksiyasi buzilishi natijasida hosil bo‘ladigan konglomeratdir. Agar bu chirk quloqda ko‘p turib qolsa, qattiqlashib va uning devorlariga yopishib qoladi. Bu holda odamning eshitish funksiyasi pasayadi, quloqda shovqin bo‘lishi va autofoniya kuzatiladi. Ba’zan bemorlar to‘satdan eshitish faoliyatining keskin pasayganidan, ayrim hollarda quloqda shovqin paydo bo‘lishidan shikoyat qiladi.
Davosi: agar chirk qattiq va eshituv yo‘li devorlariga yopishgan bo‘lsa bemor
qulog‘iga ikki-uch kun davomida soda-glitserinli tomchi yoki «Otinum» preparati tomiziladi. Chirk yumshaganidan so‘ng tashqi quloq iliq suvda Jane shprisi yordamida yuviladi. Buning uchun 100–150 ml iliq suv olinib, quloq suprasini orqaga va yuqoriga, bolalarda esa orqaga va pastga tortib turib, suyuqlik oqimini eshituv yo‘lining orqa yuqori devori bo‘ylab bo‘lib-bo‘lib yuboriladi. Quloqning eshituv yo‘lini tozalash va yuvishda quyidagi moneliklar mavjud. Bular tashqi va o‘rta quloq yallig‘lanishlari, nog‘ora pardasining perforatsiyasi. Bu muolajadan keyin eshituv yo‘li artiladi va quruq paxta bilan yopiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |