Eslab qoling:Kesimi aniqlik maylidagi fe’llar, tasdiq yoki inkor ma’nosini bildiruvchi otlar bilan ifodalanib, biror voqea-hodisa haqida xabar bildiruvchi gaplarga darak gaplar deyiladi.
Masalan, Ana bu – bizning bog’imiz.
Yozuvda darak gaplar oxiriga nuqta qo’yiladi. Ba’zan darak gaplardagi gap bo’laklarining me’yordagi tartibi o’zgarishi mumkin. Masalan:
a) Urug’chilik instituti shahar markazidan xiyla chetda joylashgan.
b) Shahar markazidan urug’chilik instituti xiyla chetda joylashgan.
d) Xiyla chetda joylashgan urug’chilik instituti shahar markazidan uzoqda edi.
Juda muhim: Darak gaplardagi bunday uch xil gap bo’laklarining tartibi gapning umumiy mazmunini bir xil ifodalasa ham, lekin uslubiy xoslanishlik va gap bo’laklaridan birining ahamiyatlilik darajasini ifodalashga ko’ra o’zaro farqlanadi: a) va b) harflari bilan berilgan gaplar kitobiy uslubga xos ;d) harfi bilan berilgan gapda institutning qayerda joylashganligiga alohida ahamiyat berilgan.
Darak gaplar ma’lum axborotni tasdiq va inkor yo’li bilan ifodalaydi. Kesimi bo’lishsiz fe’llardan,yo’q, emas so’zlarini olgan sifatdosh va otlar bilan ifodalangan gaplar darak-inkor gaplar sanaladi.
Juda muhim: Ba’zan gapning inkor shakli orqali tasdiq ma’nosi ifodalanadi. Bunday vaqtda ikkita inkor shakl qo’llanilib,gapga tasdiq ma’nosini beradi. Masalan,o’qimay qo’ymayman.Inkor shakl orqali ifodalangan tasdiq ma’nosi tasdiq shakl orqali ifodalangan tasdiq ma’nosidan kuchliroq bo’ladi.
Darak gaplar orqali tasdiq, inkor, xabar, orzu-umid, maslahat, taajjub, tashvish, gina, kinoya ma’nolari ham ifodalananishi mumkin. Masalan: Ba’zan ayollarning o’ziga befarqligini ko’rib hayron qolasan kishi.- tashvish. Ayollarning tibbiy madaniyatini oshirish to’g’risida ham o’ylamog’imiz zarur. – maslahat.
So‘roq gaplar va ularning uslubiy xususiyatlari
So’roq gaplar so’roq ma’nosini bildirgan gaplardir.
Eslab qoling: So’roq olmoshlari,so’roq yuklamalari yoki so’roq ohangi yordamida ifodalanib, so’zlovchiga noma’lum bo’lgan voqea-hodisa haqida axborot olish maqsadidaqo’llaniluvchi gaplarga so’roq gaplar deyiladi.
So’roq olmoshlari yordamida ifodalangan so’roq gaplar so’roqqa javob bo’luvchi so’zni talab qiladi. Masalan: - Ko’chatlarga kim suv quydi? – Salim.
So’roq yuklamalari orqali ifodalangan so’roq gaplar “ha” yoki “yo’q” javoblarini talab qiladi. Ha va yo’q so’zlarini javob tarzda qo’llab, so’ngra unga izoh beriladi. Masalan:
Bu litseymi?
Ha, bu litsey.
So’roq gaplar oxiriga doimo so’roq belgisi qo’yiladi.
Ba’zan darak ma’nosini ifodalash uchun so’zlovchi darak shaklidan (qolipidan) emas, balki so’roq gap shaklidan (qolipidan) foydalanadi. Masalan: Buni kim bilmaydi?
Juda muhim: Bunday so’roq gaplar ritorik so’roq gaplar deyiladi. Ritorik so’roq gaplar javob talab qilmaydi. Javobi shu gapning o’zida bo’ladi. Badiiy tilda ,ba’zan ommaviy nutqda so’zlovchi o’z his-tuyg’ularini hayajon bilan ifoda etadi. Ritorik so’roq gaplar jumlaning ta’sirli bo’lishiga xizmat qiladi va badiiy uslubning bir turi hisoblanadi.
Bunday so’roq gap kesimi bo’lishsiz fe’llar bilan ifodalangan bo’lsa, tasdiq darak gap ma’nosini; aksincha, bo’lishli fe’llar bilan ifodalangan bo’lsa, inkor gap ma’nosini bildiradi. Masalan:
Bu daraxtni kesishga kim jur’at qiladi? (“Bu daraxtni kesishga hech kim jur’at qilolmaydi” ma’nosini bildiradi).
So’roq gap orqali ifodalangan darak ma’nosi darak gap orqali ifodalangan darak ma’nosidan kuchliroq bo’ladi.
Shuningdek, so’roq gap shakli orqali buyruq ma’nosi ham ifodalanishi mumkin. Masalan:
-Yurmaysizmi? (“yuring” ma’nosida)
So’roq gap orqali ifodalangan buyruq ma’nosi buyruq gap orqali ifodalangan buyruq ma’nosidan kuchliroq bo’ladi.
Darak ma’nosini ifodalagan so’roq gaplarga so’roq-darak gaplar, buyruq ma’nosini bildirgan so’roq gaplarga esa so’roq-buyruq gaplar deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |