Bolalarda o‘tkir otitlar
Bolalarda o‘tkir virusli respirator infeksiyalardan so‘ng, ko‘pincha o‘rta quloqning shamollashi natijasida o‘tkir otit boshlanadi. Bunday hollarda bola qulog‘iga isituvchi kompress qo‘yish lozim, buning uchun kamfora spirtining suv bilan teng nisbatda aralashmasidan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunday qilinganda og‘riq kamayib, bola tinchlanadi. Bolani iloji boricha zudlik bilan vrach – otorinolaringolog ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Agar muolaja o‘z vaqtida boshlanmasa, otit surunkali shakliga o‘tib ketishi mumkin. Rivojlanayotgan kasallikka eshitish a’zosining o‘zi qarshilik ko‘rsatadi. Bolalarning eshitish a’zosidagi kanallari kattalarnikiga nisbatan qing‘ir-qiyshiq bo‘ladi. Bolalarda tashqi eshituv yo‘li oxirida o‘rta quloqni yopib turuvchi nog‘ora pardasi joylashgan. Nog‘ora bo‘shliq germetik emas – eshitish yoki Yevstaxiyev nayi uni burun bo‘shlig‘i bilan birlashtiradi. Bolalarda burun bo‘shlig‘i va quloqni birlashtiruvchi Yevstaxiyev nayi keng va kalta bo‘lgani sababli mikroblar burun bo‘shlig‘idan to‘g‘ri quloqning nog‘ora bo‘-shlig‘iga kelib tushadi. Boshlang‘ich davrida kataral otit rivojlanadi, bunda quloq bo‘shlig‘ida eshitish qobiliyati pasayadi, og‘irlashadi va to‘lib qolgandek tuyuladi. Zudlik bilan oldini olinmasa kataral otit yiringlashga olib keladi. Nog‘ora bo‘shlig‘i ustki devori kalla suyagi bilan che-garadosh bo‘lib, u yerga infeksiyaning o‘tishi juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu-ning uchun nog‘ora bo‘shlig‘ini yiringdan tozalash lozim.
Nog‘ora pardadan (parasentez) yiring chiqarib yuborilishi bilan og‘riq to‘xtaydi, isitma tushadi, bolaning umumiy ahvoli yaxshilanadi. Eng asosiysi og‘ir asoratning oldi olinadi. Hosil qilingan teshikchaning o‘rni tezda bitib, eshitish qobiliyati yaxshilanadi. Ko‘p yiring yig‘ilishi natijasida quloqdan to‘q sariq-jigarrang suyuqlik ajralib chiqa boshlaydi. Bunday hollarda quloq bo‘shlig‘ini har kuni bir necha bor vodorod peroksidga ho‘llangan paxta bilan tozalash lozim, aks holda suyuqlik tashqariga chiqa olmay qotib qolishi natijasida teshik berkilib qolishi mumkin. Yiring oqishining to‘xtashi va og‘riqning yo‘qolishi bola to‘la tuzaldi degani emas. Bunday infeksiyaning o‘chog‘i bir necha oylar davomida yo‘qolmasdan, surunkali otit rivojlanishi mumkin. U bilan doimiy ravishda kurashish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |